Kontent qismiga oʻtish

Konrad IV

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muqaddas Rim imperatori Fridrix II ning o‘g‘li Konrad IV (1228-yil 25-aprel, 1254-yil 21-may). Germaniya qiroli 1237-1254-yillar.

Fridrix II ning o‘g‘li Konrad IV

Konrad 1228-yilning 25-aprelida Muqddas Rim imperatori Fridrix II va uning rafiqasi Quddus qirolichasi Izabella II oilasida dunyoga kelgan. Katta akasi Genrix valiaxdlik maqomidan tushirilganidan so‘ng, Konrad 1237-yilda Rim tojini boshiga kiydi. U otasi uzoq safarda yurgan paytlarda Germaniyani uni nomidan boshqargan. 1240-yildan boshlab Konrad imperiya siyosatiga faol aralasha boshladi. U akasidan farqli o‘laroq otasiga sadoqatli edi. Hatto 1245-yilda papa Innokentiy IV Lion soborida Fridrixni cherkovdan chiqarib yuborgan bo‘lsada, Konrad Germaniyada otasiga yordam berib turdi. U Tyuringiya landgrafi Genrix Raspe bilan kurashlar olib borib, sulola dushmanlarini birma-bir bo‘ysunishga majbur qilgan. 1246-yilda Genrix Raspe Frankfurtda Konrad IV ni mag‘lub etdi. Biroq, u 1247-yilning 16-fevralida Ulm shahri qamalida kasallikdan vafot etadi. Genrix o‘lgan bo‘lsada, Gogenshtafuenlarning dushmanlari tugamas edi. Uni o‘rniga Gollandiya gersogi Vilgelm II keldi. 1251-yili imperator Fridrix vafot etganidan keyin, Konrad voris sifatida Vilgelmga qarshi kurashni davom ettiradi. Ammo, “Oppengaym jangi“ da unga mag‘lub bo‘ladi. 1252-yil boshiga kelib Konrad Italiyada paydo bo‘ldi. Dastlab, Kapua, so‘ngra 1253-yilda Neapolni o‘ziga bo‘ysundirib, butun yarim orolning janubiga xo‘jayinlik qila boshladi. Papa Innokentiy vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirish uchun rasmiy bid’at qo‘zg‘atib Konradni cherkovdan chiqarib yubordi. Bunga javoban, Konrad Shimoliy Italiya yurishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Lekin, 1254-yilning 21-mayida Lavello yaqinidagi harbiy lagerda bezgakdan vafot etadi. Konradning jasadi Messina soborida dafn etilgan.