Loʻlilar
Loʻlilar, joʻgilar — koʻchmanchi xalq. Jahondagi barcha mamlakatlarda tarqoq holda yashaydi. L.ning, asosan, 2 guruhi: Yevropa L.i va Oʻrta Osiyo L.i bor. Oʻzbekistonda L., Tojikistonda joʻgilar, Armanistonda bosha, Angliyada misrlik, Eronda qoracha, Fransiyada firʼavn kabilasi, Finlyandiyada qora, Rossiyada sigan va boshqa nomlar bilan atalgan. L.ning asl vatani, qachon va qanday qilib jahonga tarqalganligi fanda uzoq vaqt jumboq boʻlib keldi. 19-asrda nemis tilshunosi A. A. Pott, F. Mikloshich L.tilining hind tili bilan qardosh til ekanligini aniqladi. Shuningdek, Eronda L.ning Karachi, Oʻzbekistonning ayrim r-nlarida moʻltoni deb atalishi Pokistondagi Karochi va Moʻlton shaharlari nomi bilan bogʻliq. Oʻrta Osiyo L.ining ayrim guruxlari joʻgi (hindcha kambagʻal, qashshoq), hindistoniy, boʻlujiy deb atalishi ham L.ning asl vatani Xindiston boʻlganligini tasdiqlaydi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, L.ning dastlabki guruhlari mil.ning boshlarida, 5—7-asrlar va keyingi davrlarda Shimoliy Hindistondan tarqala boshlagan. L.ning ayrim guruhlari Hindistondan — Belujiston — Afgʻoniston —Eron — Kavkaz — Turkiya — Yunoniston orqali, ikkinchi yoʻl Hindiston — Eron — Oʻrta Osiyo orqali boʻlgan.
Yevropa loʻlilari (oʻzlarini roma deb ataydilar). Tili hind tillari bilan bogliq boʻlib, shim. va jan. shevalarga boʻlinadi, shuningdek, oʻzlari yashaydigan mamlakat xalqi tilida ham soʻzlashadi. Dindorlari rasman pravoslav diniga eʼtiqod qiladi (ularda hind mifologiyasi bilan bogʻliq diniy tasavvurlar ham kuchli). L.ning Yevropaga kelgani haqidagi dastlabki maʼlumot 1100-yilga oid. 1417-yil Vengriya, 1418-yil Germaniya, 1422-yil Ispaniya, Italiya, 1430-yil Angliya va Boltiq boʻylari, 1500-yil Polsha va boshqa mamlakatlarga tarqaladi. Rossiyaga Ruminiya orqali kelishgan. Ular 15-asrda Bessarabiya, 16-asrda Belorussiya, 17-asrda Ukraina, Rossiyaning jan. r-nlariga tarqalgan (L. Angliyada gupiyes, Turkiyada chingine, Portugaliyada chidan, Italiyada zingali deb ataladi). L. hayot kechirish tarziga koʻra, oʻtroq va koʻchmanchilarga boʻlingan. Oʻtroq L. shahar chekkalarida yashab, hunarmandlik bilan mashgʻul boʻlgan. Koʻchmanchi L. tilanchilik, folbinlik, ot savdosi va boshqa bilan tirikchilik oʻtkazgan. L. kabila va kabila (ayrim hollarda bir tuda qarindoshlar) ittifoqi — taborga uyushib, tabor tepasida saylab qoʻyiladigan boshliq tur Oʻrta Osiyo loʻlilari (oʻzlarini mugat, tub aholi ularni loʻli, joʻgi, mazang deb ataydi). Qadimdan Samarqand, Buxoro, Toshkent, Fargʻona, Qoʻqon, Qarshi kabi shaharlar atrofi va ularga tutash qishloqlarda yashab keladi. L. oʻzbek va tojik tillarida soʻzlashadi, ammo tojik tili ularning turmushida asosiy hisoblanadi. (Oʻrta Osiyo L.i lavzi mugʻat yoki arabcha deb ataladigan oʻzlarining maxsus soʻzlashuv tiliga ham ega). Loʻlishunos X. Nazarov oʻlkamizga L.ning kirib kelishini 3 guruhga boʻladi. Birinchi guruhi — mahalliy L. (mugʻati tubjoyi) — ancha oldin kelgan; ikkinchi guruh — afgon L.i (joʻgi, afgani); uchinchi guruh esa — hind L.i (moʻgʻati hindu) boʻlib, bular ancha keyin kelgan. Olim L.ni yana oʻz navbatida 3 ta etnografik guruhga boʻladi: 1) asosan, koʻchmanchilik qilib xayrsadaqa yigʻib, kun koʻrishadigan, folbinlik, tabiblik, zargarlik qiluvchi L; 2) tovoqtarosh, ular yarim oʻtroqhayot kechirishadi, asosan, yogʻochga ishlov berish bilan shugʻullanishadi, xususan, yogʻochdan beshik, tovoq, qoshiq, choʻmich yasashadi. Qadimda ular yasagan yogʻoch tovoqlarga ehtiyoj katta boʻlgan, shu tufayli ularni tovoqtarosh deb atashgan; 3) mazang, oʻtrok L. (joʻgilar), asosan, mayda savdogarlik bilan, shuningdek, dehqonchilik bilan shugʻullanishgan.
L.ning erkaklari ot urchitish, ovchilik, temirchilik, metall eritish, savat toʻkish, gʻalvir, elak kabi buyumlar yasash hamda ayiq, maymun, ilon urchitish bilan shugʻullanishgan. Ayollari esa tilanchilik, folbinlik kilishgan. L.ning qon-qarindoshlik guruhi (toʻp, toʻpor)ga oqsoqol rahbarlik qilgan. Toʻp, toʻpor shu oqsoqol nomi bilan ham atalgan. Katta patriarxal oilaga esa ota bosh boʻlgan. Oʻrta Osiyo loʻlilari dinga befarq qaraydilar va rasmangina islom diniga kirganlar. Ularda jin, pari, alvasti, ziyon-zahmat haqidagi tasavvurlar juda kuchli. Oʻtroq hayot kechirayotgan L. oʻz atrofidagi mahalliy xalqlar taʼsirida ularning ayrim diniy odatlarini bajaradilar. L.da qadimdan endogam (ichki) nikoh hukmron.
L. kiyinishda, asosan, yerli aholidan farq qilmaslikka harakat qilishadi, erkaklari chopon (toʻn), etik, telpak, baʼzan boshlariga durra oʻrab yurishadi. Xotinlari yerli aholidek kiyinsada, lekin roʻmol oʻrashlari faqat L.ga xos. L.ning erkaklari ham, ayollari ham, asosan, kora va koʻk ranglarni xush koʻrishadi. Uylari ilgari pasttakkina boʻlib, usti qamish bilan yopilgan. Keyingi yillarda L. oʻrtasida sanʼatga ishtiyok kuchaydi, "Joʻgi" qoʻshiq dastalari xalq tantanalarida (toʻy, bazmlarda) xizmat qilmoqda.
L. asrlar davomida hamma yerda muttasil quvgʻinda boʻlgan, och-yalangʻoch kun koʻrgan. 1920-yillardan keyin L.ni oʻtroq madaniy hayotga koʻchirish, ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish ishiga alohida ahamiyat berildi. L. hozirgi davrda jamoa xoʻjaliklari, shirkatlar, sanoat korxonalarida ham ishlamoqdalar. Loʻli bolalarining hammasi maktabga jalb qilingan. Loʻli yoshlari oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olmoqdalar.
Ochil Boʻriyev, Sayfullo Tursunov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |