Kontent qismiga oʻtish

Juvonmardlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Movarounnahr shaharlarida X asrdan boshlab yangi maʼnaviy-amaliy harakat – javonmardlik (futuvvatchilik) harakati tarqaldi. Javonmardlar asosan oddiy xalq ichidan chiqqan pahlavonlar, qiziqchilar, hunarmandlar, sipohilar va boshqalardan tashkil topgan boʻlib, ularning har birining jamoasi, pir, ustozi boʻlgan. Oddiy yigit javonmardlik tariqatiga kirish uchun pirga qoʻl berib, ustozga sidqi dildan ahdu paymon qilib, mardlik belbogʻini bogʻlamoqligi kerak boʻlgan. Barcha javonmardlar bir-biriga aka-uka, birodar boʻlishgan. Begʻaraz yaxshilik qilish, borini oʻzgalar bilan baham koʻrish, muhtojlarga ѐrdam berish, piru ustozlar nomusini pok tutish, maʼnaviy va jismoniy yetuklikka intilish, mard va oliyjanob boʻlish, mol-dunѐdan insonni ulugʻ tutish – har bir javonmard ana shu fazilatlarni oʻziga odat qilib olgan edi. Javonmardlik tariqatining tarbiyaviy taʼlimiy mohiyati nihoyatda chuqur va koʻp qirralidir. Masalan, har bir javonmard koʻzning, quloqning, tilning odoblarini, ularni nimalardan, qanday saqlash kerakligini bilgan: ota-ona, qarindoshlar, doʻstlar, oshnalar, qoʻshnilar, begonalar bilan odob shartlari nechtaligini (masalan, qoʻshnilar bilan muomala-munosabat odobi 14 ta) bilib, amal qilishi kerak boʻlgan.

Javonmardlarga yoʻlda yurish, kiyim kiyish, salom berish va salomga javob berish, taʼziyaga borish odoblari, kasb-hunar va savdo-tijorat odobi, maddohlik, gʻazalxonlik, dorifurushlik, kurash tushish, hammollik, dorbozlik, qoʻgʻirchoqbozlik, qilichbozlik, qassoblik kabi kasblarning xususiyatlari, bu kasblar egalari amal qilishi shart boʻlgan amallar barcha tafsilotlari bilan uqtirilgan. [1]