Kontent qismiga oʻtish

Lazgi (ansambl)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"Lazgi", "Oʻzbekraqs" qoshidagi Komiljon Otaniyozov nomidagi "Lazgi" ashula va raqs ansambli — Xorazm ashula va raqs ansambli. Oʻzbek davlat filarmoniyasi (Toshkent) qoshida 1957-yil tashkil etilgan. 1968-yildan "Lazgi" nomida, 1991-yildan Komiljon Otaniyozov nomida, 1997-yildan "Oʻzbekraqs" tarkibida. Asoschisi, badiiy rahbari va bosh baletmeysteri G. Rahimova. Keyingi rahbarlari K. Otaniyozov (1958-59), O. Otajonov (1982-86 va 1987-88), R. Sharipova (1986-87), R. Qurbonov (1988-yildan). Ansamblning bosh baletmeysteri — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Z. Gʻiyosova, yetuk ijrochilari — O. Otajonov, G. Yoqubova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar F. Solihova, Sh. Sultonov, I. Zaripova, M. Oynaqulova va shuningdek, Z. Gʻafforova, O. va U. Suyunboyevalar va boshqa ansambl repertuari, asosan, Xorazm xalq qoʻshiq va raqslari ("Norim-norim", "Orazibon", "Ogʻajon", "Surnay lazgisi", "Xiva lazgisi"), masharaboz oʻyinlari ("Choʻgurma raqsi", "Chogʻalloq" va boshqalar), shuningdek, zamonaviy qoʻshiqlar ("Oʻzbekiston qizlari", "Xorazm paxtasi", "Mening yorim", M. Mirzayev; "Sen va men", "Kelkel yorim", "Xorazmu Buxoro", O. Otajonov), ashula-raqs kompozitsiyalari va syuitalar ("Salom sizga Xorazmdan", K. Otaniyozov; xalq kuylaridan tuzilgan "Lazgi salomi", "Xorazm toʻyi", "Xiva sayili", "Arka momoning niyat kitobi", "Ogʻa qaqir", "Hayroniman", "Maqom" va boshqalar)dan iborat. "Lazgi" ijro dasturidan hind, arab, tojik, rus, turkman, qozoq, ozarbayjon, ajar, afgʻon, gruzin, uygur va boshqa xalqlarning raqslari qam oʻrin olgan. "Lazgi" Yevropa va Osiyo mamlakatlarida gastrolda boʻlgan. Korfagendagi Etnografik ansambllar 8-festivali diplomanti (Tunis, 1975), Iordaniyaning 1-darajali "Mustaqillik" ordeni bilan taqdirlangan (1984).

Botir Matyoqubov[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil