Kontent qismiga oʻtish

Kelime muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kelime muzeyi
Umumiy maʼlumot
Manzili Ulus, Altındağ, Anqara
Mamlakat Turkiya bayrogʻi Turkiya
Mijoz Şermin Yaşar
Balandligi
Tip Til muzeyi
Kelime muzeyi

Kelime muzeyi (Turk tilida: Kelime Müzesi; tarjimasi: Soʻz muzeyi) — Anqarada tashkil etilgan til muzeyidir. Muzey yozuvchi Şermin Yaşar tomonidan bolalar va yoshlarga turk tilidagi soʻzlar, maqol va iboralarning maʼnosini oʻrgatish maqsadida tashkil etilgan. Muzey ochilishi 2022-yil 26 sentyabr kuni Turkiyada nishonlanib kelinadigan Til kuni munosabati bilan amalga oshirilgan. Muzey Altındağ tumanidagi Anqara Qalʼasi yonidagi Anadolu sivilizatsiyalari muzeyi roʻparasida joylashgan. Muzeyda: sanʼat, vizual dizayn, shuningdek, hissiyotlar bilan bogʻliq koʻrgazmalar va installyatsiyalar mavjud. Pastki qavatda soʻzning ildizlari, kirish qismida soʻzlar va yuqori qavatda jumlalar bilan bogʻliq dekoratsiyalar jamlanmasi oʻrnatilgan. Muzeyga Mustafa Kemal Atatürkning digital haykali hamda portreti ham qoʻyilgan[1].

Mashhur turk tarixchisi Ilber Ortaylı insonlarni muzeyga borishga daʼvat etib, quyidagi fikrlarni aytib oʻtgan:

Ota-onalar, bolalaringiz oʻqishni oʻrganmayotganiga xafa boʻlmanglar, ayb sizlarda emas, aksincha Milliy taʼlim vazirligidadir. Harflarni oʻqish, yozishni oʻrgatish uchun gʻalati bir tizim yaratilgan va bu bir necha yillardan buyon davom etib kelyapti. Bu ishni qilganlar Turk tilini bilmaydilar. Turk tilini bilish hamda alifbosini qadrlash uchun til, tarix va madaniyat borasida chuqur bilim sohibi boʻlish kerak[2].

Muzey faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muzeyning eng pastki qavatida soʻzlarning ildizlari, kirish qismida soʻzlar, eng yuqori qavatda esa jumlalardan tashkil etilgan dekoratsiyalar qoʻyilgan. Muzey kirish qismi va birinchi qavatini bogʻlovchi zinalarning orasida turkcha, uygʻurcha, koʻk turk va arab harflaridan iborat oynalar va qandil mavjud. Koʻplab sanʼatkorlarning rasm va installyatsiyalari tayyorlangan bu muzeyda eronlik sanʼat ustasi tomonidan Mustafa Kemal Atatürkning suratlaridan tayyorlangan digital haykali oʻrnatilgan.

Muzeyga kirish davomida mehmonlar „Hoş geldiniz“, „Sefalar getirdiniz“, „Ne iyi ettiniz de geldiniz“, „Aman efendim gözümüz yollarda kaldı“, „Hangi rüzgar attı sizi buraya?“, „Nerelerdeydiniz?“ soʻzlari bilan kutib olinar ekan, chiqish qismida „Hoşça kalın“, „Allah’a ısmarladık“, „Yine bekleriz“, „Yolunuz açık olsun“, „Arayı açmayalım“, „Özletmeyin kendinizi“ soʻzlari bilan kuzatib qoʻyiladi.

Kelime muzeyi bozor kunlaridan tashqari soat 10:00 bilan 17:00 vaqtlari orasida ommaga ochiq boʻladi.

  1. „Türkiye'nin ilk "Kelime Müzesi" ziyaretçilerini bekliyor“. 26 eylül 2022da asl nusxadan arxivlangan.
  2. „Türkiye'nin ilk 'Kelime Müzesi' açıldı“ (tr). www.ntv.com.tr. Qaraldi: 2023-yil 8-avgust.