Lesya Ukrainka
Lesya Ukrainka [taxallusi; asl ism-sharifi Kosach (Kosach-Kvitka) Larisa Petrovna; 1871.13(25).2, NovgorodVolinskiy, hozirgi Jitomir viloyati — 1913.19.7(1.8), Surami (Gruziya); Kiyevda dafn etilgan] — ukrain yozuvchisi. Onasi Olyona Pchilka ham yozuvchi boʻlgan. L.U. sheʼriyatda va dramaturgiyada Shevchenko anʼanalarini davom ettirgan. Ilk sheʼrlar toʻplami "Qoʻshiqlar qanotida" 1893-yilda nashr etilgan. Mazkur toʻplamdan joy olgan sheʼrlarda ukrain xalq ogʻzaki sheʼriyatiga xos ohanglar koʻzga tashlanadi. "Oʻylar va orzular" (1899), "Akssadolar" (1902) toʻplamlarida shoiraning chor hokimiyatiga nisbatan nafratli munosabati ifodalangan. L.U.ning "Oy afsonasi" (1892), "Robert Bryus, Shotland qiroli" (1893), "Asir" (1903), "Oppoqqina Izolda" (1912) kabi dostonlari ham bor. Yozuvchining "Moviy gul" (1896) nomli birinchi dramasi oʻsha yillardagi ukrain dramaturgiyasiga xos maishiy hayot va etnografik urf-odatlar tasviriga qarshi isyon sifatida maydonga kelgan. "Kuz ertagi" va "Magʻoralarda" (1906) dramalarida 1905-yil inqilobi bilan uygʻun gʻoyalarni olgʻa surgan. "Kassandra" (1908), "Tosh xoʻjayin" (1912) dramalarida mifologik obraz va syujetlarga murojaat etgan holda oʻz davri voqealariga munosabat bildirishga uringan. "Oʻrmon qoʻshigʻi" (1912) dramasi L.U. ijodining choʻqqisidir. Bu asar xalq folklori asosida yozilganligi va faol gumanistik mohiyati bilan ajralib turadi. Unda ukrain adabiyotida birinchi marta inson va tabiat mavzui qalamga olindi. Ushbu drama asosida opera, balet va kino asarlari yaratilgan. L.U. "Dengiz uzra" (1898), "Doʻstlik" (1905), "Xato" (1906) singari nasriy asarlarning ham muallifi. 1971-yilda L.U.ning 100 yilligi keng nishonlandi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻtmish ertagi, T., 1961; Tanlangan asarlar, T., 1971.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Rashidov A., Lesya Ukrainka, T., 1972.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |