Koʻmak
Turi | Fond |
---|---|
Maqomi | Nodavlat notijorat tashkiloti |
Ishga tushgan sanasi | 1922-yil 2-may |
Joylashuvi | Manzilsiz |
Hududiy xizmati | Oʻzbekiston |
Rais | Salimxon Tillaxonov |
Bosh mahkamasi | Tashkilot yigʻini |
Aʼzolari | 10 kishidan iborat |
Til(lar)i | Oʻzbek |
“Koʻmak” tashkiloti – XX asr boshlarida turkistonlik yoshlarning xorijda tahsil olishiga koʻmaklashish, mahalliy maktablarda, madrasalarda tahsil olayotgan yoshlarni xorijdagi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga joʻnatish, ichki Rossiyada tahsil olayotgan yoshlarga yordamlashish maqsadida jadid taraqqiyparvarlari tomonidan tashkil etilgan.
Tashkilot haqida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tashkilotning yuzaga kelishi xususida Salimxon Tillaxonov Turkiston gazetasining 1923-yil 29-iyuldagi sonida quyidagicha izohlaydi: “Toshkent dorulfununi va boshqa maktablarda oʻquvchilar oʻqishda davom etib turgan chogʻlaridagi koʻrgan qiyinliqlarni tajribadan kechirganlaridan keyin va kelgusida oʻqushlarini va yuqori tahsillarini tamom qilmoqlari uchun tashkil etildi”, - deydi. “Koʻmak” tashkiloti quyidagi taraqqiyparvarlar tomonidan 1922-yil 2-may kuni tuzilgan:
1. Sayyidalixoʻja
2. Ibrohim Orifxonov
3. Kamol Dodaxoʻja oʻgʻli
4. Rizqi Rahimiy
5. Abduvohid Jahongir
6. Toʻlagan Moʻmin oʻgʻli
7. Ochil Xoʻja
8. Ahmad Shukuriy
9. Tohir Shokiriy
10. Salimxon Tillaxonov[1]
“Koʻmak” tashkilotiga gʻoyaviy rahbarlikni Fitrat va Choʻlponlar amalga oshirgan boʻlsa, tashkiliy jihatdan Abdulla Rahimboyev, Akmal Ikromov, Elbek, Qayum Ramazon va Botular yordam berdilar[2].
Tashkilot tuzilgunga qadar 1918-yil 21-aprelda Toshkentning yangi shahar qismida A.V.Popov rahbarligida Turkiston davlat universiteti, 1918-yil 12-may kuni Munavvar qori Abdurashidxonov rahbarigida Toshkentning eski shahar qismida Turkiston musulmon xalq dorulfununi ochildi. 1920-21-yillarda mahalliy oliygohlarda turkistonlik yoshlar soni Moskvadagi turkistonlik talabalar sonidan ham kam edi[3]. Turkiston davlat universitetining 2500 talabasidan atigi 2 nafari, Dorul ilmi Sharqiyaning 200 talabasidan 3 nafari turkistonlik boʻlib, Toshkent temir yoʻl ishchilari fakultetining birorta talabasi mahalliy yoshlardan emasdi. Turkistonliklarning oliygohda tahsil olishi uchun sovet hokimiyati tomonidan turli xil sun’iy toʻsiqlar oʻrnatilgan edi[4].
Tashkilot tuzilgach 1922-23 oʻquv yili boshlanishi bilan yuzlab turkistonlik iqtidorli talabalar Berlin, Moskva, Peterburg, Boku, Ganja shaharlariga tahsil olishga joʻnatildi. Ular asosan Fitrat va Fayzulla Xoʻjayev ajratgan Buxoro Xalq Respublikasi davlat grandi, “Koʻmak” tashkiloti tomonidan yigʻilgan pullar va ayrim talabalarning ota-onalarining hisobidan oʻqitildi[5].
“Koʻmak” uyushmasining soʻrovi bilan Buxoro Xalq Respublikasi rahbariyati xorijda tahsil olayotgan ikki talaba Sayyidalixoʻja va Ahmad Shukuriyning oʻqish pullarini toʻlab bergan. Sattor Jabbor hamda Vali Qayumxonning oʻqishiga yordam berishga vada bergan[6].
Tashkilot a’zolari talabalarning xorijda tahsil olishi uchun turli xil yoʻllardan foydalanishgan. Masalan, adabiy kechalar oʻtkazish yoʻli bilan kelgan mablagʻlar ham talabalar uchun yoʻnaltirilgan. 1922-yil 6-dekabr kuni Munavvarqori boshchiligida oʻtkazilgan adabiy kechadan tushgan 75 ming soʻm sof foyda va jami 139 ming 700 soʻm pul tegishli yoʻllar bilan Germaniyada tahsil olayotgan talaba Abduvahhobga joʻnatilgan[7].
Salimxon Tillaxon tashkilotning oʻsha davrdagi faoliyati va kelajakdagi ishlari xususida gapirib, 1923-yil Germaniyada turkistonlik talabalar soni 70 ga yaqin ekanligini aytadi. Tashkilot kelajakda Yevropaning boshqa shaharlariga 70 minglab talabalar joʻnatishni maqsad qilganligini ta’kidlaydi[8].
“Koʻmak” tashkilotining yordami bilan Bokuda 50 nafar, Moskva va Peterburgda 150 nafar, Berlinda 70 ga yaqin jami 270 ga yaqin turkistonlik talabalar xorijga tahsil olishga joʻnatilgan.
Tashkilotni yanada rivojlantirish uchun Berlinga joʻnab ketgan tashkilot a’zosi A.Ibrohimov “Koʻmak”ni rivojlantirish uchun barcha viloyatlarda tashkilot boʻlimlarini ochish, tashkilotni targʻib etish uchun gazeta va jurnallar ochish, maqolalar chop etish, Ramazon oyida har bir shahar va qishloqlardan mablagʻ toʻplash, hayit kunida “Koʻmak” tashkiloti ahamiyatini tushuntirish uchun bir sonli gazeta chiqarib masjidlarda tarqatish, turkistonlik yoshlarga Rossiya, Yevopa va Amerika oliygohlari va oʻqitish tizimi haqida targʻibotlar olib borish zarurligini aytadi[9].
Tashkilotning hududiy boʻlimlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tashkilotning hududiy boʻlimlari 1923-yilga kelib ancha faollashib qolgan edi. Xususan, Samarqand boʻlimida faoliyat yuritgan Muallim Ismatulla Rahmatullazoda Jizzax va Oʻratepa shaharlariga borib, jami 9571 soʻm toʻplab tashkilotga topshirgan[10]. 1923-yil 29-aprelda Samarqand ziyolilari tomonidan adabiy kecha tashkil etilgan va tashkilot foydasiga jami 7000 soʻm mablagʻ yigʻildi. Tashkilotning Samarqand boʻlimi Ramazon hayiti munosabati bilan maxsus gazeta chiqardi, Bokuda tahsil olayotgan 3 nafar samarqandlik va 2 nafar xoʻjandlik, Ganjada tahsil olayotgan 2 nafar xoʻjandlik talabaga 400 soʻmdan yordam puli joʻnatdi[11].
Turkistonlik talabalar uchun qoʻyilgan taqiqlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sovetlar hukumati 1923/24 oʻquv yilidan boshlab Moskva va Peterburgdagi oliy maktablarga Turkistondan talaba olishga yangi taqsimot belgiladi. Unga koʻra Rossiyadagi oliy oʻquv yurtlariga faqatgina mintaqaviy Komsomol tashkiloti tomonidan tavsiya etilganlargina oʻqish huquqiga ega deb koʻrsatildi. Turkistondan joʻnatiladigan talabalarga tashkilotlar tomonidan quyidagicha kvota ajratildi: partiya 18%, Komsomol 17%, dehqonlar 20%, kasaba uyushmalari 45%. Partiya yoki ishchilar kvotasidan oʻqishga yoʻllanma olish uchun 3 yillik ish staji kerakligi belgilandi. Yangi oʻquv yilidan rabfak (ishchilar fakulteti) uchun 4 ta, Turkistonda mavjud boʻlmagan oliy maktablarga 10 ta kvota ajratilgan edi[12].
1923-yil Rossiyaning markaziy shaharlarida turkistonlik talabalar oʻqishi uchun 10-12 ta oʻrin ajratilgan boʻlishiga qaramay, Moskva va Peterburgda tahsil olayotgan turkistonliklar soni 60-70 nafardan ortib ketdi. Sovetlar hukumati bu yoshlar uchun stipendiya berishni oʻz zimmasiga olmadi.
1920-yilda Turkistonda ilk doyalar (akusher) maktabi ochilganda kvota 50 kishilik edi. Maktabda barcha darslar faqatgina rus tilida olib borilgan. 1922/23-oʻquv yilida 2 guruhda jami 35 nafar qiz oʻqigan boʻlsa, ulardan atigi 1 nafari turkistonlik edi. Maktabga oʻqishga kirgan oʻzbek va qozoq qizlari rus tilini bilmaganliklari uchun leksiyalarni tushunmagan va oʻqishni tashlashga majbur boʻlgan[13].
Tashkilotning soʻngi faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1923-yil aprel oyiga kelib tashkilot faoliyati deyarli toʻxtab qoldi. Bu haqida dastlabki ma’lumotlar “Turkiston” gazetasida Qosim Sorokin tomonidan ochiqlangan. Keyingi sonlarda Bois tahallusli taraqqiyparvar tashkilotda faqatgina bir kishi qolganligi, uyushmaning aniq manzili yoʻqligi, tashkilotni uyushtirish uchun na pul va na mas’ullar qolmaganligi haqida yozadi[14].
Turkistonlik yoshlarni xorijda oʻqitish maqsadida yuzaga kelgan “Koʻmak” tashkiloti sovet ta’lim siyosatining nohaqliklariga qarshi taraqqiyparvarlarning oʻziga xos noroziligi edi.
Dastlabki oʻquv yillarida Germaniya 70 nafar, Moskva va Peterburgga 150 nafar, Bokuga 50 nafar talabalar joʻnatilgan boʻlsa sovet hokimiyati turli yoʻllar bilan bu talabalarni Turkistonga qaytarish yoʻllarini axtardi. Tashkilot deyarli 1 yil faoliyat yuritgan boʻlsa ham jahon taraqqiyotiga hissa qoʻshgan kadrlarni yetishtirib chiqara oldi. Xorijda oʻqigan talabalarning aksaryat qismi 1937-1938-yillardagi stalincha qatagʻonning qurboniga aylanishdi.
“Koʻmak” tashkiloti tomonidan Rossiyaga joʻnatilgan talabalar statistikasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rossiyada 1922-yilda tahsil olgan turkistonliklar:
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbeklar – 31 nafar (2 nafari ayol)
Taranchilar – 16 nafar (1 nafari ayol)
Forsiylar – 11 nafar
Noʻgʻoylar – 10 nafar
Armanlar – 8 nafar
Turkmalar – 4 nafar
Tojiklar – 1 nafar
Uygʻurlar – 1 nafar
Boshqirdlar – 1 nafar
Turkistondan borgan ruslar – 15 nafar
Yahudiylar – 28 nafar
Oliygohlar kesimida:
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sharq dorulfununida – 89 ta
Sverdlov universitetida – 14 ta (3 tasi oʻzbek)
Hukumat dorulfununida – 15 ta (1 tasi oʻzbek)
Oliy usta texnikumida – 11 ta
Qishloq xoʻjalik akademiyasida – 8 ta
Oliy musiqa maktabi – 10 ta
Sanoi nafisa (Nafis san’atlar) maktabida – 20 ta
Sharq dorul ulumida – 2 ta[15]
Germaniyadagi talabalarga 1922-yil joʻnatilgan mablagʻlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Berlin oliy ziroat maktabi talabasi Abdulvahhob uchun joʻnatilgan mablagʻ:
Sayyid Nosir Mirjalil – 20 000 soʻm
Tolibjon Musaboy – 10 soʻm oltin
Abdulhamid Sulaymon (Choʻlpon) – 7500 soʻm
Najmiddin Sherahmedov – 5000 soʻm
Hamidullo Orifjonov – 4000 soʻm
Xolmuhammad Oxundiy – 4000 soʻm
Muhiddin Usmoniy – 3500 soʻm
Munavvarqori – 3500 soʻm
Zufar Nosiriy – 3500 soʻm
Shokirjon Rahim – 2500 soʻm
Abdunabi xoji oʻgʻli – 2500 soʻm
Teshabek Otabekov – 2500 soʻm
Muhammadjon qori – 2500 soʻm
Asadulla Xoʻjaxonov – 2500 soʻm
Salimxon Tillaxonov – 1200 soʻm
Adabiyot kechasidan tushgan mablagʻ – 75 000 soʻm[16]
Germaniyaga 1922-yil joʻnatilgan talabalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Turkistondan – 11 nafar
Buxorodan – 47 nafar
Oliygohlar kesimida:
[tahrir | manbasini tahrirlash]Texnika akademiyasida – 4 ta (oʻzbek)
Qishloq xoʻjalik akademiyasida – 2 ta (qirgʻiz)
Koʻnchilik maktabi – 2 ta (qirgʻiz)
Gimnaziyada – 2 ta (oʻzbek, 1 tasi qiz)
Tibbiyot dorulfununida – 1 ta (oʻzbek)
Berlin universitetida – 5 ta
Xotin qizlarni oʻqitish va tarbiya qilish uyi – 1 ta (qiz bola)
Kyosling shahri davlat bilim-tarbiya muassasi – 16 ta
Vittengauzen qishloq xoʻjalik maktabi – 1 ta
Gelmshtat qishloq xoʻjalik maktabi – 4 ta
Fraynburg koʻnchilik maktabi – 2 ta
Leypzig matbuotchilik maktabi – 2 ta
Broynshveg dorixona ishlari maktabi – 1 ta
Mashina fabriklarida – 6 ta (tajriba orttiradi)
Velobod pedogogika maktabi – 2 ta
Drezden muallimlar maktabi – 1 ta (qiz)
Gimnaziya – 1 ta (qiz)
Professor Fakkelman xususiy oʻrta maktabi – 4 ta
Xermsdorf shahri bolalar uyi – 1 ta[17]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Salimxon Tillaxonov. Ko’makning javobi. Turkiston gazetasi. 1923-yil 29-iyul
- ↑ Bahrom Irzayev. Turkistonda jadidlarining “Ko’mak” tashkiloti. Toshkent. 2016. 7-bet
- ↑ Bahrom Irzayev. Turkistonda jadidlarining “Ko’mak” tashkiloti. Toshkent. 2016. 4-bet
- ↑ Elbek. O’zbek bilim hay’ati va uning holi. Qizil bayroq. 1921-yil 21-dekabr
- ↑ Bahrom Irzayev. Turkistonda jadidlarining “Ko’mak” tashkiloti. Toshkent. 2016. 9-bet
- ↑ G’ozi Yunus. Sharaflik “Ko’mak”. Qizil bayroq. 1922-yil 22-iyul
- ↑ M.Usmoniy. Berlindagi talabalarga ko’mak (hisob). Turkiston. 1922-yil 18-dekabr
- ↑ Salimxon Tillaxonov. Chetga ko’proq o’quvchilar yuborish kerak. Turkiston. 1923-yil 11-mart
- ↑ Ibrohimov A. “Ko’mak” uyushmasidagi o’rtoqlarimga. Turkiston. 1923-yil 14-mart
- ↑ Ochiq xat. Zarafshon. 1923-yil 12-aprel
- ↑ Xabarlar. Zarafshon. 1923-yil 3-may
- ↑ Qamchinbek A. Moskov maktablariga qabul tartiblari. Turkiston. 1923-yil 21-iyul
- ↑ Bahrom Irzayev. Turkistonda jadidlarining “Ko’mak” tashkiloti. Toshkent. 2016. 29-bet
- ↑ Bois. “Ko’mak” uyushmasi. Turkiston. 1923-yil 20-aprel
- ↑ Abdulla Aynullin. Qizil bayroq. 1922-yil 1-may
- ↑ M.Usmoniy. Turkiston. 1922-yil 18-dekabr
- ↑ Turor Risqulov. Turkiston. 1923-yil 19-dekabr