Kunjut
Kunjut (Sesamum)
– kunjutdoshlar oilasiga mansub bir va koʻp yillik utsimon oʻsimliklar turkumi, moyli ekin. 19 turi maʼlum. Vatani – Afrika. Oʻrta Osiyoga Hindistondan olib kelingan. Dehqonchilikda bahori ekin boʻlgan bir yillik madaniy turi – Hindiston kunjuti (S.indicum L.) Hindiston, Xitoy, Jan-Sharqiy Osiyo, Afrika, Eron, Oʻrta Osiyoda va boshqa mamlakatlarda ekiladi. Yer yuzida K. ekiladigan maydonlar 6,1 mln. ga, oʻrtacha hosildorlik 3,9 s/ga, yalpi hosil 2,9 mln. t (1999). Oʻzbekistonda 1998-yil 2,85 ming ga yerga ekilgan, sugʻoriladigan yerdarda hosildorlik 8—10 s/ga.
K.ning oʻq ildizi tuproqqa 1 m chuqurlikka kirib boradi. Poyasi tik oʻsadi, balandligi 50—150 sm, 4—6 ta uzun yon shoxlar chikaradi. Bargi oddiy, bandli, yakka-yakka yoki qarama-qarshi joylashgan, tukli. Guli barg qoʻltigʻida 1 – 3 ta boʻlib joylashgan, 5 bargli, gul-tojibarglari bir-biriga qoʻshilgan, rangi pushti, binafsha, oq, oʻzidan changlanadi. Mevasi koʻsakcha, choʻziq, yassi, tukli. Bir tupda 20—300 koʻsakcha boʻladi. Koʻsakchasi 2 yoki 4 chanoqli. Oʻz. 3—5 sm. Koʻsakchasi pishganda qirralaridan chatnab, urugʻi sochiladi. Bitta koʻsakchada 80 tagacha urugʻ boʻladi. 1000 dona urugʻi vazni 2—5 g. Urugʻining rangi och yoki toʻq jigarrang, goho oq va qora.
K. issiqsevar, yorugʻsevar, qisqa kun oʻsimligi. Urugʻi 15—16° da unib chiqadi. Maysasi —G da nobud boʻladi, oʻsuv davrida harorat 15° dan past boʻlsa, oʻsishdan toʻxtaydi. Oʻsish davri 90—110 (120—150) kun. K. eng qimmatli moyli ekinlardan, urugi tarkibida 65% moy, 16—19% oqsil, 16—17% azotsiz moddalar mavjud. K. moyi yarim kuriydi, yod soni 103—112 ga teng, zaytun moyidan ham ustun turadi. Presslab olingan K. moyi isteʼmol uchun, oziq-ovqat sanoatida, konserva va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish, tabobat, parfyumeriyada ishlatiladi.
Afrikada bargi ovqatga solib isteʼmol qilinadi. Tozalangan va maydalangan urugʻiyuqori navli holvalar (taxin holvalar) tayyorlashda, non yopishda ishlatiladi. K. kunjarasida 40% oqsil, 8% moy boʻladi, mollarga ozuqa sifatida beriladi.
K. sur tuproqli, unumdor, dondukkakli ekinlardan boʻshagan yerdarda moʻl hosil beradi. K. ekiladigan yerga ekishdan oldin gektariga 10—15 t toʻng, 60– 80 kg fosfor, 20–30 kg azot solinadi, yer chuqur (25—30 sm) haydaladi, kech koʻklamda (may oyida) keng qatorlab ekiladi, qator orasi 60—70 sm, ekish chuq. 3— 5 sm, ekish meʼyori 1 ga yerga 5–6 kg urugʻ (1,5—2,0 mln. dona) ekiladi. Oʻsuv davrida 2—3-marta kultivatsiya qilinadi, ikki marta har gektarga 40–50 kg dan azot berib qoʻshimcha oziqlantiriladi. Gullashiga qadar 1 —2-marta, gullash davrida 2-marta suv beriladi. K. pishganda sargʻayib barglari toʻkiladi, pastki koʻsakchalari oldin yetiladi. Vaqtida hosil yigʻilmasa koʻsakchalar chatnab urugʻi toʻkilib ketadi. Oʻroq mashinasida oʻrib-yigʻib olinadi, oʻrilgan K. bogʻlari xirmonda quritiladi, qoʻlda yanchiladi.
Navlari: Oʻzbekistonning hamma viloyatlaridagi tomorqa, dehqon va fermer xoʻjaliklarida K.ning Toshkent 122, Seraxs 470, Kubanets 55 navlari ekiladi.
Zararkuvandalari: kunjut koʻngʻizi, tunlamlar; kasalliklari: foʻzarioz, bakterioz, gommoz.
Halima Otaboyeva, Dilerom Yormatova.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |