Kontent qismiga oʻtish

Liviya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Libyadan yoʻnaltirildi)

Liviya, Liviya Arab Sotsialistik Xalq Jumhuriyati (Al-Jamahiriya al-Arabiya al-Libiya ash-Shaʼbiya alIshtirokiya) — Shimoliy Afrikadagi davlat. Maydoni 1759,5 ming km². Aholisi 5,2 mln. kishi (2001). Poytaxti — Tripoli shahri Maʼmuriy jihatdan 13 viloyat (baladiyya)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Liviya — jamahiriya (xalq ommasi davlati). Konstitutsiyasi yoʻq. Rahbar organ — Inqilobiy (Tarixiy) rahbariyat. Qonun chiqaruvchi organ — umumiy xalq kongressi. Ijrochi hokimiyat — hukumat vazifasini bajaruvchi Oliy Xalq qoʻmitasi. Davlat boshligʻi — Liviya inqilobi rahbari, Liviya Arab Sotsialistik Xalq Jamahiriyasi boshligʻi Muammar Qazzofiy (Kaddafiy).

Liviya hududining 98% subtropik chala choʻl (shimolida) va tropik choʻldan (janubida) iborat. Qirgʻoq chizigʻi nisbatan tekis. Eng katta va yagona qoʻltigʻi — Sidra. Liviya yer yuzasining koʻp qismi plato (balandligi 200–600 m). Janubida Tibasti togʻligining tarmoqlari (balandligi 2286 m gacha) bor. Mamlakatning sharqiy qismini Liviya nuli egallagan. Geologik jihatdan Liviya hududi Afrika platformasi shimoliy yon bagʻrining bir qismidan iborat. Tokembriy kristalli jinslar yer yuziga chiqib yotadi. Soyliklar choʻkindi jinslar bilan to'lgan. Liviyaning markaziy qismida yosh vulqon jinslari koʻp. Yuqori boʻr — paleogen yotqiziqlari orasida neft konlari bor; gaz, temir rudasi, fosforit va boshqa qazilma boyliklar ham mavjud.

Iqlimi tropik, choʻlga xos iqlim. temperaturalarning mavsumiy va sutkalik farqi katta. Mamlakat shimolida subtropik iqlim, Oʻrta dengizga xos. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi shimolida 11 — 12° va janubida 15—18° gacha, iyulniki shimolida 27—29° va janubida 32—35°gacha, eng yuqori temperatura (50° dan oshadi) Liviya choʻlining markazida. Yillik yogʻin mamlakat shimolida 250–350 mm dan (Tarobulus al-Gʻarbda) 400–625 mm gacha (Kirenaikada). Issiq va kuruq hamsin shamoli esib turadi. Doim oquvchi daryolari yoʻq. Yer osti suvlari yuza joylashgan yerlarda vohalar bor. Kuruqoʻzanli vodiy koʻp.

Sohildagi boʻz va boʻz-jigarrang tuproqli yerlarda akatsiya, tamariks, makvis, kedr, sarv; jan.roqda dagʻal ut va buta usadi. Chul qismida oʻsimlik juda siyrak.

Hayvonot dunyosi, asosan, sudralib yuruvchilar (ilon, kaltakesak)dan iborat; chayon kup. Shimolida sirtlon, kash-qir, tulki, quyon uchraydi. Vodiylarda kushlar bor. Milliy bogi — Kuf.

Aholisining 98% arablar. Barbar, tuareg va tubular, yirik shaharlarida yevropalik (asosan, italyan)lar ham yashaydi. Rasmiy til — arab tili. Davlat dini — islom (musulmonlarning aksari sunna mazhabida). 90% aholi mamlakatning shimoliy qismida, choʻlda siyrak, bir qismi koʻchmanchi. Ahrlining 82% shaharlarda yashaydi (1990). Yirik shaharlari: Tarobulus al-Gʻarb va Bingʻozi.

Liviya hududida odam qadimdan yashab keladi. Ming yillar davomida ibtidoiy jamoa tuzumi xukm surgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmida Liviya gʻarbida Leptis-Magna, Sabrata va Ea degan Finikiya manzilgoxlari vujudga keldi. 7-asrda Liviya sharqida yunonlarning shaharchalari paydo boʻldi. Shulardan muximi Kirena. Keyinchalik Liviya hududining bir qismi Kirenaika deb yuritildi. Miloddan avvalgi 5-asr oʻrtalarida Liviyaning gʻarbiy qismi Karfagen qoʻl ostiga oʻtdi. Miloddan avvalgi 6-asr oxiri va 5-asr boshlarida Kirenaikaning bir qismini Axomaniylar davlati, keyinchalik makedoniyalik Aleksandr qoʻshinlari bosib oldi. Miloddan avvalgi 2-asrda uni Rim egallagan. 6-asrdan Liviya Vizantiya tarkibiga kirdi. 7-asrda Liviya Arab xalifaligiga qoʻshib olingan. Liviyaga juda koʻp arab qabilalari koʻchirib keltirilishi natijasida mahalliy aholi arablar bilan chatishib ketgan. Islom dini keng tarkalgan.

Liviya 16-asrdan 1912-yilgacha Usmonli turk saltanati tarkibida boʻldi (faqat 1711 — 1835-yillari Liviyani mahalliy Karamanli sulolasi boshqardi). 1911 — 12 yillardagi Italiya-Turkiya urushidan soʻng Liviyaning sohil boʻyi hududlarini Italiya egalladi. Mahalliy aholi Italiya mustamlakachilariga qattiq qarshilik koʻrsatdi. Birinchi jahon urushi davrida Italiya oʻz qoʻshinlarining bir qismini Liviyadan olib chiqib ketishga majbur boʻldi. Italiya qoʻl ostida faqat Hims, Tarobulus al-Gʻarb va Bingʻozi shaharlari qoldi. Bu vaqtda Kirenaika hududi Sanusiya tariqati qoʻl ostida edi. 1918-yil Tarobulus al-Gʻarbtaniya respublikasi eʼlon qilindi. Italiya hukumati oʻz mustamlakalaridan ajralib qolishdan qoʻrqib, Sanusiya tariqati boshligʻi Idris as-Sanusiyni Kirenaika hukmdori deb tan olishga, Tarobulus al-Gʻarbtaniya respublikasiga muxtoriyat huquqi berishga majbur boʻldi. 1922-yil Idris as-Sanusiy Kirenaika va Tarobulus al-Gʻarbtaniya amiri deb eʼlon qilindi. Italiyada hokimiyat fashistlar qoʻliga oʻtgach (1922), Liviyani butunlay boʻysundirish uchun urush harakatlari yana boshlab yuborildi. Mahalliy aholi koʻplab qatl qilindi. Juda koʻp yerlar italyan kelgindilariga boʻlib berildi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari ustidan Italiya nazorati oʻrnatildi. Bunga qarshi Liviyada ozodlik harakati yanada avj olib ketdi. Italiya qiyinchilik bilan Tarobulus al-Gʻarbtaniya (1928), Fetssan (1930)ni bosib oldi. 1939-yilga kelibgina Kirenaika, Tarobulus al-Gʻarbtaniya va Fetssan Italiya tarkibiga kiritildi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Italiya mustamlakalarini kengaytirish uchun Liviyadan baza sifatida foydalanishga urindi. Liviyada harbiy bazalar, katta tosh yoʻllar qurildi, portlar qayta tiklandi, mustamlaka qoʻshinlari tuzildi. Ikkinchi jahon urushida fashist qoʻshinlari magʻlubiyatga uchray boshlagach, ItaliyaGermaniya qoʻshinlari Liviyadan butunlay olib chiqildi. 1942-yil oxiri — 1943-yil boshida esa fransuz askarlari Fetssanni, ingliz askarlari Kirenaika va Tarobulus al-Gʻarbtaniyani egalladi. Shu vaqtdan Liviya Buyuk Britaniya va Fransiya harbiy maʼmuriyati qul ostiga oʻtdi.

Liviya takdiri haqidagi masala dastlab 1945—48 yillarda Tashqi ishlar vazirlari kengashi (Ikkinchi jahon urushidan keyin yarash bitimlarini tayyorlash maqsadida taʼsis etilgan xalqaro organ)da, soʻngra BMTda muhokama qilindi.

1949-yil noyabrda BMT Bosh Assambleyasi Liviyaga 1952-yil 1-yanvardan mustaqillik berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. 1950-yilda chaqirilgan Milliy taʼsis majlisi Liviya konstitutsiyasini qabul qildi. 1951-yil 24-dekabrda mustaqil Liviya Qoʻshma Podshohligi (tarkibida Kirenaika, Tarobulus al-Gʻarbtaniya, Fetssan vilo-yatlari boʻlgan federatsiya) tuzilganli-gi eʼlon qilindi.

1963-yilda Liviya unitar davlat deb eʼlon qilindi. Ayollarga saylov huquqi berildi. Mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayoti hamon yirik zamindorlar, qabila shayxlari qoʻlida edi. Demokratik harakatlar qattiqqoʻllik bilan bostirilar edi.

1969-yil 1-sentabrda yashirin siyosiy tashkilot aʼzolari — yesh armiya ofitserlari guruhi monarxiyani agʻdarib tashlab, Liviya Arab Respublikasi (LAR) tuzilganligini eʼlon qildilar. Mamlakatni boshqarish Inqilobiy qoʻmondonlik qoʻmitasi qoʻliga oʻtdi. Liviyada "Liviya islom sotsializmi" qurilishi eʼlon qilindi. 1970-yilda barcha chet davlatlarning harbiy bazalari LAR hududidan chiqarib yuborildi. 1972-yilda mamlakatda yagona siyosiy tashkilot — Arab Sotsialistik Ittifoqi tuzildi. 1977-yilda "Xalq hokimiyati" tartiboti eʼlon qilindi, mamlakatning nomi oʻzgartirilib, Liviya Arab Sotsialistik Xalq Jamahiriyasi deb ataldi. Oliy xalq kongressining 1979-yil 1—2-martdagi favqulodda sessiyasi qarori bilan Muammar Qazzofiy rasmiy ravishda davlat hokimiyat tizimidan tashqari turuvchi, amalda esa rahbar organ boʻlmish Inqilob rahbariyati boshligʻi boʻlib qoldi. Liviya 1955-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 1-sentabr — Inqilob Kuni (1969).

Liviyada Siyosiy partiyalar yoʻq. Liviya Jamahiriyasi ishlab chiqaruvchilar kasaba kongresslari uyushmasi umumiy kongressi 1972-yilda tuzilgan.

Liviya rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Iqtisodiyotning asosi — neft qazib chiqarish va uni qayta ishlash sanoati. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 35,6%, qishloq xoʻjaligining ulushi 5,5% (1989).

Sanoati neft va gaz konlari, neftni qayta ishlash, sement, metallurgiya, oziq-ovqat (zaytun moyi, meva va baliq konservalari, tamaki mahsulotlari), toʻqimachilik (jun gazlama), koʻnchilik korxonalaridan iborat, bir necha elektr stansiyalari bor. Yiliga oʻrtacha 9,8 mlrd. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Sanoat korxonalarining koʻpchiligi Tarobulus al-Gʻarb, Bingʻozi va boshqa sha-harlarda joylashgan. Misurotada yirik metallurgiya majmuasi, boshqa shaharlarda quvur, elektr simlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, traktor va avtomobil yigʻuvchi zavodlar bor. Hunarmandchilik rivojdangan.

Qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlar oʻrmonlar bilan birga 4,2 mln.ga (2%). Asosiy ekinlari: arpa va bugʻdoy. Sabzavot, meva (apelsin, mandarin, xurmo, uzum), yer yongʻoq, zaytun, tamaki ham yetishtiriladi. Liviya Sahroi Kabiridagi aholining asosiy mashgʻuloti — chorvachilik. Qoʻy, echki, qoramol, tuya, yilqi, eshak boqiladi. Sohil yaqinidagi suvda baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi.

Liviyada temir yoʻl yoʻq. Avtomobil transportining ahamiyati katta, uning uz. — 28 ming km, neft quvurlarining uz. — 3,4 ming km. Eksport qilinadigan neft va chetdan keltiriladigan yuklar dengiz transpor-tida tashiladi. Dengiz flotida 26 kema, shu jumladan, 12 tanker bor. Yirik portlari: Tarobulus al-Gʻarb va Bingʻozi. Tarobulus al-Gʻarb, Bingʻozi va Sabha shaharlarida xalqaro aeroportlar bor.

Liviya chetga neft va neft mahsulotlari, shuningdek, gaz, sitrus mevalar, teri, kimyoviy mahsulotlar va boshqa chikaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, oziq-ovqat, maʼdanli oʻgʻit, qurilish materiallari va boshqa keltiradi. Tashqi savdoda Italiya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Yaponiya, Koreya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Liviya dinori.

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shifokorlar Bingozidagi universitetning tibbiyot fakultetida, oʻrta malakali tibbiyot xodimlari maxsus maktablarda tayyorlanadi. Tibbiy xizmat tizimi asosan davlat qaramogʻida.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1975-yildan 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar uchun majburiy taʼlim joriy etilgan. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 6 yil, oʻrta maktabda 6 yil Barcha bosqichlardagi taʼlim — bepul. Liviyada 10 universitet, 17 oliy oʻquv yurti, 14 ilmiy tadqiqot markazi bor. 1975-yilda Afrikadagi eng yirik neft tadqiqotlari laboratoriya tashkil etilgan. Tarobulus al-Gʻarbda Davlat kutubxonasi (1917) va universitet kutubxonasi, Bingʻozida Xalq kutubxonasi, Bingʻozi universiteti kutubxonasi bor. Tarobulus al-Gʻarbda arxeologiya, etn., islom, tabiat tarixi muzeylari, Leptis-Magna, Sabrata va boshqa shaharlarda qad. tarix muzeylari mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. L.da nashr etiladigan yirik gaz. va jurnallar: "Al-Fajr alJadid" ("Yangi tong", arab tilidagi kundalik gaz., 1978-yildan), "Al-Jamahiriya" (arab tilidagi haftalik gaz., 1980-yildan), "Az-Zahf al-Axdar" ("Yashil hujum", arab tilidagi haftalik gaz., 1980-yildan), "Al-Muntijun" ("Ishlab chiqaruvchi", arab tilidagi haftalik gaz., 1978-yildan), "Jeysh ash-Shaʼb" ("Xalq armiyasi", arab tilidagi oylik jurnal, 1971-yildan). Jamahiriya axborot agentligi (JANA) — rasmiy axborot mahkamasi boʻlib, 1965-yildan faoliyat koʻrsatadi. Radioeshittirish korporatsiyasi 1957-yilda tuzilgan. Telekoʻrsatuv xizmati 1968-yilda tashkil etilgan.

Arab istilosidan soʻng 7-a, 8-asr boshlarida Liviyada adabiyot umumarab madaniyati asosida rivojlandi.

Ammo 16-asrdan L. adabiyoti tushkunlikka uchradi, 17—18-asrlarda Umar al-Farid, Ahmad al-Bahluliy kabi shoirlar kad. arab sheʼriyati anʼanalarini davom ettirdilar. 19-asr oxirida arab mamlakatlarida vujudga kelgan mada-niy uygʻonish harakati 20-asrning 1-yar-migacha Liviyaga ham taʼsir oʻtkazdi. Bu davrda ozodlik, maʼrifat va ijtimoiy mavzular Liviyaning mumtoz sheʼriyati uchun muhim boʻldi. Ahmad ash-Sharif, Mustafo bin Zikriy, Sulaymon alBaruniy va boshqa shoirlar qasidalarida mustamlakachilarga qarshi kurash mavzui keng ifoda etildi. Ahmad Rafiq al-Mahdum, Ibrohim al-Us t a Umar kabi shoirlarning 30—40-yillardagi asarlari xalqning Italiya bosqinchilariga qarshi kurashiga bagʻishlandi. L. mustaqillikka erishgandan soʻng adabiyot maydoniga Ali Sidqi Abdulqodir, Ahmad Fuod Shinnib, Ali ar-Ruqayn va boshqa shoirlar kelib qoʻshildi. 40—50-yillarda hikoyanavislik yuzaga keldi. Uning bosh mavzui — chinakam mustaqillik va ijtimoiy tenglik uchun kurashdan iborat boʻldi. Mustafo al-Misuratiy, Abu Harrus, Muhammad Afif, Tolib ar-Roviy kabi yozuvchilar oʻz asarlariga oddiy xalq vakillari — badaviylar, baliqchilar, fallohlar va hunarmandlarni bosh qahramon qilib oldilar. Keyingi yillarda Jumʼa al-Faroniy, Ahmad an-Nuayriy, Abdulhafiz al-Mayar kabi shoir va yozuvchilar adabiyot maydoniga kirib keldilar.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati qad. Neolit davriga mansub qoyaga ishlangan rasmlar (fil, bizon ovi manzarasi) topilgan. Finikiya sanʼati yodgorliklari (miloddan avvalgi 1-ming yillik) orasida loydan ishlangan haykallar, qora lok bilan har xil gul va suratlar so-lingan keramika buyumlari, shisha idishlar uchraydi. Mozaika va haykallar bilan bezatilgan Yunon, Qad. Rim, Vizantiya inshootlarining vayronalari saqlangan. Arab istilosi (7-asr oxiri, 8-asr boshlari)dan keyin tor koʻchali, 1 va 2 qavatli yassi tomli, hovlili uylar qurilgan, 18—19-asrlarda koshin va oʻyma naqshlar bilan bezatilgan koʻp gumbazli machitlar paydo boʻldi. Italiya xukmronligi yillarida (1912— 43) shaharlarda yev-ropacha kvartallar barpo etildi. Liviya mu-staqillikka erishgach, maktab, kasalxona, turar joy va maʼmuriy binolar zamonaviy tipda qurila boshladi. Geometrik shakllardagi naqshlar bilan bezatilgan gilamlar, bosma yoki kashtali charm va oʻymakorlik, zargarlik buyumlari xalq amaliy sanʼati qad. anʼanalarga boyligidan dalolat beradi.

Liviya va qoʻshni Magʻrib mamlakatlarining musiqasi koʻp asrlar davomida oʻzaro hamohang rivojlanib keldi. Shu sababli mazkur mamlakatning musiqa madaniyati (musiqa asboblari, janrlari, parda oʻlchovlari) mushtarakdir. Liviya musiqasi tarixiga oid maʼlumotlar deyarli yoʻq. Mamlakat tub aholisi — barbarlar musiqasida ohang, sheʼr va raqs oʻzaro qovushib ketgan. Surnay, rubob, ud, qonun, tor kabi cholgʻu asboblari keng yoyilgan. Azon aytish, Qurʼon suralarini oʻqishda alohida musiqiy ohang beriladi. Maqamlar tizimi ham rivojlangan.

19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Yevropa musiqasi taʼsir eta boshladi. Konsert ijrochiligi, estrada musiqasi kabi yangi shakllar paydo boʻldi. Mustaqillikka erishilgach (1951), musikaga eʼtibor kuchaydi. Teatr va musiqa ishlari bosh boshqarmasi tuzildi (1973). Milliy folklor ansambli shuxrat qozondi. Tarobulus al-Gʻarbdagi sanʼat va hunarmandchilik maktabi, Bingʻozidagi universitetda musika kadrlari tayyorlanadi.

Xalq tomosha anʼanalariga aylanib qolgan "Fonusxayol", qoʻgʻirchoq teatrlari va oʻziga xos ogʻzaki jurnal (koniakl axborot) Liviyada zamonaviy teatrning paydo boʻlishida muhim rol oʻynadi. 1935-yil Darnada Muhammad Abulhodi birinchi teatr truppasini tuzdi va bu truppa Misr, Yevropa teatri sanʼati taʼsirida rivojlandi. Liviya mustaqillik yillarida qator havaskorlik toʻgaraklari va professional uyushmalar: milliy musikali drama truppasi, Abdulhamid al-Mijrob rahbarligida Tarobulus al-Gʻarbdagi "Al-Amal", Misurotadagi "At-Toj-al-Fiddi" va boshqa paydo boʻldi. 1951-yil Mustafo Muhammad Lamir Milliy teatr uyushmasi (aktyor va dramaturglar birlashmasi) — birinchi Liviya teatrini tuzdi. Bu teatr re-pertuaridan Molyer, N. V. Gogol, hozirgi zamon Misr va Liviya dramaturglari asarlari mustahkam oʻrin oldi. Keyingi yillarda bir qancha xalq musiqa-raqs guruxlari ishlay boshladi. 1963-yil Tarobulus al-Gʻarbda musiqa-drama bilim yurti tashkil etildi. Bingʻozida xalq teatri truppasi, Tarobulus al-Gʻarb va Darna shaharlarida milliy teatrlar mavjud.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil