Kontent qismiga oʻtish

Kolloid eritmalar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Kolloid eritmalar, z o l l a r -zarrachalarining oʻlchami 1 nm dan 100 nm gacha boʻlgan yuqori dispers sistemalar. Kolloid eritmalar gazsimon (tutun, bulut, tuman), suyuq (emulsiyalar) va qattiq (aralashmalar, qattiq kolloid eritmalar, rangli shishalar) holatda boʻladi. Kolloid eritmalar mono- va polidispers holatlarda boʻladi. Monodispers holatdagi Kolloid eritmalar faqat sintetik yoʻl bilan olinishi mumkin. Polidispers Kolloid eritmalar 2 usulda olinadi: yirikroq zarrachalarni maydalash (dispergatsiya usuli) va molekula yoki ionlardan yirikroq zarrachalar hosil qilish, yaʼni agregatlash (kondensatsiya usuli).

Dispergatsiya usulida Kolloid eritmalar hosil qilish uchun qattiq jism stabilizator bilan birga kukun qilib maydalanadi yoki elektr yoxud ultratovush yordamida suyuqlik ichida kukunga aylantiriladi. Kolloid eritmalarni kislota, asos va toʻzlardan tozalashda dializ, ultrafiltrlash, elektrodializ, ultratsentrifugalash usullaridan foydalaniladi.

Kolloid eritmalar juda kichik osmotik bosim, suyet diffuziya va Broun harakatiga ega. Zarrachalar zaryadli boʻlganligi tufayli, ular elektroforez jarayonida elektrod tomon harakat qiladi.

Oʻta yuqori disperslikka ega boʻlgan Kolloid eritmalar zol deb ataladi. Zollarni nomlashda dispersion muhitni hosil qiluvchi modda asos qilib olinadi: dispersion muhit suv boʻlsa, gidrozol, organik modda boʻlsa, organzol, keyingilari kimyoviy tarkibiga koʻra benzozol, alkozol va boshqa deyiladi. Agar dispersion muhit gaz boʻlsa, bunday zol aerozol, suyuq dispersion muhitga ega boʻlgan zollar esa liozollar (yun. lios – suyuqlik) deb ataladi. Dispers faza zarrachalari bilan dispersion muhit zarrachalari orasidagi bogʻlanishga qarab, Kolloid eritmalar liofob va liofil zollarga boʻlinadi. Liofob zollarga dispers platina, kumush, oltingugurt zollari misol boʻla oladi. Liofil zollarda esa bu bogʻlanish kuchli boʻladi, ularga oqsil, jelatina, pepsin va yuqori molekulyar moddalarning eritmalari kiradi.

Kolloid eritmalar sanoat, qishloq xoʻjaligi va tibbiyotda muhim rol oʻynaydi. Barcha tirik organizmlar toʻqimalari va hujayralarining asosini tashkil etuvchi oqsil, nuklein kislotalar, kraxmal, glikogen kabi moddalar Kolloid eritmalar holida uchraydi. Tuproqning unumdorligi uning Kolloid eritmalar xilidagi qismining fizik-kimyoviy xossalariga, sement, chinni, keramika, sir va boʻyoqlar sifati ularning disperelik darajasi hamda Kolloid eritmalarning xossalariga bogʻliq. Kolloid eritmalar charm, qogʻoz, gazlama, sunʼiy ipak, oziq-ovqat va boshqa sanoat tarmoqlarida ham keng qoʻllanadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil