Kontent qismiga oʻtish

Kavitatsiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Kavitatsiya (lot. cavitas — boʻshliq)— suyuqlik ichida gaz, bugʻ yoki ularning aralashmasi bilan toʻlgan boʻshliq (kavitatsiya pufakchalari) hosil boʻlish hodisasi. Tez oqayotgan suyuklikda bosimning maʼlum kritik qiymatgacha kamayishi (gidrodinamik K.) natijasida yoki suyuqlikda akustik toʻlqinlarning oʻtishi (akustik K.) natijasida sodir boʻladi. Suyuqlikdagi gaz va bug pufakchalari cheksiz ortib boradi va katta "kavitatsiya pufakchalari"ga aylanadi. Pufakchalar suyuqlikda gaz erishi tufayli hosil boʻlib, bosim kritik bosimdan yuqori bosim sohasigacha yetganda kamaya boradi va yoʻqoladi. Natijada suyuqlik aylanib oʻtayotgan jism yaqinida pufakchalar bilan toʻlgan chegara — "kavitatsiya zonasi" hosil boʻladi. Zona chegarasida pufakchalar juda tez kamayib boradi va gidravlik zarba vujudga keladi. Bunday zarbalarning qoʻshilishi natijasida hamma vakt K. bilan birga gʻuvullayotgan ovoz chiqadi.

K. gidroinshootlar va qurilmalar, suv turbinalari, suyuklik nasoslari, turbovintlar, baland uchadigan samolyotlarning suyuq tizimlari va b.ga zararli taʼsir koʻrsatadi, f.i.k. ni kamaytiradi, inshootlarni portlatib yuborishi ham mumkin. K.ni yoʻqotish uchun suyuqlik harakati sekinlashtiriladi, gidrostatik bosim oshiriladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil