Kontent qismiga oʻtish

Kesh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kesh (arab, manbalarida Kashsh, Kass, Kise) — tarixiy shahar va viloyat. Hozirgi Qashqadaryo viloyatining shimoliy-sharqiy qismini egallagan. Dastlab Kesh hozirgi Kitob oʻrnida boʻlgan, keyin 9—10-asrlarda Shahrisabz hududiga koʻchgan. Kesh nomining xitoycha transkripsiyasi 1-marta 7-asrga oid xitoy yozma manbalarida Syuysha shaklida uchraydi. Uning sugʻd tilidagi nomi esa 7-asr oxiri — 8-asr boshlarida hukmdorlik qilgan Kesh hokimi Axurpat tangalarida hamda 8-asr oʻrtalarida Keshni idora qilgan hokim Ixshidning dastlabki arabcha fale (tanga)larida ilk bor zikr etilgan. "Kesh" atamasining kelib chiqishi Qashqa-Qashqrud nomi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Boshqa bir fikrga koʻra (A.Muhammadjonov), "Kesh" toponimining maʼnosi ilk bor — uy, qishloq, shahar, poytaxt, viloyat, el-yurt, diyor, hatto "Kishvar" shaklida esa mamlakat va Vatan kabi maʼnolarni anglatgan. Xitoy yozma manbalarida qayd etilishicha, hokim Digja (Dichje) (6-asr oxiri — 7-asr boshlari) Keshga asos solgan boʻlib, oʻsha vaqtda shahar aylanasi 1 km ga yetgan. Arab tarixchisi Yaʼqubiyning yozishicha, Kesh milodiy 7-asr oʻrtalarida yuksalib, Sugʻdning bosh shahriga aylangan. Kesh bu davrda hunarmandchilik, savdo-sotiq, madaniyat yuksak rivojlangan shaharga aylanib ark, ichki va tashqi shahardan iborat boʻlgan. Ichki shahar mudofaa devori va 4 darvozaga ega edi. 6-asrda arkning gʻarbiy qismida shahar hokimi Digja tomonidan yangi qarorgohga asos solingan. 7-asr oxiri — 8-asrning 1-yarmida Keshni arablar bir necha bor fath etgan. 751 yilda Kesh hukmdori Ixrid Xuroson noibi Abu Muslim buyrugʻi bilan qatl qilingan boʻlib, at-Tabariyning guvohlik berishicha, arablar Keshda katta oʻljani qoʻlga kiritganlar. 775-776 yillarda Kesh viloyati Muqanna qoʻzgʻoloninmng asosiy markazlaridan biri boʻlgan. Somoniylar davrida Kesh hududi eni va boʻyiga 1/3 farsax (2 km ga yaqin) maydonini tashkil etgan. Bu vaqtda aholi Keshning koʻhandiz va madinasini tark etgan boʻlib, hayot faqat uning rabodida davom etayotgandi. Astasekin aholi rabodni ham tark etib, hozirgi Shahrisabz oʻrnida yangi shaharga asos solgan. Arxeologik tekshiruvlar Kitob oʻrnidagi Keshning aynan shu vaqtda barham topganligini isbotladi. Keshning bundan keyingi tarixi Shahrisabz bilan bogʻliq boʻlib, bu nom 14-asr da xalq ongiga uzil-kesil oʻrnashgan. Shunday boʻlsada, shaharning qadimiy nomi talay vaqt uning yangi nomi bilan bir qatorda aytilib yurgan.

Shaharda ilm-maʼrifat rivoj topishi oqibatida "Koshiy, Keshiy" taxallusi bilan mashhur olim-fozillar yetishib chiqqanligi tufayli Kesh shahri "Qubbat ul-ilm val adab", yaʼni "Ilm va taʼlim gumbazi" degan sifat bilan shuhrat topgan.

  • Bartold V.V., Sochineniya, t.Z, M., 1965; Kamaliddinov Sh.S., Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX - nachala XIII vv., T., 1996; Krasheninnikova N.I., Proshloye Kitaba, Sb.: "Vexi vremyon", T., 1989; Ravshanov P., Qashqadaryo tarixi, T., 1995; Sagdullayev A.S, Iz istorii drevnego Kesha, Sb. "Vexi vremyon", T., 1989; Qadimgi KeshShahrisabz tarixidan lavhalar, T., 1998.

Anatoliy Sadullayev, Oʻktam Mavlonov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil