Kosmik tibbiyot
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kosmik tibbiyot - tibbiyotnit bir sohasi; kosmik parvozning odam salomatligi va ish qobiliyatiga boʻlgan taʼsirini oʻrganadi; kosmik apparatlarni boshqarish va ularda normal hayot faoliyatini taʼmin etish sistemasiga boʻlgan tibbiy talablarni, kosmonavtlarni kasbga tanlash va ularni tayyorlash usullarini, kosmik parvoz bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish va davolash choralarini ishlab chiqadi. 20-asr ning 50-yil lariga kelib shakllandi. Biologik raketa va sunʼiy yoʻldoshlarda odamning kosmik fazoni oʻrganishiga imkon beradigan fiziologik tadqiqotlar (qarang Kosmik biologiya) oʻtka-zilishi Kosmik tibbiyot ning paydo boʻlishi va rivojlanishiga zamin boʻldi. Kosmik tibbiyot kompleks fan boʻlib, kosmik fazoda odamning hayot faoliyati uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan va bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan tibbiy-biologik, biofizik, fizik-kimyoviy, telemetrik, matematik, biologiktexnik, muhandislik-konstruktorlik va boshqa koʻpgina ilmiy yoʻnalishlar majmuini oʻz ichiga oladi. Kosmik tibbiyot aviatsion tibbiyot toʻplagan materiallardan foydalanish bilan birga odam kosmosga uchganda uning organizmi aviatsiya amaliyotida uchramaydigan taʼsirlarga duch kelishini hisobga olib oʻziga xos usullarni ishlab chiqadi. Kosmosga uchish uchun dinamik vaznsizlik va gipodinamiya, yaʼni muskul sistemasiga yuk (nagruzka)ning kam tushishi xosdir. Uchish vaqtida vaznsizlik holatiga moslashish va gipodinamik omil taʼsirini kamaytirish maqsadida kosmik kemalar bortida tegishli moslamalar quriladi. Kosmik kema bortida yer atmosferasi sharoitlariga yaqin sunʼiy atmosfera vujudga keltirish, ochiq kosmosga chiqish uchun maxsus skafandrlar yaratish ham Kosmik tibbiyot vazifalaridan hisoblanadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |