Lola Mamadaliyeva
Lola Mamadaliyeva | |
---|---|
Tavalludi |
1966 Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Ish joylari | Fargʻona politexnika instituti |
Taʼlimi | Fargʻona politexnika instituti |
Ilmiy darajasi | texnika fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor |
Lola Komiljonovna Mamadaliyeva (1966-yil, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, texnika fanlari doktori, professor.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Lola Mamadaliyeva 1966-yil Fargʻona viloyatida tugʻilgan. 1982-yilda Fargʻona badiiy tikuvchilik fabrikasi tikuvchisi, 1983—1988-yil Fargʻona politexnika instituti talabasi, 1992-yilda Fargʻona politexnika instituti avtomatik boshqarish tizimlari boʻlimi operatori boʻlgan[1]. 2003-yildan Fargʻona politexnika institutida assistent, katta oʻqituvchi, dotsent va hozirda professor lavozimida ishlab kelmoqda. Pedagoglik faoliyati bilan bir qatorda, energetika fakultetining xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, Fargʻona politexnika instituti „Jamoatchilik boshqaruvi va nazorat“ kengashi va institut ilmiy Kengashining aʼzosi, 2012—2017-yillarda Fargʻona politexnika instituti „Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari“ kafedrasi mudiri, 2017-yilda „Informatika va axborot texnologiyalari“ kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan[1].
Ilmiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]2003-yilda „Yarim oʻtkazgichlar fizikasi“ ixtisosligi boʻyicha aspiranturani tamomlab, 2009-yilda Toshkent „Fizika-Quyosh“ ilmiy tadqiqot institutida „CdTe dan tayyorlangan fotosezgir parda va BiTeSb-BiTeSe termoelektrik materiallari asosida koʻp maqsadli fototermo oʻzgartirgichlarni yaratishni tadqiqot qilish“ mavzusidagi texnika fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2020-yilda „Geterotuzilmali fotooʻzgartirgich va BiTeSb-BiTeSe dan tayyorlangan termoelementlar asosida yuqori samaradorlikka ega boʻlgan tanlangan nurlar fototermo-oʻzgartirgichlarni yaratish“ mavzusida texnika fanlari boʻyicha doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan[1]. Mamadaliyeva Lola 2 ta ilmiy ixtiro uchun patent va 3 ta xalqaro mualliflik guvohnomasi, 10 ta EHM dasturi uchun mualliflik guvohnomasi, 4 ta darslik, 6 ta oʻquv qoʻllanma va 5 ta monografiya, 25 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanma va koʻrsatmalar, 150 dan oriq ilmiy maqola va tezislar muallifi hisoblanadi. 2018-yili „Yil ayoli“ koʻkrak nishoni, 2021-yili „Maʼnaviyat fidoyisi“ koʻkrak nishoni, 2022-yili „Moʻtabar ayol“ koʻkrak nishoni, 2023-yili „Ilm-fan iftixori“ esdalik koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2020-yili „Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi“ III respublika tanlovi gʻolibi boʻlgan[1].