Kontent qismiga oʻtish

Mukarram Turgʻunboyeva

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(M. Turgʻunboyevadan yoʻnaltirildi)
Mukarram Turgʻunboyeva
Tavalludi 31-may 1913-yil
Vafoti 26-noyabr 1978-yil(1978-11-26)
(65 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi SSSR
Mukofotlari

Mukarram Turgʻunboyeva (1913-yil 31-may, Fargʻona – 1978-yil 26-noyabr, Toshkent) – raqqosa, baletmeyster, oʻzbek ommaviy sahna raqsining asoschisi. Oʻzbekiston xalq artisti (1937).

Fargʻona pedagogika bilim yurtida oʻqib, havaskorlik toʻgaragida qatnashgan. 1928-yil konkurs asosida etnografik ansamblga qabul qilingan. 1929-yil Muhitdin Qoriyoqubov yordamida Samarqand davlat musiqali teatrining yordamchi guruhiga ishga kirgan.

1929—33-yillarda teatr aktrisasi, ham teatr qoshida tashkil etilgan studiya tinglovchisi sifatida faoliyat koʻrsatib, xalq raqsi, mumtoz raqs, ashula, aktyor ijrochiligi asoslarini oʻrgangan. Osiyo, Zebo (U. Hojibekov, „Arshin mol olon“), Oynisa, Xoljon xola (Gʻ. Zafariy, „Halima“), Asalxon (Komil Yashin, „Ichkarida“) kabi rollari bilan aktyorlik mahoratini namoyish etgan. Biroq Toshkentni musiqali dramalarda koʻproq raqslar qiziqtirgan. Usta Olim Komilov va Tamaraxonimning maxsus raqs mashgʻulotlarida qatnashib, milliy raqs asoslarini hamda „Duchava“, „Katta oʻyin“, „Usmoniya“, „Sadr“, „Ufori soxta“ nomli umumiy raqslarni, „Dilxiroj“ yakka raqsini oʻzlashtirib olib, ijro eta boshlaydi. Koʻpgina spektakllar („Oʻtdan parchalar“, „Kimga“, „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“ va boshqalar)ning raqslarini ijro etadi. 1935-yil „Paxta“ baletini sahnalashtirdi (Usta Olim va K. Bek bilan hamkorlikda). 1935-yildan oʻzi mustaqil raqslar yarata boshlaydi. Bu ish „Gulsara“ (Komil Yashin; T. Jalilov, N. Mironov) musiqali dramasidan boshlangan. 1937-yil Usta Olim Komilov bilan birga „Gulsara“ (Komil Yashin; T. Jalilov, T. Sodiqov, R. Glier), „Farhod va Shirin“ (Xurshid; V. Uspenskiy, G. Mushel, S. Sveyfel) spektakllariga raqslar sahnalashtiradi. 1937-yil Moskvada boʻlib oʻtgan oʻzbek sanʼati dekadasida qatnashib, raqqosa va baletmeyster sifatida yuqori baho oladi.

1939-yildan Navoiy nomidagi opera va balet teatrida ishlaydi. Balet boʻyicha A. Tomskiy, I. Arbatov, V. Gubskaya, P. Yorkinlardan taʼlim oladi. „Shohida“ (F. Tal) baletini sahnalashtirib, oʻzi bosh rolni ijro etadi. Gulandom (Yevgeniy Brusilovskiy, „Gulandom“), Oqbilak (S. Vasilenko, „Oqbilak“), Zarema (B. Asafyev, „Bokchasaroy favvorasi“), hind vakilasi (G. Mushel, „Balerina“) kabi obrazlarni yaratishda Turgʻunboyeva yevropa baleti usullaridan (oyoq uchida yurish va boshqalar) ijodiy foydalandi. Bir qator operalarda baletmeysterlik qildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida konsert brigadalari bilan Zakavkazye frontlarida boʻldi. Yakka va umumiy raqslar yaratdi: „Uygʻurcha raqs“, „Jonon“, „Rohat“, „Raqqosa“, „Tanavor“, „Nogʻora“, „Buxorocha“, „Gulsara“ va boshqa 1947-yil Us t a Olim bilan Tamaraxonimning „Doyra darsi“ni kayta tiklaydi. „Dilbar“, „Andijon polkasi“, „Pilla“ raqslarini yaratadi. „Toxir va Zuxra“ (S. Abdulla; T. Jalilov, B. Brovsin), „Gulsara“ (Komil Yashin; R. Glier, T. Sodiqov) operalariga baletmeysterlik qiladi. 1951, 1959-yillarda Moskvada boʻlib oʻtgan oʻzbek adabiyoti va sanʼati dekadasida qatnashgan. P. Yorkin bilan birgalikda „Ozoda chehra“ baletini sahnalashtiradi.

Turgʻunboyeva 50-yillarning boshlariga kelib, Oʻzbekistonning eng mashhur raqqosasi va yetakchi baletmeysteri darajasiga koʻtariladi. Yakka raqslarning mohir ijrochisi, ommaviy oʻzbek raqslarining ijodkori sifatida taniladi. Uygʻur, tojik, hind, afgʻon, moʻgʻul, koreys xalqlari raqslari asosida oʻziga xos sahnaviy raqslar sahnalashtiradi. Raqs sanʼatida erishgan yutuqlarini Xitoy, Koreya, Albaniya, Italiya, Avstriya, Afgʻoniston, Hindiston, Kombodja, Tailand mamlakatlarida namoyish etadi. Ayniqsa, T. tayyorlagan dastur, Q. Mirkarimova („Pilla“), F. Kaydani („Gulsara“), T. Yunusova („Bahor“) raqslari hamda Turgʻunboyeva ijrosidagi „Tanavor“, „Jonon“, „Andijon polkasi“ chet el tomoshabinlarida chuqur taassurot qoldiradi.

1955-yil Turgʻunboyeva oʻzi pedagoglik qilgan Toshkent xoreografiya bilim yurti qizlaridan 12 tasini ajratib olib, raskosa qizlar guruhini tashkil qiladi. 1957-yil shu guruh asosida „Bahor“ ansamblini tuzadi. T. Navoiy teatrida baletmeysterlik qilish bilan birga „Bahor“ ansamblida badiiy rahbar, bosh baletmeyster vazifalarida faoliyat koʻrsatadi.

Ayniqsa, „Bahor“ ansamblining shakllanishida xizmatlari beqiyosdir. Ansambl uchun 15 ta konsert dasturini tuzdi; „Bahor“, „Ufori sanam“, „Qoʻgʻirchoq“, „Fargʻona ruboyisi“, „Oʻynasin“, „Munojot“, „Oʻzbek valsi“, „Gulnoz“, „Aylanma“, „Beshqarsak“, „Gʻayratli qiz“, „Yetti goʻzal“, „Toshkent piyolasi“, „Shabadalar“, „Ey, shoʻx jonon“, „Alyor“, „Qari navo“, „Bayot“, „Zang“, „Shoʻx qiz“, „Xorazmcha“, „Paxta“, „Katta oʻyin“, „Uchrashuv“, „Lazgi“, „Dildor“, „Jonon“, „Dilbar“ kabi umumiy, yakkaxon va duet raqslar yaratdi. 1957-yil ansambl Jahon yoshlari va studentlari festivalining oltin medalini olishga muvaffaq boʻldi. 1960-yil „Bahor“ga Davlat ansambli maqomi berilishi munosabati bilan T. ansamblni iqtidorli yosh raqqosalar bilan mustahkamlab borish, ularning mahoratini oshirish, yangi raqs va raqs dasturlarini yaratish, badiiy saviyani hamisha baland ushlab turish, gastrol safarlarini yuqori darajada oʻtkazish, shu maqsadda oʻzbek raqs merosini oʻrganish, jahon xalklari raqslarini sahnalashtirish masalalari bilan umrining oxirigacha shugʻullanib keldi. Ansambl bilan Germaniya, Shvetsiya, Vengriya, Chexoslovakiya, Polsha, Misr kabi mamlakatlarda gastrolda boʻlgan.

  • 1947-yildan Toshkent milliy raqs va xoreografiya bilim yurtida pedagoglik qilgan. „Oʻzbekraqs“ milliy rake birlashmasiga, Toshkent koʻchalaridan biriga Turgʻunboyeva nomi berilgan.
  • Turgʻunboyeva hayoti va ijodiga bagʻishlangan „Salom, Bahor“ (1962), „Sanʼatga bagʻishlangan umr“ (1971), „Mukarrama opa va qirq goʻzal“ (1977) filmlari ishlangan.
  • 1993-yil 10 sentyabrda Turgʻunboyeva muzeyi ochildi.
  • Muzey Turgʻunboyevaning ijodiy merosi va faoliyatini saqlash va targʻib qilish bilan shugʻullanadi.
  • 1993-yildan Turgʻunboyeva nomidagi yosh ijrochiraqqosalar tanlovi oʻtkazilmoqda.
  • Davlat mukofoti (1946, 1951, 1973) va Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1976) laureati.
  • Vafotidan soʻng "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2001)[1].
  • Mayya Merkel, Mukarrama opa i sorok krasavets, Moskva, 1980
  • Avdeyeva L. A., Balet Uzbekistana, T., 1973
  • Tanets Mukarramoʻ Turgunbayevoy, T., 1989
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil