Kosibchilik
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kosibchilik (arab. - kasbkorlik) — 1)tor maʼnoda — charmdan kovush, maxsi, shippak, etik va boshqa oyoq kiyimlarini qoʻlda tikish bilan shugʻullanish. Asosan, chorvachilik paydo boʻlganidan soʻng (miloddan avvalgi 4—3 ming yillik) xom teridan oyoq kiyimlari "tikila" boshlagach, K. shakllana borgan, lekin hali juda ibtidoiy koʻrinishda boʻlgan. Asta-sekin odamlar hayvon terisini oshlashni, undan koʻn tayyorlashni, koʻndan charm olishni, charmdan esa kiyim-bosh, poyabzal tikishni oʻrganishgan. K. 19-asr oxirlari, 20-asr boshlarida Toshkent, Samarqand, Buxoro va ayniqsa, Fargʻona vodiysi shaharlarida ancha rivojlangan. Bu shaharlarda yuzlarcha K. doʻkonlari boʻlgan. Sanoat asta-sekin rivojlanib, artel va fabrikalar paydo boʻla boshlagach, K. bilan shugʻullanuvchilar ham artel va fabrikalarga uyusha boshladi. Lekin K. bilan shugʻullanuvchi yakka shaxslar ham saqlanib qoldi. K. butun dunyoda, ayniqsa, Sharkda, shu jumladan, Oʻrta Osiyoda keng taraqqiy etgan. Oʻzbekistonning shahar va qishloqlarida, ayniqsa, Fargʻona vodiysida hozir K. xalq hunarmandchiligining uzviy turi sifatida yana rivojlana boshladi. K.da faqat poyabzal tikish bilan cheklanib qolinmaydi, balki telpak, ot-ulov abzallari, qayish, pichoq qini kabi buyumlar tayyorlash bilan ham shugʻullaniladi;2) keng maʼnoda — qoʻlda bajariladigan ishlar bilan shugʻullaniladigan kasblarning umumiy nomi (degrezlik, duradgorlik, zargarlik, kashtadoʻzlik, kulollik, koʻnchilik, miskarlik, rixtagarlik, temirchilik, tikuvchilik, tunukasozlik, toʻquvchilik, oʻymakorlik va boshqalar). K. bilan, asosan, oddiy mehnat qurollari yordamida yakka tartibda shugʻullaniladi. K. insonning ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliqravishda asta-sekin rivojlangan (yana qarang Hunarmandchilik).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |