Kontent qismiga oʻtish

Sutka

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Kecha-Kunduzdan yoʻnaltirildi)

SutkaYerning oʻz oʻqi atrofida 1 marta aylanish davriga teng boʻlgan vaqt oʻlchov birligi.

Sutka quyosh sutkasi (24 soat) va yulduz sutkasi (23 soat 56 minut 4 sekund) kabi turlarga ajratiladi.

Hayotda koʻpincha sutka kun deb ham yuritiladi.

Bir sutka 24 soat(1440 minut, 86400 sekund)dan iborat. Sutka kunduz va tun, ertalab va kechqurundan tashkil topgan.

Kecha-kunduz, sutka-24 soatga teng vaqt oʻlchov birligi. Yerning yulduzlarga nisbatan bir marta aylanib chiqish davri Yulduz sutkasiga va Quyoshga nisbatan aylanish davri Quyosh sutkasiga bulinadi. Yulduz sutkasi uzunligi bahorgi tengkunlik nuqtasidan ikkita ketma-ket yuqori (yoki pastki) kulminatsiyalari orasidagi vaqtga teng. Yulduz sutkasi haqiqiy (pretsessiya va nutatsiya hisobga olinsa) va oʻrtacha (faqat pretsessiya hisobga olinsa) yulduz sutkalariga ajraladi. Bahorgi tengkunlik sutkasi nuqtasining pretsession harakati taʼsirida oʻrtacha yulduz sutkasi Yerning oʻz oʻqi atrofida haqiqiy aylanish davridan 0,0084 sekundga qisqa. Nutatsiya taʼsirida haqiqiy yulduz sutkasining uzunligi oʻzgarib turadi. Quyosh bir sutka davomida osmon sferasida 1° sharqqa tomon siljiydi. Shu sababli, yulduz sutkasi bilan amalda vaqtni oʻlchash noqulay boʻlib, u kun va tunning almashinishi bilan toʻgʻri kelmaydi. Shuning uchun Quyosh sutkasida uning ikkala ketma-ket pastki (yarim tun) kulminatsiyasi oraligʻidagi vaqt olinadi. Quyosh sutkasi ham haqiqiy va oʻrtacha Quyosh sutkalariga boʻlinadi. Quyosh sutkasining uzunligi esa yarim tun (haqiqiy Quyosh sutkasida haqiqiy Quyoshning pastki kulminatsiyasi; oʻrtacha Quyosh sutkasida esa Quyoshning soxta pastki kulminatsiyasi) dan boshlab hisoblanadi. Yer orbitasining ellipssimonligi va ekvatorning ekliptikaga ogʻishganligi tufayli haqiqiy Quyosh sutkasi ham doimiy emas va yil davomida 24 soat 3 min 36 s (sentabr oʻrtalarida) dan 24 soat 4 min 27 s (dekabr oxirida) gacha oʻzgarib turadi. Shuning uchun Quyoshning ekvator buyicha yil davomida doimiy burchak tezlik bilan harakat qiluvchi oʻrtacha Quyosh sutkasi (24 soat 3 min 56,55536 s yulduz sutkasi) olinadi. Tropik yil 366,2422 yulduz sutkasi yoki 365,2422 Quyosh sutkasidan iborat.[1]

Shuningdek, qarang:

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil