Kontent qismiga oʻtish

Lamprofirlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lamprofirlar (yunoncha: lampros — yaltiroq va porfir) — tomirli magmatik togʻ jinsi. Gipabissal, toʻq rangli (melanokratli) va hosil boʻlish geologik sharoitlari boʻyicha bir-biriga yaqin boʻlgan tomirli magmatik jinslarning alohida guruhiga kiradi. Qolgan intruziv togʻ jinslaridan kimyoviy va mineral tarkibining oʻziga xosligi, ulardan tashkil topgan tanalar strukturasi va morfologiyasi bilan farqlanadi. Tarkibi ishqorli va ohak-natriyli dala shpatlari, toʻqrang slyuda, shoh aldamchisi, amfibol, piroksen, magnetit, pirit va apatit minerallaridan tashkil topgan. Strukturasi mayda donador, zich yoki porfirsimon. Rangi toʻq kulrang, qoragacha. Lamprofirning porfirli xillarida, odatda, rangli minerallar porfirli struktura hosil qilib, porfirni ajralib chiqishi kuzatiladi. Ohak-ishqorli lamprofirlar spessartit, kersantit va ishqorli lamprofir esa kamptonit, alneit va boshqa togʻ jinslarini hosil qiladilar. Ayrim holda lamprofirning asta-sekin porfiritlarga oʻtishi kuzatiladi.

Slyudaga boy boʻlishiga koʻra, yaltiroq, diabazeimon jinslar uchun lamprofir termini Gyumbel tomonidan 1879-yilda kiritilgan. Keyinroq lamprofirga barcha tuk, rangli (melanokratli) tomirli jinslar kiritilgan. Lamprofir Oʻzbekistonning Chotqol-Qurama, Hisor, Zirabuloq-Ziyovuddin togʻlarida keng tarqalgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil