Klavikord

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Klavikord


Klavikord (lotincha: clavis ― „kalit“ va qadimgi yunoncha: χορδή — „tor“) ― klaviaturali torli zarbli-qisqichli musiqa asbobi, hammerklavir va zamonaviy pianinoning ajdodlaridan biri.

Klavikord eng qadimgi klavishli asboblardan biri boʻlib, qadimgi monoxorddan olingan. Klavikordning ixtiro qilingan sanasi nomaʼlum. Birinchi marta „klavikord“ nomi 1396 yilgi hujjatlarda tilga olingan va saqlanib qolgan eng qadimgi asbob 1543-yilda Pizalik Domenik tomonidan yasalgan (lotincha: Domenicus Pisaurensis) boʻlib, hozir Leyptsig musiqa asboblari muzeyida saqlanadi.

Klavikorddagi tovush tekis kallakli metall shtiftlar ― tangentalar yordamida chiqariladi. Klavikordda chalish uchun xos ijro usuli bebung boʻlib, boshqa klaviatura asboblarida chalib boʻlmaydigan „klavishli vibrato“ turidir. Bitta tordan tovush juda past chiqadi, shu sababli tovushni kuchaytirish maqsadida har bir tovush uchun torlarni ikkilashtirish va uchlashtirish qoʻllanilgan, bu usul oʻzgartirmasdan pianinoda qoʻllaniladi. Vaqt oʻtishi bilan klavikord diapazoni oʻzgarib turdi: dastlab u ikki yarim oktava boʻlgan, XVI-asr oʻrtalaridan boshlab u toʻrttaga koʻtarilgan, keyinchalik esa besh oktavaga teng boʻlgan. Baʼzan pastki oktava qisqartirilgan, yaʼni qisman diatonik boʻlgan.

Mexanika klavikorda
Klavikord mexanikasi: (A/B) klavishlar; (1A/1B) tangentalar (metall); (2A/2B) tutqichlar; (3) tor (aniqrogʻi, tangenta urilayotganda uning tovushli qismi); (4) rezonansli deka; (5) sozlovchi quloq; (6) dempfer

Klavikordning ikkita turi mavjud: mustaqil ― har bir klavishga alohida tor toʻgʻri keluvchi toʻliq torlar toʻplamiga ega va nomustaqil ― tangentalar bir nechta, koʻpincha, ikki yo uchta boʻlib, klavish bitta torning turli joylariga zarb beruvchi qisqartirilgan torlar toʻplamiga ega. Nomustaqil klavikord qurilmasi torlar sonini sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi, ammo bunda tegishli notalarni bir vaqtning oʻzida ijro etishning iloji boʻlmaydi. Klavikordlar, asosan, uyda musiqa chalish uchun ishlatilgan, ammo organistlar tomonidan amaliyotda ishlatilgan bir nechta qoʻlda chalinuvchi va tepkili turlari ham boʻlgan[1]. Klavikordning oʻlchami turi va diapazoniga qarab, kitob shaklidagi kichik sozdan tortib, korpusi 1,5 metrli anchagina katta sozlargacha boʻladi.

Klavikord musiqasi XVII—XVIII-asrlarda oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqdi va XIX-asr boshlarida fortepiano uni tamom siqib chiqardi. Klavikord uchun I. S. Bax, uning oʻgʻli K. F. E. Bax, V. A. Motsart va hatto, L. van Betxoven kabi buyuk bastakorlar tomonidan asarlar yaratilgan.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Клавикорд и клавесин.
    Этот шаблон использует устаревший параметр «название». Пожалуйста, отредактируйте эту статью, заменив «название» на «заглавие».

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Зимин П. Н.. История фортепиано и его предшественников, М., 1968.