Kontent qismiga oʻtish

Kakao

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kakao (Thebroma cacao), shokolad daraxti — 1) sterkuliyadoshlar oilasi Theobroma avlodiga mansub doim yashil daraxtlar turi. Markaziy va Jan. Amerika oʻrmonlarida yovvoyi holda oʻsadi (urugʻi mayda va achchiq). Qadimdan bu daraxt Meksikada ekilgan. Yevropaga (Ispaniya) 1520-yil keltirilgan. 17-asrda Venesuelada, soʻngra Brazili-yada, 19-asr oxiri (1884-yildan) Afrikada ekila boshlagan.

Yer yuzida 11,5 mln ga kakaozorlar bor (2000). Oʻrtacha hosildorligi 6,16 s/ga; K. eng koʻp Afrikada (3,8 mln.ga), Jan.Amerikada, Osiyo (Filippin, Hindiston, Yaman, Indoneziya)da ekiladi. K. koʻp yillik doimiy yashil daraxt. Boʻyi 4–8 m ga boradi. K. oʻstirish uchun yogʻingarchilik yiliga 2—5 ming mm, doimiy qurgʻoqchilik davri 3—4 oydan oshmaydigan, oʻrtacha havo harorati 2 G dan kam boʻlmagan xududlar qulay hisoblanadi. Shunday sharoitda K.ning madaniy turi yil davomida gullaydi, meva hosil qiladi. Tinim davri juda qisqa boʻladi yoki boʻlmasligi ham mumkin. Yogʻingarchilik kam boʻlgan yillari kam hosil beradi va daraxtlar qurib qoladi. Urugʻidan, qalamchasidan payvand qilib koʻpaytiriladi. Koʻchati oʻtqazilgandan keyin 4—5-yildan hosil beradi, 10-yili toʻliq hosilga kiradi. K. mevasi (uz. 30 sm gacha) 300—600 g keladi, qar bir meva ichida 25—60 urugʻ (dukkak) boʻladi. Mevasi 4—5 oyda yetiladi. Bir daraxtdan 0,5–2 kg (12—15 s/ga) urugʻ olinadi. Urugʻi tarkibida 50—53% moy, 14,5% azotli moddalar, 1,3—1,7% teobromin alkaloidi, oshlovchi moddalar, oqsil, qand, kraxmal mavjud. Dukkagi qayta ishlashdan oldin tozalanadi, fermentlanadi, quritiladi, qovuriladi, dukkak poʻchogʻidan ajratiladi, maydalanadi va press mashinalarda moyi olinadi (qarang Kakao moyi). Oʻzbekistonda ekilmaydi, chunki tuproq-iqlim sharoiti K. biologiyasiga mos emas; 2) kakao urugʻi kunjarasidan olinadigan kukun (upa) va undan issiq va sovuq ichimlik tayyorlanadi. Kukun tarkibida 15% gacha yogʻ mavjud. Shuningdek, K. kukuni shirinlik. (krem, muzqaymoq), qiyom va b.ga qoʻshiladi.

Issiq K. ichimligi tayyorlash uchun kichik kostryulkaga 2 choy qoshigʻida kakao upasi, shakar (taʼbga koʻra), bir oz sut solib, upaning qumoqlari yoʻqolguncha eziladi. Hosil boʻlgan boʻtqaga oz-ozdan issiq sut (bir stakancha) qoʻshilib, qaynagan zahoti olovdan olinadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil