Kontent qismiga oʻtish

Koʻk-yashil suvoʻtlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Koʻk-yashil suvoʻtlar (Cyanophyta) — suvoʻtlar boʻlimi. Hujayrasi yadrosiz. Tuzilishi, tarkibi va genetik xususiyatlariga koʻra prokariodlarga kiradi. Shuning uchun ular sianobakteriyalar ham deyiladi. Prokariotlar bakteriyalar va sianofitlarga ajratiladi. Koʻk-yashil suvoʻtlar bakteriyalarga nisbatan ancha murakkab tuzilgan; suvoʻtlarga xos pigmentlari boʻladi. Filogenetik jihatdan eng qadimgi sodda tuzilgan oʻsimlik hisoblanadi. Koʻk-yashil suvoʻtlar hujayralari fotosintez qiluvchi organoidlar boʻlib, ularda karotinoidlar va qizil suvoʻtlardagi singari maxsus pigment — fikobiliproteidlar boʻladi. Rangi koʻk-yashil va qizgʻish, bir hujayrali va koʻp qujayrali ipsimon mikroskopik organizmlar; koʻpincha, uzunligi 20 sm boʻladi. Sporalar, akinetalar va iplarning boʻlaqlari orqali koʻpayadi. 3 ta sinfi (hamesifonsimon suvoʻtlar, gormogonsimon suvoʻtlar) mavjud. Yer yuzida keng tarqalgan. 2000 dan ortiqturi maʼlum. Oʻrta Osiyo suv havzalarida ossillatoriya, formidium, lingbiya turkumlariga mansub turlar uchraydi.

Koʻk-yashil suvoʻtlar suv va quruqlik muhitining turli xil sharoitida oʻsadi. Koʻpchilik turlari havodagi erkin azotni oʻzlashtirish xususiyatiga ega. Koʻk-yashil suvoʻtlar chuchuk suv va dengiz planktoni hamda bentosi tarkibiga kiradi, tuproq yuzasida, harorati 80° gacha boʻlgan qaynoq suvli buloqlarda, bir qancha turlari ohaktosh konlarida oʻsadi. Ular, koʻpincha, boshqa organizmlar: xlorofilni yoʻqotgan bir hujayrali hayvonlar, zamburugʻlar (lishayniklar tanasida), yoʻsinlar, qirqquloqlar, sagovniklar, gulli oʻsimliklar bilan simbiotik munosabatga kirishadi (qarang Simbioz). Havodagi erkin azotni oʻzlashtirib, tuproq unumdorligini oshiradi. Koʻpincha suv havzalarining „gullashi“ga sabab boʻladi. Ayrim turlari (nostok, spiruliva) isteʼmol qilinadi. Yem-xashak va oziq-ovqat oqsili olish maqsadida koʻk-yashil suvoʻtlarni sanoat miqyosida koʻpaytirish ustida ish olib borilmokda.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil