Kontent qismiga oʻtish

Kapital

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kapital (lotincha: capitalis — bosh, asosiy), sarmoya — keng ma'noda — o'z egasiga daromad keltirish xususiyatiga ega boʻlgan jami vositalar va mablag'lar; yangi qiymat keltiruvchi, o'zini o'zi koʻpaytiruvchi qiymat. Tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish uchun kishilar tomonidan yaratilgan resurslar; tor ma'noda — ishlab chiqarish vositalari ko'rinishidagi ishga qo'yilgan, ishlab turgan daromad manbai (ashyoviy kapital). Kapitalning paydo bo'lishiga tovar ishlab chiqarish, tovar muomalasi dastlabki shart hisoblanadi. Bozorda o'ziga xos, alohida tovar — ish kuchining paydo bo'lishi bilan oddiy tovar ishlab chiqarish kapitalistik ishlab chiqarishga aylanadi, tovar ishlab chiqarishning shu davrida tovar muomalasidagi pul kapitaliga aylanadi. Kapital koʻp sikllar davomida ishlab chiqarishda ishtirok etadigan asosiy kapital va bir sikl davomida ishtirok etadigan va to'liq sarflanadigan aylanma kapitalga bo'linadi. Pul kapitali (sarmoya) — ashyoviy kapital sotib olish uchun sarflanadigan pul vositalarini ifoda etadi, ya'ni pul kapitalga aylanishi uchun ishlab chiqarishga avanslanadi. Iqtisodiy nazariyada kapital ishlab chiqarish omillaridan biri tarzida izohlanadi. Qiymatning koʻpayishi inson mehnati (ish kuchi) va ishlab chiqarish vositalari (xom ashyo, mashina, stanoklar) birlashganda, ya'ni ishlab chiqarish sharoitida yuz beradi. Kapital sanoat kapitali, savdo kapitali, ssuda kapitali, sudxoʻrlik kapitali (tarixiy) shakllarida faoliyat ko'rsatadi. Rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitlarida kapitalning korxona, firma, banklar kapitali, turli aksiyadorlik jamiyatlariga tegishli aksiyadorlik kapitali, zahira kapitali, ustav kapital singari ko'rinishlari mavjud. Tadbirkor jismoniy shaxslarga tegishli kapital dastmoya deyiladi va har gal tovar olib sotishda ishlatiladi[1].