Kontent qismiga oʻtish

Kasbga aloqador zararlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kasbga aloqador zararlar, ishlab chiqarish zararlari — odamning salomatligi va mehnat qobiliyatiga bevosita va bilvosita salbiy taʼsir koʻrsatadigan mehnat jarayoni va i. ch. omillari. K.a.z. maʼlum sharoitlarda kasb kasalliklarini paydo qilishi va umumiy kasalliklarni zoʻraytirib yuborishi mumkin. K.a.z. yangi texnologiyaning , baʼzan toksik va organizmning sezuvchanligini oʻzgartiradigan allergik xossaga ega moddalarning qoʻllanishi, shuningdek, xom ashyolarning yangi turini sanitariya-gigiyenik jihatdan yaxshi bilmaslik hamda texnik vositalarning maʼlum darajada takomillashmaganligi yoki texnologik rejimning va sanitariyatexnologiya normativlarining buzilishi natijasi boʻlishi mumkin.

I.ch. texnologiyasi va jihozlarining nomukammalligiga bogʻliq K.a.z. ga chang , shovkin, vibratsiya, temperaturaning yuqori yoki pastligi, yorugʻlikning yetishmasligi, havo nisbiy namligining yuqoriligi, atmosfera bosimining yuqori yoki pastligi, zaharli va radioaktiv moddalar, qishloq xoʻjaligida ishlatiladigan pestitsidlar, plastmassalar i.ch.da qoʻllaniladigan reaktorlar, monomerlar, ionlashtiruvchi va ultrabinafsha nurlar, elektromagnit toʻlqini, mikroorganizmlar va b. kiradi. K.a.z. mehnat jarayoniga, uning tashkil qilinishiga, mehnatning ogʻirligi va davomligiga, biror aʼzoning yoki sistemasining haddan ortiq toliqishiga, transport harakati va konveyerda hadeb bir xildagi ishni bajarish tufayli koʻz va quloqqa zoʻr kelishiga, oʻtirib yoki turib ishlaydigan odamlarning uzoq vaqt davomida bir xil vaziyatda turishiga bogʻliq boʻlishi mumkin.

K.a.z. mehnat qobiliyatining pasayishiga, oʻtkir va surunkali zaharlanishniit avj olishiga, umumiy kasalliklarning koʻpayishiga, uzoq muddat oʻtgandan keyin paydo boʻladigan yomon asoratlarga sabab boʻlishi mumkin. K.a.z. organizmga teri, ogʻiz, meʼda-ichak yoʻllari, shilliq qavatlar, eshitish aʼzolari, nafas orqali, shuningdek, nur holida taʼsir etishi mumkin. Avtomatizatsiya va mexanizatsiya sohasida erishilgan ilmiy texnika yutuqlarining hayotga tatbiq qilinishi i. ch.da K.a.z.ni bartaraf etish yoki xavfsiz darajada kamaytirish imkonini beradi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil