Kontent qismiga oʻtish

Karmana (maskan)

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Karmana, Karmina (asli sugʻdiycha Harmana — katta saroy) — aholi yashaydigan qad. maskanlardan biri. Navoiy viloyatida joylashgan. Viloyat hududida oʻtkazilgan arxeologik tadqiqotlar va kuzatishlarning natijalaridan maʼlum boʻlishicha, Zarafshon vodiysining daryo, bir qismi adirlik va dashtlik yerlarini kesib oʻtgan oʻrta qismida joylashgan keng bu hududda aholi oʻrta tosh davrining mustye (miloddan avvalgi 150—40 ming yilliklar) bosqichidan boshlab yashab keladi. Bunga misol tariqasida Kalqonota qishlogʻi yaqinida, Uchtut mavzeida, topib tekshirilgan mustye davri tosh qurollari yasash ustaxonasi va ibtidoiy odamlar makoni hamda neolit davri (miloddan avvalgi 5—3 ming yilliklar)da chaqmoqtosh boʻlaklari kavlab olingan. Eng qad. kon — "Uchtut shaxtasi" (ustaxonasi)ning oʻrni va lahmlari (tunnel qoldiklari); shuningdek, Sarmishsoy va Biyronsoy boʻylab jez (bronza) davridan boshlab to ilk oʻrta asrlargacha oʻtgan uzoq ming yilliklar mobaynida kad. ovchi va podachilarning qoyalarga oʻyib tushirgan turli mazmundagi tasvirlari hamda ov manzaralari kabi noyob osori-atiqalarni sanab oʻtish mumkin. Qalqonota va Konimex atroflarida kayd etilib, tadqiq etilgan miloddan avvalgi 6—4 va milodiy 1 — 5-asrlarga mansub moddiy madaniyat obidalari, Qumrabod, Arabon va Chordara kabi qad. qishloq harobalari, shuningdek, Shodibek, Shoʻrovul va Qalqonota mozor qoʻrgʻonlaridan topilgan arxeologik topilmalarga Karaganda, qariyb ming yillikni qamragan bu davrda K. hududida, xususan, daryoning oʻng tomonida joylashgan uning shim. qismida oʻtroq dehqonchilik hayoti ancha gavjum boʻlgan.

Ammo K. hududining qad. tarixi, ayniqsa, bu koʻhna maskanda dehqonchilik va chorvachilik yoki hunarmandchilik kabi kasb va xoʻjaliklarning yuzaga kelishi va taraqqiyoti, shaharsozlik madaniyatining shakllanishi tarixiga oid moddiy-madaniyat obidalari bizning davrimizgacha yetib kelmagan. Yozma manbalarda keltirilgan bor maʼlumotlar esa, asosan, keyingi davrlarga — oʻrta asrlarga mansubdir. Buning ustiga ular gʻoyatda qisqa va uzuq-yulukdir.

10-asr Buxoro tarixchisi Muhammad Narshaxiyning taʼrificha, "Karmina Buxoro qishloqlari jumlasidan boʻlib, uning suvi Buxoro suvidan keladi; xiroji Buxoro xirojiga qoʻshiladi. Uning oʻziga tegishli alohida bir qishloq ham bor: unda masjidi jome barpo etilgan". Buxoro vohasining sugʻorma dehqonchilik yerlari K. hududidan boshlangan. Narshaxiyning taʼrificha, vohaning Zarafshon daryosidan bosh olgan sugʻorish tarmoqlaridan dastlabkisi Karmina anhori hisoblangan. Uni Narshaxiy katta anhor deb yozadi. 9—10-asrlarda Buxoroning dehqonchilik yerlaridan toʻplanadigan xiroj soligʻidan tushgan har yilgi daromad K. yerlarini qoʻshib hisoblaganda, "bir million bir yuz oltmish sakkiz ming besh yuz oltmish olti diramu besh yarim donakni tashkil etgan". Keyinchalik K.ning xiroji Buxoro xirojidan ajratilib alohida olingan.

Bu maʼlumotlardan maʼlum boʻlishicha, K. Buxoro vohasining dehqonchilik rustoq(tuman)lari qatoridan joy olgan. U Zarafshon daryosidan chiqarilgan alohida kanal orqali sugʻorilgan. K. rustogʻi ilk oʻrta asrlarda Buxoro vohasining 15 ta dehqonchilik rustoklarini oʻrab oʻtgan qad. mudofaa inshooti — Kanpirak devoridan tashqarida joylashgan. Oʻrta asr yozma manbalarida bu tashqi rustoq K., baʼzan esa Yasir nomlari bilan tilga olinadi. Rustoqning markazi ham K. nomi ostida shuxrat topgan. Narshaxiyning maʼlumoti boʻyicha, Buxoro bilan K. oraligʻi 14 farsang (98–112 km) uzunlikka ega boʻlgan. 12-asr muallifi Muhammad as-Samʼoniy bu masofani 18 farsax (120–144 km)gateng boʻlgan deb yozadi. K. rustogʻi hududidan oqib oʻtgan Zarafshon daryosining har ikki soqillari boʻylab Arfud yoki Varqud, Mizyamajkas, Haromkas yoki Zargonkas va Harjankas hamda Xudimankan kabi katta-kichik shahar va qishloqlar joylashgan. Aholi yashagan bu qad. turar joy orasida eng gavjumi K. shahari hisoblanib, unda adiblar va shoirlar koʻp boʻlgan.

12-asrda K. shahri xorazmshoh Elarslon (1156-1172) tomonidan vayron qilingan. Keyinchalik u qayta tiklanib, 15-asrda yana yirik shaharga aylangan.

Soʻnggi oʻrta asrlarda, xususan, Buxoro amirligida mangʻitlar sulolasi hukmronlik qilgan davrda (1753 — 1920) K. viloyati alohida imtiyozli beklikka ajratilib, u Buxoro amirining valiahdi tomonidan boshqarilgan. Jumladan, Amir Abdulahad va Sayd Olimxonlarning qarorgohlari K. shahrida boʻlgan. Hatto Abdulahad vafotidan soʻng, mayyit Buxorodan olib kelinib, K.da dafn etilgan.

Shoʻrolar davrida K. Buxoro viloyatidagi shahar — Navoiy rayonining maʼmuriy markazi boʻlgan. Keyinchalik Navoiy viloyati tashkil etilishi va Navoiy shahrining kengayishi munosabati bilan unga qoʻshilib ketgan. Meʼmoriy yodgorliklardan Mir Sayd Bahrom maqbarasi (P-a:) va Qosim Shayx xonaqosi (16-asr) Raboti Malik harobasi saqlangan.