Kontent qismiga oʻtish

Kollimator

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kollimator (collineo — toʻgʻri chiziq boʻylab yoʻnaltiraman) — ingichka parallel nurlar (elektromagnit nurlanish) yoki zarralar (atomlar, elektronlar, elementar zarralar) dastasini hosil qilishga moʻljallangan optik qurilma. K. fokal tekisligida yoritilgan jism joylashtirilgan obyektiv yoki botik, koʻzgudan iborat. Koʻpincha, bunday jism sifatida noshaffof diafragma teshigi xizmat qiladi. Obyektiv va jismlarni K. dagi quvursimon korpusga mahkamlab, ularning bir-biriga nisbatan joylashishi belgilanadi. Qoraytirilgan korpus devorlari yoʻnalishi toʻgʻri kelmaydigan nurlarni yutadi. K.dan chiqayotgan parallel nurlar dastasi bir-biriga yaqin boʻladi: jismning bir nuqtasidan tarqalayotgan nurlar obyektivning difraksiyasi va aberratsiyasi tufayli butkul oʻzaro parallel boʻlmaydi. Fokus masofasi, teshigi, obyektiv aberratsiyasnni toʻgʻrilash sifati, jismning shaql va oʻlchamlari K. qoʻllanadigan sohaga va undan foydalanish sharoitlariga qarab olinadi. K. astronomiyada oʻlchash asboblarini toʻgʻrilash va ularning kollimatsion (toʻgʻri chiziqlilikdan ogʻish) xatolarini aniqlashda, spektral asboblarda yorugʻlik dastasini hosil qilishda, oʻlchash, sinash va toʻgʻrilash optik asboblarida qoʻllanadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil