Kontent qismiga oʻtish

Kseroderma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kseroderma, pigmentli kseroderma (grekcha: „xeros“ – quruq va derma) — terining nasldan-naslga oʻtadigan tugʻma kasalligi; dermatozlarta kiradi. Bunda teri quyosh nuri (ultrabinafsha nur)ga oʻta sezgir boʻladi. Asosan, bola hayotining birinchi yillaridayoq namoyon boʻladi. Oftob badanning ochiq joylariga (yuz, qoʻl-oyoqqa) tushganidan keyin, u yerda eritematoz (qarang Eritema) va pigmentli dogʻlar paydo boʻla boshlaydi: teri quruqshab, qazgʻoqlaydi, bora-bora teri yupqa tortib, burishadi (burun qirralashib, ogʻiz tortishib qoladi), konʼyunktivit, koʻz qovoqlarining qayrilib qolishi va hokazolar kuzatiladi. Bolaning yoshi kattalashgan sayin (8—10 yoshlarda) terisida soʻgalsimon yoki papillomatoz oʻsimtalar paydo boʻlib, epiteliomalar (rak, bazalioma, melanoma va boshqalar) ga aylanishi mumkin (qarang Papilloma). Bemorga kortikosteroidlar, vitaminlar, rentgenterapiya buyuriladi, baʼzan jarrohlik usuli qoʻllanadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil