Kontent qismiga oʻtish

Korsak

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Korsak
Muhofaza maqomi
Biologik klassifikatsiya
Domen: Eukariotlar
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Sut emizuvchilar
Turkum: Yirtqichlar
Oila: Itsimonlar
Kenja oila: Caninae
Urugʻ: Tulkilar
Tur: V. corsac
Binar nomi
Vulpes corsac
Korsakning tarqalgan hududlari
Korsakning tarqalgan hududlari


Korsak (lot. Vulpes corsak) – tulkilar urugʻiga mansub sut emizuvchi hayvon. Oddiy tulkiga oʻxshash, lekin bir oz kichikroq koʻrinishda boʻladi[1].

Korsak tulkisi oʻrta boʻyli tulki boʻlib, boshi va tanasining uzunligi 60 sm gacha, dumining uzunligi esa 35 sm gacha yetadi. Juni sargʻish-kulrang. Voyaga yetganlarning vazni 1,6 dan 3,2 kilogrammgacha boʻladi[1]. Uning tanasining koʻp qismini kulrang—sargʻish rang moʻynasi qoplab olgan, pastki qismlari ochroq, ogʻiz, iyagi va tomogʻida rangpar dogʻlar mavjud. Qish faslida yungi ancha qalinroq va ipakdek boʻlib, rangi somon-kulrang, orqa tomondan quyuqroq chiziq oʻtgan boʻladi. Oqshom va tungi paytlarda faol boʻladi[2]. Yumronqoziqlar va katta qumsichqonlar inida yashaydi. Baʼzan boʻrsiq va tulki iniga ham joylashib olishi mumkin, lekin oʻzi kamdan-kam hollarda uya qaziydi. Oʻzining tanlagan jufti bilan umrining oxirigacha yashaydi. Yanvar—fevral oylarida juftlashadi va mart—aprel oyida 5—7 tagacha bolalaydi. 9—10 oylik paytida voyaga yetadi. Asosan, kemiruvchilar bilan, baʼzida hashoratlar, sudralib yuruvchilar, qushlar va ularning tuxumlari bilan oziqlanadi. Ovlanadi, terisi qimmatli emas[3].

Korsak tulkilari Yevrosiyo choʻllari va sahrolari, markaziy va shimoli-sharqiy Osiyoning dasht va yarim choʻllarida yashaydi. Ular butun Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston va Moʻgʻulistonda tarqalgan. Janubda ularning tarqalishi Eron, Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston va Xitoyning shimoliy qismlarini qamrab oladi va ularni Rossiyada ham uchratish mumkin[4].

Hozirgi vaqtda uchta kichik tur tur sifatida tan olingan:

Vulpes corsac corsac – tarqalishi shimoliy Qozogʻiston, janubiy Sibir.

Vulpes corsac kalmykorum – tarqalishi shimoliy Oʻzbekiston, Kavkaz.

Vulpes corsac turkmenicus – tarqalishi janubiy Oʻzbekiston, Turkmaniston, Xitoy va Moʻgʻuliston.

Bu turdagi tulkilar asosan ochiq oʻtli dasht va yarim choʻllarda yashaydi, zich oʻsgan oʻsimliklar va togʻli hududlardan qochadi. Korsak tulkilari odatda odamlardan uzoqda yashashadi. Oʻzbekistonda Ustyurt (Qoraqalpog‘iston), Mirzachoʻl (Jizzax), Qizilqum (Buxoro) va yana boshqa hududlarda uchraydi[5].

XX asrning 60—70-yillarida Gʻarbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloyining barcha togʻ oldi tekisliklari va adirliklarida boʻlgan. Zichligi Qarshi choʻlida har 100 kvadrat metrga 49 tadan 60 tagachani, Qizilqum choʻlida esa 20—30 tani tashkil qilgan. Hozirgi vaqtda ushbu jonivorlar soning umumiy qisqarishi qayd qilinmoqda. Toshkent viloyati hududidagi gʻarbiy Tyan-Shan pasttogʻlarida butunlay gʻoyib boʻlganligi tahmin qilinmoqda. Qizilqum, Qarshi choʻllarida Ustyrutda kam sonlarda tarqalgan[5].

  1. 1,0 1,1 „Heptner, V. G.; Nasimovich, A. A.; Bannikov, Andrei Grigorevich; Hoffmann, Robert S. (1988). Mammals of the Soviet Union. Vol. 2. Smithsonian Institution Libraries and National Science Foundation.“.
  2. Poyarkov, A.; Ovsyanikov, N. (2004). Sillero-Zubiri, C.; M. Hoffmann; D. W. Macdonald (eds.). Canids: foxes, wolves, jackals and dogs. Status survey and conservation action plan. International Union for Conservation of Nature and Natural Resources/Species Survival Commission Canid Specialist Group. pp. 142–148.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. „Mammal Species of the World: A Taxonomic and Geographic Reference“.
  5. 5,0 5,1 „O'zbekiston respublikаsining qizil kitobi 2 Jild“.