Kontent qismiga oʻtish

Karptishlisimonlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Cyprinodon Eximius turidagi baliq.

Karptishlisimonlar (lotincha: Cyprino-dontiformes) — suyakli baliqlar turkumi. Amerika, Afrika, Janubiy Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyodagi chuchuk suvlarda tarqalgan 400 ga yaqin tur kiradi. Tanasi silindrsimon, oldingi qismi yon tomondan siqilgan va suyak tangalar bilan qoplangan. Koʻpchilik turlari suvning yuqori qatlamlarida yashaydi; ogʻzi yuqoriga qaragan; suzguchlari yumshoq. Yelka suzgichi bitta, tishlari rivojlangan. Koʻllar va sekin oqadigan suv havzalarida yashaydigan turlari bezgak chivinining suvdagi qurtlari bilan oziqlanadi. Koʻpchilik turlari uvildiroq tashlab koʻpayadi; 4 turi, jumladan Oʻzbekiston suv havzalarida uchraydigan gumbuziya tirik tugʻadi. Keng tarqalgan oilalardan biri karptishlilar.

Bu oiladan fundulus, karptish, guppilar va lukani akvariumda boqiladi. Lukani harorati 40° ga yaqin boʻlgan issiq suvli buloqlarda yashaydi. Afrikada qurgʻoqchilik fasllarida kichikroq suv xavzalaridagi toʻnkalar ostida yashaydigan notobranx, afiosomion baliqlari halok boʻladi, ammo ular qoʻygan uvildiriqlar saqlanib qolib, yomgʻirdan soʻng tez rivojlana boshlaydi. 2–3 oy oʻtgach baliqchalar voyaga yetib, yana uvildiriq tashlaydi. Karptishlisimonlar sanoat ahamiyatiga ega emas[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil