Lugʻati chigʻatoiy va turki usmoniy
Lugʻati chigʻatoiy va turki usmoniy – Sulaymon Buxoriy tomonidan tuzilgan chigʻatoycha va usmonli turkchasicha lugʻat.
Asar uch qismdan iborat:
A) Birinchi qism muqaddima boʻlib, u "Manzumai chigʻatoy" deb nomlangan. Bu qismda muallif asarning yozilish sababi, oʻzining tarjimai holi va lugʻatning tuzilishiga oid maʼlumotlarni keltiradi.
B) Asarning ikkinchi qismi "Qavoid" deb nomlangan. Bu qism asli eski oʻzbek tilining grammatik ocherkidir. Unda muallif, til qurilishiga oid tushunchalar bilan bir qatorda, chigʻatoy tilining oʻziga xos xususiyatlarini, uning boshqa turkiy tillarga oʻxshash va ulardan farqli tomonlarini ham aytib oʻtadi. Turkiy tillarni bunday qiyoslash asarning yutuqlaridan hisoblanadi.
C) Sulaymon Buxoriy asarining uchinchi qismini lugʻat tashkil etadi. Unda eski oʻzbek tilida ishlatilgan 7000 ga yaqin soʻz va turgʻun birikma usmonli turk tili vositasida izohlanadi. Soʻz maʼnolarining izohlari Alisher Navoiy va boshqa adiblarning asarlaridan olingan misollar bilan asoslab beriladi. Sulaymon Buxoriyning ushbu asari eski oʻzbek tilini oʻrganishda jiddiy va ishonchli manbalardan biri sifatida katta ahamiyatga ega.
Sulaymon Buxoriy – XIX asrda yashagan mashhur oʻzbek olimlaridan biri. U Buxorodagi madrasada oʻqidi, Turkiyada (Istambulda) hayot kechirdi. Vengriyada turkologlar anjumanida (1860) ishtirok etdi. Uning lugʻat tuzishgan mana shu anjuman qatnashuvi sabab boʻldi. Shayx Sulaymon Buxoriyning lugʻati taniqli turkolog I. Kunosh tomonidan nemis tiliga tarjima qilindi va 1902 – yilda Budapeshtda nashr etildi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Qo'chqortoyev, Iristoy. Turkiy filologiyaga kirish, Toshkent, 1984 — 29-bet.