Koʻrish organlari
Koʻrish organlari - odam va hayvonlarning yorugʻ sezadigan organlari. Barcha umurtqali va koʻpchilik umurtqasiz hayvonlarda boʻladi. Koʻp hujayrali hayvonlar Koʻrish organlarining asosiy elementi sezgir hujayralar — fotoretseptorlar hisoblanadi. Ularning periferik (chetki) uchi yorugʻlikni qabul qiladi. Fotoretseptorlar umurtqali hayvonlarda qadahcha yoki tayoqcha shaklida. Koʻrish organlari koʻpchilik hayvonlarning boshida joylashgan boʻlib, koʻrish nervlari orqali bosh miya bilan bogʻlangan. Oddiy Koʻrish organlari epiteliy hujayralari orasida joylashgan ayrim koʻrish hujayralaridan iborat (mas, yomgʻir chuvalchanglari). Oddiy Koʻrish organlari faqat yorugʻlikni sezadi, buyumlarni farq qilmaydi. Evolyasiya jarayonida tarqoq koʻrish hujayralari bir joyga toʻplanib, teri ostiga botib kirishi, pigment ekranlari, yorugʻlikni sindirib toʻr qavatga tushiradigan, akkomodatsiyalovchi, koʻzni harakatlantiruvchi, uni muhofaza qiluvchi va boshqa moslamalar paydo boʻlishi tufayli Koʻrish organlari mukammallashib borgan. Ayrim boʻshliqichlilar, tuban chuvalchanglar, bir hujayralilarda Koʻrish organlari oddiy koʻz dogʻlaridan iborat. Keyinchalik koʻrish dogʻlari takomillasha borib, pufaksimon yoki qadahsimon shaklga kiradi (baʼzi boʻshliqichlilar va mollyuskalar), pufak yorugʻlik sindiruvchi dirildoq shishasimon tana bilan toʻla boʻladi. Koʻpchilik boʻgʻimoyoqlilarning Koʻrish organlari fasetkali koʻzdan iborat. Faset-kali koʻz narsalar shaklini farq qiladi. Odamlar va umurtqali hayvonlar, baʼzi umurtqasizlar (boshoyoqli mollyuskalar) koʻzi ayniqsa yaxshi rivojlangan boʻlib, kamerali koʻzlar deyiladi.[1]
Yana q.
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |