Kontent qismiga oʻtish

Lola Murotova

Ushbu maqola xushsifat maqolalar sarasiga kiradi.
Bu maqolani tinglang
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Lola Murodovadan yoʻnaltirildi)
Lola Murotova (Lola Murodova)
Lola Murotova
 Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi
Mansab davri
2020 – 2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 9-mart 1958-yil
Oltiariq tumani
Fargʻona viloyati
OʻzSSR
SSSR
Vafoti 30-may 2022-yil(2022-05-30)
(64 yoshda)
Oltiariq tumani
Fargʻona viloyati
Oʻzbekiston
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Millati oʻzbek
Siyosiy partiyasi OʻzLiDeP
Kasbi
  • fermer
Dini islom
Mukofotlari
Unvoni Oʻzbekiston qahramoni

Lola Neʼmatovna Murotova (Murodova) (1958-yil, 9-mart, Oltiariq tumani, Fargʻona viloyati, OʻzSSR, SSSR — 2022-yil 30-may, Oltiariq tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston) — Oʻzbekiston qahramoni. Atoqli oʻzbek fermeri. Qishloq xoʻjaligi ilmining taniqli namoyandasi va jamoat arbobi.

Oʻzbekiston qahramoni oliy unvoni (2019), Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi faxriy unvoni, El-yurt hurmati va Fidokorona xizmatlari uchun (2017) ordenlari sohibasi. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi boshqaruvining aʼzosi, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi (2020—2022) boʻlgan.

Lola Murotova qishloq xoʻjaligida 40 yildan ortiq mehnat qilgan. Oʻzbekistonda fermerlik harakatiga keng yoʻl ochilishi bilan birinchilardan boʻlib „Nurli obod“ fermer xoʻjaligiga asos solib, uni umrining oxiriga qadar boshqargan.

„Oʻzbekkino“ milliy agentligi buyurtmasiga asosan Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotovaning hayoti va mehnat faoliyatiga bagʻishlangan hujjatli film suratga olingan.

Lola Murotovaning tashabbusi bilan Toshkent—Andijon tezyurar yoʻlovchi poyezdi, Toshkent—Andijon, Andijon—Buxoro, Andijon—Xiva, Andijon—Termiz poyezdlari Oltiariq temir yoʻl bekatida 3 daqiqadan toʻxtab oʻtishni boshlagan.

Bolaligi va yoshlik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lola Murotova 1958-yil 9-martda Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida dehqon oilasida tugʻilgan. Oilada ikkinchi farzand edi[1]. Yoshligidan dehqonchilikka qiziqa boshlab[2], dehqonchilik ishlarini yaxshi oʻrganadi[3]. Otasi kolxozda traktorchi, mexanik, keyin esa injener boʻlib ishlagan. Ikkinchi Jahon urushida ishtirok etgan[2]. Akasi Nabijon Murotov kolxozda muhandis boʻlgan kezlari Lola Murotova traktorlarni haydab, unda texnikaga shaydolik paydo boʻladi[1].

Lola Murotova oʻzi yashaydigan Oltiariq tumanidan chiqqan ilgʻor ayol mexanizatorlarning suratlarini jurnallarda koʻradi, ularga oʻxshashni niyat qiladi. Uning kasb oʻrganishida ilk ustozi otasi boʻlgan. Lola Murotova maktabni bitirguniga qadar ishni ota kasbi — mexanizatorlikdan boshlaydi. Traktorlarda gʻoʻzalarga ishlov beradi. Soʻngra Oltiariq tumanidagi 82-hunar-texnika bilim yurtining mexanizatorlik va chevarchilik kursini tamomlaydi[2].

Lola Murotova avval traktorchi, mexanizator, oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir[4], jamoa xoʻjaligida bosh pudratchi, boʻlim boshligʻi, xoʻjalik raisi kabi lavozimlarda ishladi. Fermerlik harakatiga keng yoʻl ochilishi bilan 2006-yilda[1] birinchilardan boʻlib Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi Belariq qishlogʻida „Nurli obod“ fermer xoʻjaligiga asos soldi[3]. Markaziy Fargʻonaning choʻl-dasht yerlarida paxta, boshoqli don yetishtirishda yuqori natijalarga erishib, fermerlik sohasida oʻziga xos mahorat va tajriba maktabi yaratdi. Lolaxon Murotova fermer xoʻjaligi daromadlarini ishchilarini ragʻbatlantirishga, texnik vositalarni yangilash, innovatsion loyihalarga ajratdi. Bulardan tashqari u xayriya ishlariga ham oʻzining koʻpgina hissasini qoʻshdi[1]. Keyinchalik u Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi faxriy unvoni[4], El-yurt hurmati va Fidokorona xizmatlari uchun (2017)[5] ordenlariga sazovor boʻldi. Lola Murotova Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi boshqaruvining aʼzosi ham boʻlgan[6].

2019-yilda 150 nafar odam ish bilan taʼminlangan „Nurli obod“ fermer xoʻjaligida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining tayanch guruhiga asos solindi[7][8].

Oʻzbekiston qahramoni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2019-yil 28-avgustdagi Oʻzbekiston qahramoni unvonini berish toʻgʻrisidagi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan[9], Lola Murotovaga Oʻzbekiston qahramoni oliy unvoni berilib, oliy nishon — Oltin yulduz medali topshirildi[10][11][1]. Shavkat Mirziyoyev Lola Murotovaga Oʻzbekiston qahramoni mukofotini topshira turib, u haqda shunday degan edi[9]:

Men Fargʻonaga borsam, albatta, Lola opamning yoniga boraman. Nima boʻladi bu yil Lola opa deb soʻrayman. Gʻalla va paxta rejalarini eng ogʻir yillarda ham bajaradilar. Nimaga? Bu insonda Vatanga nisbatan yuraklarida shunday mehr-muhabbat borki, bu toʻgʻrisida gapirsangiz adogʻi yoʻq. Mana shu oddiyliklari, samimiyliklari oʻzbek ayolining timsoli, namunasi[9]

Oʻzbekiston qahramoni Lola Murotova Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzosi boʻlgan paytida Oʻzbekiston temir yoʻllari AJ boshqaruvchisiga Angren—Pop elektrlashtirilgan temir yoʻlida harakatlanuvchi tezyurar poyezdi temir yoʻlning Oltiariq bekatida ham toʻxtab oʻtishi taklifini bildirdi. Deputatning taklifi Oʻzbekiston temir yoʻllari aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan maʼqullandi. Bundan tashqari Oltiariq temir yoʻl bekatida Toshkent—Andijon tezyurar yoʻlovchi poyezdi, Toshkent—Andijon, Andijon—Buxoro, Andijon—Xiva, Andijon—Termiz poyezdlari 3 daqiqadan toʻxtab oʻtishni boshladi[12].

„Oʻzbekkino“ milliy agentligi buyurtmasiga asosan „Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi“ DUK tomonidan Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotovaning hayoti va mehnat faoliyatiga bagʻishlangan hujjatli film suratga olindi. Filmning taqdimoti 2020-yil 4-dekabrda Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyida boʻlib oʻtdi. Taqdimot marosimida Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Fayzullo Qosimov soʻzga chiqib, hujjatli film ijodkorlariga minnatdorlik bildirdi. Film ssenariy muallifi Qoʻqon davlat pedagogika instituti dotsenti Zeboxon Qobilova, filmga Doniyor Shokirov rejissorlik va Said Dalilxon Said Turgʻutxonov operatorlik qilishgan[13].

Faoliyati davomida Fargʻona viloyatidan Oliy Majlis Senati aʼzosi etib tayinlandi[14][15].

2022-yil 6-martda Lola Murotovaning davolanayotgani haqida xabar tarqaldi[16]. 12-mayda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Lola Murotova qattiq betob boʻlib qolgani haqida yozdi[17]. Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti topshirigʻi bilan bosh vazir oʻrinbosari Shuhrat Gʻaniyev, sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Prezident maslahatchisi oʻrinbosari Abdurashid Jurabayev va davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadovlar Lola Murotovaning holidan xabar olishdi. Oʻshanda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va boshqalardan konsilium boshchiligida tajribali shifokorlar tomonidan kerakli muolajalar olib borilayotgan edi[14].

13-mayda Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati faollari bilan uchrashganida Lola Murotova haqida toʻxtalib oʻtib, shunday degan edi[17]:

Kecha kechqurun bir masala meni qiynadi. Lola opa bugun zalda oʻtirishlari kerak edi. Ammo betob boʻlib qolibdilar. Oʻzim borib koʻrib kelay desam, shifokorlar bemorni bezovta qilmaslik kerakligini aytishdi. Koʻnglim juda gʻash boʻldi. Koʻp shifokorlarni yubordim. Yaratgandan iltijo qilamiz, tez kunlarda sogʻayib ketib, safimizga qaytsinlar[17]

Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda Lola Murotova vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarga Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati „xabarlar asossiz“ ekanligi va Lola Murotova shifoxonada davolanayotgani, uning ahvoli „stabil ogʻir holatda“ ligini maʼlum qildi[18].

2022-yil 30-mayda Lola Murotovaning vafoti haqida birinchi boʻlib Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi xabar tarqatdi. Shundan soʻng, Oʻzbekiston qahramonining vafoti munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev uning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi[19]. Taʼziya maktubida shuningdek, Tanzila Norboyeva, Nurdinjon Ismoilov, Abdulla Aripov, Xayrullo Bozorov, Shuhrat Gʻaniyev, Oʻktam Haitov nomlari ham qayd etilgan[20].

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan 2022-yil 31-mayda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidagi soʻzining avvalida Oʻzbekiston qahramoni Lola Murotovani xotirladi[21]:

Men Lolaxon opani koʻp yillardan buyon juda yaxshi bilar edim. Oxirgi paytlarda betob boʻlib, davolanayotgan edilar. Biz u kishi bilan doimo gaplashib, samimiy muloqot qilar edik. Xastaliklariga qaramasdan, har doim koʻtarinki kayfiyatda boʻlib, el-yurt tashvishi, oʻz kasbiga sadoqat bilan yashadilar. Halol va fidokorona mehnatdan bir daqiqa ham toʻxtamadilar. Lolaxon opa hayoti davomida juda koʻp qiyinchilik va sinovlarni boshidan oʻtkazdilar. Mustahkam irodasi va matonatini namoyon etib, faqat oldinga intilib yashadilar. Opaning ulkan gʻayrat va shijoatiga qoyil qolardim. Haqiqiy oʻzbek dehqon ayoli timsoliga aylanib, davrimizning chinakam qahramoni sifatida yashadilar. Ishonchim komil, Lolaxon opa yaratgan katta maktabni u kishining shogirdlari, oʻnib-oʻsib kelayotgan yoshlarimiz albatta munosib davom ettiradi. Bu fidoyi va vatanparvar yurtdoshimizning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi[21].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „Vatanga baxshida umr yoxud „Oʻzbekiston Qahramoni“ Lolaxon Murotovaning portretiga chizgilar“. Xs.uz (30-avgust 2019-yil). 2022-yil 31-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  2. 2,0 2,1 2,2 „Daladan oʻzga dardi yoʻq ayol — Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotova bilan suhbat“. Kun.uz (8-mart 2021-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  3. 3,0 3,1 „Prezident Lola Murotova vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi“. Gazeta.uz (30-may 2022-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  4. 4,0 4,1 „Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotova: Oddiy bir qishloq ayoliga koʻrsatilgan yuksak eʼtibordan boshim osmonga yetdi“. Uza.uz (29-avgust 2019-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  5. „Qishloq xoʻjaligi rivojiga hissasi uchun prezident tomonidan mukofotlanganlar roʻyxati keltirildi“. Kun.uz (10-dekabr 2017-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  6. „Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Boshqaruvining aʼzosi „Oʻzbekiston Qahramoni“ boʻldi“. Xs.uz (29-avgust 2019-yil). 2022-yil 31-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  7. „Oʻzbekiston Qahramoni boshchiligidagi fermer xoʻjaligi fidoyilari Federatsiyaga a’zo boʻldi“. Uza.uz (2-oktabr 2019-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  8. „Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotova boshchiligidagi „Nurli Obod“ fermer xoʻjaligi fidoyilari Federatsiyaga aʼzo boʻldi“. Xs.uz (2-oktabr 2019-yil). 2022-yil 31-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  9. 9,0 9,1 9,2 „Ziroat Mirziyoyeva Lola Murotova bilan uchrashdi“. Qalampir.uz (15-sentabr 2019-yil). Qaraldi: 6-iyun 2022-yil.
  10. „Yerga mehri sabab dala shiyponidan ketmaydigan Qaxramon“. Xs.uz (29-avgust 2019-yil). 2022-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  11. „Prezident farmoni bilan uch nafar fuqaroga «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni berildi“. Kun.uz (28-avgust 2019-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  12. „OʻzLiDeP deputatining taklifi bilan tezyurar poyezd Oltiariqda ham toʻxtab oʻtadi“. Gazeta.uz (29-oktabr 2019-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  13. „Fargʻonada “Lola Murodova” hujjatli filmining taqdimoti boʻlib oʻtdi“. Uza.uz (4-dekabr 2020-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  14. 14,0 14,1 „Oʻzbekiston qahramoni Lola Murotova vafot etdi“. Gazeta.uz (30-may 2022-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  15. „Yangilanayotgan Senat a'zolari: Hokimlar, oqsoqollar va tadbirkorlar“. Kun.uz (17-yanvar 2020-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  16. „Lola Murotova, Oʻzbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati aʼzosi: “Goʻshakni qoʻygach, koʻzimga yosh keldi”“. Xs.uz (6-mart 2022-yil). 2022-yil 8-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  17. 17,0 17,1 17,2 „„Lola opa bugun zalda oʻtirishlari kerak edi. Ularning betobliklarini eshitib koʻnglim gʻash boʻldi“ — prezident Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotova haqida“. Daryo.uz (13-may 2022-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  18. „Oʻzbekiston qahramoni Lola Murotova shifoxonada davolanmoqda“. Gazeta.uz (21-may 2022-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  19. „Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murodovaning barcha yaqinlari va Fargʻona viloyati faollariga“. President.uz (30-may 2022-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  20. „Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murodova vafoti munosabati bilan hamdardlik“. President.uz (30-may 2022-yil). Qaraldi: 30-may 2022-yil.
  21. 21,0 21,1 „Shavkat Mirziyoyev Lola Murotova haqida gapirdi“. Xabar.uz (31-may 2022-yil). Qaraldi: 5-iyun 2022-yil.

Ushbu maqolani tinglang (11 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 28-dekabr, 2023-yil(2023-12-28) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.