Kontent qismiga oʻtish

Maʼlumot

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Maʼlumot (pedagogikada) — shaxsning oʻqish-oʻrganish natijasida oʻzlashtirgan bilim koʻnikmalari hajmi, yoʻnalishi va darajasi. Taʼlimtarbiya hamda mustaqil bilim olish jarayonida olinadi. Maʼlumot insoning ongli faoliyati jarayonida oʻzlashtirib boriladi. Ushbu jarayon bolaning fikrlash qobiliyati shakllanishidan boshlab dastlab oilada, soʻngra uzluksiz taʼlim tizimining turli bosqichlarida taʼlimtarbiya olish davomida amalga oshiriladi. Uzluksiz taʼlim tizimining har bir bosqichida tegishli taʼlim standartlari hamda oʻquv das-turlari bilan belgilangan hajm va yoʻnalishdagi maʼlumot oʻzlashtirib boriladi. Maʼlumotni oʻzlashtirish jarayonini tashkil qilishning asosiy shakli taʼlim va tarbiya mashgulotlaridan iborat. Bunda maʼlumot oluvchini talaba, oʻquvchi, shogird, bu jarayonga rahbarlik qiluvchilarni oʻqituvchi, murabbiy, ustoz deb nomlanadi. Maʼlumot olish manbai darslik, qoʻllanma, qoʻshimcha adabiyotlar, atrof muhitdagi narsa va voqea-hodisalar, maʼlumot olish vositasi oʻquv qurollari hamda mantiqiy tafakkur jarayonidan iborat. Maʼlumot oila, bogʻcha, maktab, akademik litsey yoki kasbhunar kolleji, oliy oʻquv yurti, maktabdan tashqari taʼlim muassasalari, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim shakllari — aspirantura, doktorantura hamda qayta tayyorlash va malaka oshirishda oʻzlashtiriladi.

Shaxsning maʼlumot darajasi boshlangʻich, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, oliy boʻlishi mumkin. Maʼlumot umumiy va maxsus maʼlumotga ajraladi. Umumiy maʼlumot kelajakdagi ixtisosi, kasbidan qatʼi nazar, har bir kishi uchun zarur boʻlgan bilim, malaka va koʻnikmalarni anglatadi. Maxsus maʼlumot muayyan mutaxassislikdagi xodimning kasbiga oid maʼlumotni bildiradi. Umumiy maʼlumot maxsus maʼlumotning zarur negizidir. Maxsus maʼlumot oliy (qarang Oliy taʼlim), oʻrta maxsus va kasb-hunar (qarang Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi) maʼlumotlariga boʻlinadi.

Saidqosim Usmonov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil