Kontent qismiga oʻtish

Latifa

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Latifa (arabchadan mutoyiba, hazil) — xalq hajviyoti janrlaridan, tanqidiy mazmundagi qisqa yumoristik hikoya. Qadimdan Oʻrta Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan. Latifalar qahramoni jonli va taʼsirchan soʻzlaydigan, hazilmutoyibaga boy, haqiqat va adolatni himoya qiluvchi hozirjavob shaxs. Latifa syujetini qochiriq, kesatik, piching toʻla hajviy epizod va holatlar tashkil etadi. Sarguzasht harakteridagi syujet sodda va loʻnda ifoda etiladi. Latifaning ilk namunalari Yusuf Xos Hojibning "Qutadgʻu bilig", Saʼdiyning "Guliston" asarlarida uchraydi. Latifa janri XI asrdan soʻng keng shakllandi va rivoj topdi. Rabgʻuziyning "Qissai Rabgʻuziy", Alisher Navoiyning "Hamsa" va boshqa asarlarda xalq orasida maʼlum va mashhur boʻlgan latifalardan foydalanilgan. Latifa qahramoni oʻzbeklarda Afandi, tojiklarda Mushfiqiy, turkmanlarda Mirali nomi bilan yuritiladi. Oʻzbek xalq latifalarini dastlab Sharif Rizo toʻplab, nashr ettirgan (1941).

Ad:. Oʻzbek xalq latifalari, T., 1971.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil