Laziz Azizzoda
Laziz Azizzoda | |
---|---|
Tavalludi |
1889-yil Toshkent |
Vafoti |
1987-yil Toshkent |
Istiqomat joylari | Toshkent, Buxoro, Moskva |
Fuqaroligi | Turkiston general-gubernatorligi, Turkiston ASSR, O‘zbekiston SSR |
Kasbi | sharqshunos |
Sohasi | sharqshunoslik, jurnalistika |
Ish joylari | „Buxoro axbori“ gazetasi, Toshkentdagi oliy o‘lka badiiy texnikumi, Millatlar xalq komissarligi qoshidagi o‘zbek sho‘basi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti |
Taʼlimi | O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharq fakulteti |
Laziz Azizzoda (1889, Toshkent — 1987, Toshkent) — ilmiy xodim, sharqshunos. „Milliy istiqlol“ tashkiloti faollaridan biri sifatida qatag‘on qilingan.
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Laziz Azizzoda 1889-yilda saroybon oilasida tug‘ilgan. Eski maktabni tugatib, Toshkent madrasalaridan birida tahsil olgan (1914—1917). Toshkentning Eski shahar qismidagi Rossiya Kommunistik bolsheviklar partiyasi musulmon byurosida mas’ul lavozimlarda ishlagan. So‘ngra Buxoro Xalq Sovet Respublikasiga borib, „Buxoro axbori“ gazetasida muharrir o‘rinbosari va nashriyotda direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan (1920—1921)[1]. So‘ngra Toshkentdagi oliy o‘lka badiiy texnikumida direktor o‘rinbosari (1921-yil yozi), Millatlar xalq komissarligi qoshidagi o‘zbek sho‘basida kotib va „Uchqun“ jurnalida tahrir hay’ati a’zosi bo‘lib ishlagan (Moskva, 1923—1924).
1924-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharq fakultetiga o‘qishga kirib, bir yildan so‘ng diplom olgan. 1925—1926-yillarda Ilmiy markazda ishlagan. Laziz Azizzoda shu yillarda Turkistondagi milliy istiqlol uchun boshlangan yashirin harakatda ishtirok etadi. Tarqatib yuborilgan „Milliy ittihod“ tashkiloti o‘rniga, uning tashabbusi bilan „Milliy istiqlol“ tashkiloti tuziladi (1926). 1926-yil oxirlarida Moskvaga chaqirib olinadi. Moskvaga borib, Sharq xalqlari kommunistik universitetida o‘qituvchilik qilgan, ayni vaqtda SSSR xalqlari etnik madaniyati ilmiy-tekshirish institutining aspiranturasida o‘qigan[2].
1927-yil aprelida, nomzodlik dissertatsiyasi himoya qiladigan kuni aksilinqilobchilik va millatchilik faoliyati bilan shug‘ullangan yashirin tashkilotning faollaridan biri sifatida Davlat xavfsizlik boshqarmasi qamoqqa olinadi. Laziz Azizzoda sovet davlatining qatag‘on siyosati qoralangan 50-yillarda ozodlikka erishadi. Oqlanganidan so‘ng uzoq muddat O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim bo‘lib xizmat qiladi[3]. Laziz Azizzoda o‘tgan asrning 30—50-yillarida yashagan davlat, jamoat va madaniyat arboblariga bag‘ishlangan kitob va risolalar muallifi.
Maqolalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Azizzoda L. Shahar boshlig‘i haqida musulmon bolsheviklarining qarori: [Toshkent shahri boshlig‘i Islombek Xudoyorxonov haqida] // Ishtirokiyun. 1918-yil 16-noyabr.
- Azizzoda L. O‘lka musulmon byurosi saylanishi munosabatida // Ishtirokiyun. 1919-yil 17-oktyabr.
- Azizzoda L. Buxoroda inqilob // Ishtirokiyun. 1920-yil 14-mart.
- Azizzoda L. Kuchimiz ortmoqda // Buxoro axbori. 1921-yil 13-mart.
- Azizzoda L. Hamma narsa bilim uchun // Buxoro axbori. 1921-yil 5-aprel.
- Azizzoda L. Behbudiy // Maorif va o‘qituvchi. 1926-yil 2-son.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Каримов Н. Абдулла Қодирий замондошлари. Энциклопедия. Тошкент: Akademnashr, 2019 — 26-bet.
- ↑ Тарихнинг номаълум саҳифалари: ҳужжат ва материаллар. Биринчи китоб / тўпловчи ва масъул муҳаррир Н.Каримов. Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2009 — 101-bet.
- ↑ История и историки Узбекистана в XX столетии / Ответственный редактор Д.А. Алимова. Ташкент: Navro‘z, 2014 — 344-bet.