Kontent qismiga oʻtish

Kosmetika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kosmetika (yunoncha. kosmetike – pardoz qilish, bezash sanʼati) – kishilar qiyofasini xushroʻylashtirish chora tadbirlari hamda vositalari majmui.

Kosmetika juda uzoq tarixga ega. Miloddan 200 yil avval Misrda pardoz uchun har xil materiallar va dori-darmonlardan foydalanishgan. Pardoz vositalari tayyorlash sir-asrorlarini faqat tabiblar bilgan. Kosmetika XIX asrga kelib ilmiy jihatdan rivoj topdi va bora-bora tibbiyot xodimlari qoʻliga oʻtib teri, soch va tirnoqlar parvarishi, badandagi tugʻma va keyin paydo boʻlgan har xil kamchiliklarni yoʻqotish bilan tibbiyotning maxsus boʻlimi – kosmetologiya shugʻullanadigan boʻldi. Kosmetika shartli ravishda gigiyenik, vrachlik va pardoz kosmetikasiga boʻlinadi. Gigiyenik kosmetika odamning tabiiy goʻzalligini saqlab qolish, teri kasalliklarining oldini olish va unda yuzaga keladigan nuqsonlarni bartaraf etish mulojalarini amalga oshiradi. Yuz terisini toʻgʻri parvarish qilish (yuz terisini vaqtida tozalab turish, massaj qilish va hokazo), kosmetik vositalar (upa, yogʻupa va boshqalar)dan bilib foydalanish, unga turli ajinlar tushib, barvaqt soʻlishi, shuningdek, husnbuzar, sepkil toshishi, har xil dogʻlar tushishi kabi noxushliklarning oldini oladi. Yuz terisini tozalash zarurligi yoki bunga hojat yoʻqligini faqat kosmetolog vrach hal qiladi. Shifokorlik yoki davo kosmetikasi terini parvarish qilish, uning turli nuqsonlarini yoʻqotish, soch, ogʻiz boʻshligi, tirnoqlarni parvarishlashning gigiyenik va davo tadbirlarini oʻz ichiga oladi. Teri barvaqt soʻlishining oldini olish va davolash uchun kosmetolog shifokor maslahati bilan massaj, maska, losonlar, oziqlantiruvchi kremlar, fizioterapevtik usullar qoʻllash tavsiya etiladi. Teri juda boʻshashib, osilib qolgan va koʻp ajin tushgan boʻlsa, jarrohlik usuli qoʻllanadi. Vrachlik K.si juda quruq yoki yogʻli teri, sepkil, soch kasalliklari (qarang Soch), husnbuzar, seboreyani davolash, xunuk xol, chandiq va tatuirovkalarni, yuzdagi tugʻma va shikastlanish natijasida hosil boʻlgan nuqsonlarni yoʻqotish choralarini ham koʻradi. Pardoz kosmetikasi yordamida nuqsonlar (chandiq, xunuk xol) berkitiladi. Kosmetik vositalardan toʻgʻri foydalanib, lab, koʻz, quloq koʻrinishlarini xushroʻy qilish mumkin. Kosmetikadan xabarsiz kishilar maslahati bilan har xil krem, loson va boshqa pardoz buyumlarini bilar-bilmas ishlataverish yaramaydi. Bu vaqtidan ilgari ajin tushishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun kosmetolog shifokor maslahatlariga qatʼiy amal qilish kerak.

  • Agafonov A. V., Kosmetika s gryadok i poley, T., 1998.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil