Kontent qismiga oʻtish

Koʻnchilik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Koʻnchilik — hayvon terisidan charm (koʻn) tayyorlash kasbi; hunarmandchilikning qadimiy turlaridan biri. Ibtidoiy odamlar hayvon terisidan charm tayyorlash sirlarini bilishmagan; ular, asosan, xom terilarni yopinib yurishgan. Bunday hol uzoq davom etishi mumkin emasdi, chunki tabiat injiqliklari odamlarning yaxshiroq oʻranib-chirmanib yurishlarini taqozo qilardi. Neolitning soʻnggi bosqichi va jez davri boshlarida chorvachilik yuzaga keldi. Shundan soʻng K.ning ilk madaniy uchqunlari paydo boʻldi. Terini qayta ishlash usullari vujudga kela boshladi. Insoniyat asta-sekin hayvon terisini oshlab koʻn olishni va undan kiyimbosh tikishni bilib oldi. Keyinchalik odamlar tolali oʻsimliklar tolasidan dagʻal matolar toʻqishni oʻrganib olgach, K.ga boʻlgan ehtiyoj biroz susaydi. K. hunarmandchilik kasbi sifatida, asosan, 19-asr 2-yarmidan shakllana boshladi. 20-asr boshlarida Oʻzbekistonda koʻplab K. doʻkonlari boʻlgan. Bu yerda chorvachilik taraqqiy etganligi hamda teri va charmga ehtiyoj kattaligi tufayli K. hunarmandchilikning asosiy sohalaridan biriga aylandi. Bu davrda rus kapitali taʼsirida oldin Xorazm (Xonqa)da, keyin Toshkentda koʻn zavodlari qurilgan. Shu tariqa K.ning sanoat usullari paydo boʻldi. Ayni paytda Oʻzbekistonning barcha hududlarida kichik-kichik xususiy K. korxonalari, koʻnchilar oilalari paydo boʻldi. Masalan, Toshkentda butun boshli koʻnchilar mahallalari boʻlgan. K. zavodlari bilan birga ayrim joylarda xususiy koʻnchilar ham faoliyat koʻrsatmoqda. Terini oshlash texnologiyasi deyarli oʻzgarishsiz qolmoqda. Bunga doir barcha ishlar, asosan, qoʻlda bajarilgan (aksar holdarda hozir ham shunday). Jihozlar tezob (oshlash) idishi yoki hovuzchasi va dud oʻchogʻidan iborat boʻlgan. Tezob (kul aralashtirilgan ohak suvi), tuz va oshlovchi moddalar bilan ish koʻrilgan. Oʻzbekistonda, asosan, qoramol, qoʻy, echki, tuya terisidan turli navlardagi teri (charm) tayyorlangan. K. doʻkonlari va yakka koʻnchilar koʻnning biror navi boʻyicha ixtisoslashgan. Masalan, tagcharm ishlab chiqaruvchilar — charmgar, yumshoq koʻn (sahtiyon) ishlab chiqaruvchilar saxtiyongar, mesh ishlab chiqaruchilar meshgar deb atalgan. Keyinchalik koʻn zavodlarida koʻp ishlar mexanizatsiyalashtirilgan va tezobning tarkibi oʻzgartirilgan.

K. texnologiyasiga doir ishlar zavodda, asosan, 3 bosqichda bajariladi: terini oshlashga tayyorlash, oshlash va pardozlash. Terini oshlashga tayyorlashda kimyoviy usulda teriga dastlabki ishlov beriladi, yaʼni teri juni yumshatiladi, teri qirish mashinasida junlardan tozalanadi, goʻsht qoldiqlaridan ajratish mashinasida goʻshtlardan tozalanadi. Yana bir mashinada terining sirti qirib tekislanadi. Tozalangan teriga osh tuzi va kislota eritmasida ishlov berilib, oshlashga tayyorlanadi. Oshlashda terini maxsus moddalar bilan ishlab, charmga aylantiriladi. Pardozlashda charmga kimyoviy va mexaniq ishlov beriladi. Kimyoviy ishlovda har xil eritmalar va chanlar (idishlar)dan, mexanik ishlovda maxsus mashinalar, barabanlardan foydalaniladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil