Kakku uyasi uzra parvoz (kitob)
Muallif(lar) | Ken Kesey |
---|---|
Muqova artist(lar)i | Paul Bacon[1] |
Mamlakat | AQSh |
Til | inglizcha |
Janr(lar)i | tragediya |
Nashr etilgan sanasi | 1962-yil 1-fevral[2] |
Nashriyot | Viking Press & Signet Books |
Sahifalar soni | 320 |
OCLC | 37505041 |
Kakku uyasi uzra parvoz (inglizcha: One Flew Over the Cuckoo's Nest) – amerikalik yozuvchi Ken Kesey tomonidan 1962-yilda yozilgan roman. Asar voqealari Oregon ruhiy kasalliklar shifoxonasida roʻy berib, inson ongi va institutsional jarayonlar, jumladan psixiatriyani tanqid qilish[3] va har bir insonning oʻziga xosligiga hurmat tamoyillari asosiga qurilgan. 1963-yilda ushbu asar asosida Dale Wasserman spektakl suratga olgan. Bo Goldman tomonidan adaptatsiya qilingan ssenariy asosida 1975-yilda rejissor Miloš Forman tomonidan suratga olingan shu nomdagi film 5 ta nominatsiyada Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan.
Time jurnali romanni „1923–2005-yillar oraligʻidagi ingliz tilida yozilgan eng yaxshi 100 ta roman“ roʻyxatiga kiritgan[4]. 2003-yilda ushbu asar BBCning The Big Read soʻrovnomasida Buyuk Britaniyaliklarning „eng sevimli romanlari“ top 200 taligiga kiritilgan[5].
Mazmuni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Roman voqealari ruhiy kasalliklar shifoxonasida boʻlib oʻtadi. Asar voqealari kasallardan biri, hindular sardori Bromden tilidan soʻzlab beriladi. Sardor oʻzini kar-soqovga solib yuradi. Asarning asosiy qahramonlaridan biri erkinlikni istovchi va kasalxonaga qamoqxonadan koʻchirilgan Randle Patrick McMurphy ismli shaxsdir. Asarning asosiy voqealari aynan McMurphy bilan chambarchars bogʻliqdir.
Asarning yana bir qahramonlaridan biri hamshira Mildred Retched hisoblanadi. Oʻrta yoshli ushbu hamshira kasallar va xodimlar ustidan kasalxonada hukmronlik qiladi. McMurphy hamshira Retchedning ushbu tizimiga qarshi chiqadi, qolgan kasallarni hayotdan zavqlanishga chorlaydi va bu bilan kasalxonada kattagina hurmatga sazovor boʻladi. U qolgan kasallar bilan garov oʻynaydi, karta oʻyinlari tashkil qiladi, hattoki televizor orqali beysbol oʻyinlari translyatsiyasini yoʻlga qoʻyishga harakat qiladi. Sardorning ovozi hal qiluvchi rolni oʻynagan ovoz berish natijalariga qaramay hamshira Retched televizorni tarmoqdan uzib qoʻyadi va koʻrishni man qiladi. Bunga javoban esa kasallar oʻz joylaridan jilmay huddi televizor tomosha qilib oʻtirishganday qolaveradi. Ushbu holatdan soʻng hamshira Retched oʻzini qoʻlga ololmay qoladi.
Keyinchalik McMurphy shifoxonada oʻz xohishiga qarshi ushlab turilgan kam sonli insonlardan biri ekanligini va hamshira Retched uning kasalxonada qancha turishini oʻzi belgilashini bilib qoladi. Shundan soʻng bosh qahramonimiz hamshira Retchedga qarshi chiqishlar qilmay qoʻyadi va yarashib olishga harakat qiladi. Lekin koʻp oʻtmay McMurphy yana qayta janjal boshlaydi. Biroz vaqtdan soʻng esa sardorni ham qoʻshib hisoblaganda 10 kishi bilan daryoga baliq oviga boradi. Baliq ovi haqiqatdan uning ishtirokchilari uchun kasalxona tashqarisida kechgan eng baxtli kunga aylanadi. McMurphyning shunga oʻxshash boshqa chiqishlaridan soʻng uni lobotomiyaga joʻnatishadi. U yerdan esa McMurphy tirik murda holida qaytadi (miya faoliyatiga juda katta shikast yetkaziladi). Bu vaqtga kelib McMurphyning taʼsiri tufayli kuchli va qoʻrqmas, oʻzida jasurlikni uygʻota olgan va hayotdagi oʻzining qoʻrquvlarini yenga olgan bemorlar birin-ketin kasalxonani tark eta boshlashgan edi. Asar yakunida sardor oʻz doʻsti McMurphyni qay holatga olib kelganlarini koʻrib chiday olmaganidan uni yostiq bilan boʻgʻib oʻldiradi va derazani sindirib kasalxonadan qochib ketadi.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Kakku uyasi uzra parvoz
- „Thalavattam“ – roman asosida suratga olingan hind filmi
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „The Covers of Paul Bacon“. tumblr.com. 2015-yil 1-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 15-iyun.
- ↑ Strodder, Chris. The Encyclopedia of Sixties Cool. Santa Monica Press, 2007 — 26-bet. ISBN 9781595809865.
- ↑ "We Are Still Flying Over the Cuckoo's Nest". Psychiatric Times. Vol 31 No 7 31 (7). July 2014. https://www.psychiatrictimes.com/view/we-are-still-flying-over-cuckoos-nest. Qaraldi: 2020-10-09.Kakku uyasi uzra parvoz (kitob)]]
- ↑ „Time 100 Best English-language Novels from 1923 to 2005“. Time. October 16, 2005. October 19, 2005da asl nusxadan arxivlandi.
- ↑ „BBC – The Big Read“. BBC. April 2003, Retrieved August 23, 2017