Kontent qismiga oʻtish

Konchak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Konchak, Konjak — qipchoqlar xoni (1172—1203). Qipchoq xonlaridan Oʻtroqning oʻgʻli. Sharukanning nabirasi. Otasi oʻzining suyukli farzandini yoshligida Kavkaz togʻlarida saqlagan. 12-asrning 2-yarmida Don daryosi havzasidagi qipchoqlarni birlashtirib, qudratli koʻchmanchi davlat uyushmasi barpo qilgan. K. rus knyazlari bilan qarindoshlik (K.ning qizi Novgorod-Severskiy knyazi Igor Svyatoslavichning oʻgʻliga tekkan edi) va baʼzan ittifoqchilik munosabatlarida boʻlib, Kiyevga qarshi muttasil kurash olib borgan. U Lukomore (Azovning shim. dagi hudud) xoni Kobek bilan ittifoq boʻlib, Pereyaslavl yeriga bir necha bor (1174, 1178, 1183) harbiy yurishlar qilgan; 1185-yil Igor Svyatoslavichni magʻlubiyatga uchratib, uni asir olgan, soʻngra Pereyaslavlni besamar qamal qilgan. 1187-yil K. yana Kiyev yerlariga chopqun uyushtirgan, Chernigov knyazligini egallagan.

K. haqida rus solnomachisining yozishicha, "ushbu qudratli buyuk xon Sula (Dnepr irmogʻy)dan yelkasida qozon koʻtarib oʻta olgan". Yilnomadagi "qozon" ovqat tayyorlaydigan idish emas, balki u K.ning va u rahbarlik qilgan davlat uyushmasining qudratini ramziy belgisi boʻlib, u "qozon" bilan ushbu kuchqudratni "boqa olishi" va boshqara olishini anglatgan. K. Dnepr havzasidagi qipchoqlar (boshqa uyushmasi)ning Rusga qarshi ayrim yirik yurishlariga tez-tez rahbarlik qilib turgan; 13-asr boshida esa uning oʻgʻli Yuriy Konchakovichni rus solnomachisi "barcha qipchoklarning kattasi" deb atagan. Knyaz Igor K. qarorgohidan, asirlikdan qochayotgan chogʻida yoʻlida koʻplab hayvonlar va qushlar (boʻrilar, tulkilar, burgutlar, qargʻalar, oqqushlar, zagʻchalar, bulbullar) ni uchratganini, ular haqiqiy boʻlmay, balki qipchoqlarning urugʻ-qabila totemlari va nomlari ekanligini aytgan. K. 1184-yil Rusga qilgan chopquni paytida shahar-qalʼalarni qamal qilishda Kavkaz (Gruziya, Ozarbayjon) dan olib keltirilgan yonar oʻq otuvchi "manjaniq" (naftandoz) va uni otuvchi musulmon toʻpchilardan foydalanganligi haqida solnomalarda maʼlumot bor. K.ning ukasi Gruziya podshosi Tamara xizmatida boʻlgan. Rus tarixchisi N.M.Karamzinning yozishicha, 1185-yil polovetslar knyazi K. tirik olov otuvchi Xoraziy (xorazmlik) Turkni oʻzi bilan olib yurgan, undagi qurol oʻt so-char qurol boʻlgan. Rus xalq ogʻzaki ijodi qahramonlaridan biri — oʻlmas Koshchey obrazi K. bilan bogʻliq boʻlib, rus solnomachilari K.ni "battol, murdor Koshchey" deb atashgan. Mahmud Koshgʻariy lugʻatida kenjak — turkiy qabila nomi sifatida keltirilgan. Toshkentda Kunjak mahallasi mavjud. Igor Svyatoslavich va boshqa knyazlarning K.ga qarshi kurashlari haqidagi voqelar bayoni qad. rus adabiyyodgorligi "Igor polki jangnomasi" negizini tashqil qiladi.

Ad,: Barmankulov M., Xrustalnaya mechta tyurkov o kvadronatsii, Almati, 1999; Slovo o polku Igoreve, M.—L., 1950; Pletneva S. A., Kochevniki srednevekovya, M., 1982; Polovsi, M., 1990; Murad Adji, Polin polovetskogo polya, M., 1994.

Faxriddin Hasanov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil