Kontent qismiga oʻtish

Latoif

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

LATOIF (arab. nozik nuqtalar; birlik shakli - «latifa»). Naqshbandiya tariqatida «xafiy» (pinhona) zikr amalga oshirishda diqqatni jamlash lozim bo‘lgan nuqtalarga «latifa» yoki «latoifi xamsa» (besh nozik nuqta) deyiladi. Bu nuqtalar inson tanasining ko‘krak qafasi qismida joylashgan bo‘lib, ularning o‘rni tananing tashqi belgilari orqali aniqlanadi.

Har bir «latifa» (keyingi o‘rinlarda «nuqta») o‘z nomiga ega bo‘lib, ular: 
«qalb» - joylashuvi chap ko‘krakning ostida (ikki barmoq bo‘g‘ini chaproqda); 
«ruh» - joylashuvi o‘ng ko‘krakning ostida (ikki barmoq bo‘g‘ini o‘ngroqda); «sir» - joylashuvi chap ko‘krakning ustida (ikki barmoq bo‘g‘ini tepada); 
«xafiy» - joylashuvi o‘ng ko‘krakning ustida (ikki barmoq bo‘g‘ini tepada);
«axfo» - ko‘krak qafasining markazi (anatom. «quyosh chigali» qismida). 

Zikr uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha nuqtalar: «nafs» - kindikdan ikki barmoq bo‘g‘ini pastroqda, «sulton» - peshonaning (ikki qoshning) o‘rtasida joylashgan. Naqshbandiya tariqatidagi «xafiy» zikr «nafy-u isbot» zikri deb nomlanadi. Buning sababi zikrda foydalaniladigan «la ilaha illAlloh» kalimasi tuzilishiga ko‘ra birinchi qismi (la ilaha) «nafiy» ya’ni inkor, ikkinchi qismi esa (illAlloh), inkordan istisno, ya’ni isbotdir. Bunda kalimani zikr etuvchi «la ilaha» deganda ko‘ngildan barcha narsani chiqarib tashlab, qalbini bo‘shatishi - «nafiy», «illAlloh» deganda esa fikru zikrini faqat Allohga qaratishi - «isbot» deyiladi. Zikr jarayonida avval til tanglayga tekkizilib, nafas ushlab turiladi va fikran toq marta «la ilaha illAlloh» kalimasi aytiladi. Kalimaning «la ilaha» qismi fikrdan o‘tayotgan paytda zikr «nafs» nuqtasidan ikki qoshning o‘rtasiga ko‘tarilgani tasavvur qilinadi va «illAlloh» qismi fikrdan o‘tayotgan paytda kuch bilan «qalb» nuqtasiga «uriladi». Bir nafas olganda kalima 3, 5 yoki 7 yoxud 9 marta, to 21 martgacha qaytariladi. Nafas chiqarilayotganda «Muhammadu-r-rasululloh» kalimasi fikrdan o‘tkaziladi. Zikr shu yo‘sinda 1001 marotaba qaytariladi. Har bir qaytariqda «Ilahiy anta maqsudiy va rizoka matlubiy» (Tangrim, maqsadim Sensan va istagim roziligingni topish) deyiladi. «Qalb» nuqtasida zikr ado etish o‘zlashtirilgach, diqqat «ruh» nuqtasiga qaratiladi va yuqoridagi amaliyot 1001 marta «qalb», 1001 marta «ruh» nuqtasiga yo‘naltiriladi. So‘ngra diqqat «sir» nuqtasiga qaratilib, zikr yana 1001 marta «qalb», 1001 marta «ruh», 1001 marta «sir» nuqtasiga yo‘naltiriladi. Xuddi shu tartibda «xafiy» va «axfo» nuqtalariga ham zikr yo‘naltiriladi. Barcha bosqichlar bosib o‘tilgach, zikr ado etuvchi «la ilaha» kalimasini «nafs» nuqtasidan peshonaga ko‘tarib, barobariga beshta nuqtaga «uradi». So‘nggi tartibdagi zikr bajarilish jarayonida «latoif» nuqtalari tebranib, miya orqali butun tanani qamrab olishiga diqqat qilinadi. Bu bosqichdagi zikr «zikri sultoniy» deb ataladi[1].

  1. tasavvuf Atamalari izohli lug'ati, ,Toshkent Islom Universiteti Islomshunoslilk ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahr 2015.