Lyudmila boychechagi
Lyudmila boychechagi | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Yuksak oʻsimliklar |
Sinf: | Bir urugʻpallalilar |
Turkum: | Boychechak |
Oila: | Loladoshlar |
Binar nomi | |
Gagea ludmilae |
Lyudmila boychechagi (lotincha: Gagea ludmilae) – bir urugʻpallalilar sinfi, loladoshlar oilasi, boychechak turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Parkent shahrining janubi sharqiy qismida oʻsishi maʼlum[1].
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Balandligi 10-25 sm gacha yetadigan koʻp yillik piyozchali oʻt oʻsimlik. Piyozchasining diametri 6-8 mm. Bosh piyozcha atrofida 4-6 tagacha kichik piyozchalarni hosil qilishi mumkin. Kichik piyozboshlarda yangi nihollar oʻsib chiqib kichik toʻplam hosil qilishi mumkin. Ildizoldi barglari bandsiz, novsimon, uchi oʻtkirlashgan. Poyadagi barglari gullarining pastida halqa hosil qilib oʻrnashgan. Gulqoʻrgʻoni oddiy, qoʻshilmagan, uzunligi 10-15 mm. Gultojibarglari och pushti tusda. Hasharotlar yordamida changlanadi. Aprel oyida gullab mevasi mayda pishadi. Mevasi quruq, boʻlakli koʻsak meva. Urugʻi orqali yaxshi koʻpaymaydi, asosiy tarqalish usuli piyozcha hisoblanadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tabiatda kam tarqalgan. Kichik toʻplamlar hosil qilib oʻsadi, yosh nihollari hisobiga soni koʻpdek koʻrinadi. Gullab turgan tuplari nihoyatda siyrak. Unumdor tuproqlarda va quyosh nuri tik tushmaydigan joylarda topish mumkin. Oʻsadigan joylarida doimiy dehqonchilik ishlarini olib borish, chorva mollarining boqilishi oqibatida kamayib bormoqda. Bu oʻsimlik turi urugʻi orqali yaxshi koʻpaymaydi, asosiy koʻpayish yoʻli vegetativ aʼzo boʻlgan piyozcha hisoblanadi. Ugom Chatqol davlat milliy tabiat bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Gagea ludmilae“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.