Kontent qismiga oʻtish

Lunoxod

Vikipediya, erkin ensiklopediya

"LUNOXOD" — Oy sirtida harakatlanadigan SSSR apparatlari nomi. 1970-yil 10 noyabrda Yerdan Oy tomon uchirilgan "Luna-17" avtomatik stansiya 17 noyabrda Oyning gʻarbidagi "Yomgʻirlar dengizi" deb nom olgan qismiga ohista qoʻndirildi (qarang "Luna"). Shu kunning oʻzida undan maxsus moslama orqali Oy sirtiga "L.-1" tushib, oʻz harakatini boshladi. Unga yuklatilgan asosiy vazifa Oy sirtini kuzatish va kompleks ravishda tekshirishdan iborat edi. U bu ishlarni 1970-yil 17 noyabrdan 1971-yil 4 okt.gacha davom ettirib, shu davr ichida 10,5 km yoʻl bosdi, Oy sirtining 80 000 m2 qismini tekshirdi, 200 ga yaqin atrof manzara va 20 000 dan ortiq alohida fotosuratlarni Yerga uzatdi. "L.-1" germetik yopilgan ilmiy-kuzatuv asboblar va har biri elektr dvigatellar yordamida mustaqil harakatlanadigan 8 ta gildirakli aravachadan iborat. "L.-l" Yerdan turib boshqarildi, uning ichiga Oy sirtidagi tuproqning kimyoviy tarkibini tekshirish apparatlari, radiometrik moslamalar, rentgen teleskop va lazer qaytargich oʻrnatilgan. Oy sirtining tekshirilgan qismi, asosan, bazalt jinslaridan iboratligi maʼlum boʻldi. Bu oʻtmishda Oy zaminida kuchli vulqonlar roʻy berganligidan dalolat beradi. 1973-yil 13 yanvarda "Luna-21" avtomatik stansiyasi Oy sirtiga yana bir oʻzi yurar avtomatik apparat "L.-2"ni olib chikdi. Yanada mukammallashtirilgan bu apparat Oydagi Lemonye deb ataluvchi kraterga tushirildi. Keng koʻlamda kuzatish va tekshirish olib bora oladigan ilmiy asboblar oʻrnatilgan "L.-2" 4 oy ichida 37 km yoʻl bosib, Yerga Oy sirtining 86 manzarasini va 80 000 dan ortiq fotosuratlarini yetkazdi. Astrofotometr yordamida "L.2" Oy osmonining yorugʻligini kuzatib, Yer osmoni yorugʻligidan bir necha marta kuchli ekanligini aniqladi. Bundan Oy atrofini chang zarralari qurshab olgan, shu sababli ular Quyosh nurlari va Yerdan qaytgan nurlarni atrofga kuchli tarkatib turadi, degan muhim as-tronomik xulosa kelib chiqadi. Oyga 3 marta "Apollon" kosmik kemasida parvoz etgan amerikalik astronavtlar 2 oʻrinli "Rover" "L."dan foydalanib, koʻnish joyi atrofidan 27— 35 km gacha uzoklashgan. "L."lar "Planetoxod" larning oddiy bir koʻri-nishidir.

Ad.; Zigel F. Yu., Kometalar nima? T., 1956; Fizika kosmosa, [2-oye izdaniye], M., 1985.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil