Ma’muriy qamoqqa olish, qamoqqa olish va ozodlikdan mahrum qilish
Maʼmuriy qamoqqa olish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish va ozodlikdan mahrum qilish — ushbu jazo va ehtiyot choralar qonunni buzgan shaxslarga nisbatan qoʻllanadi. Biroq bu atamalar oʻz oʻrnida qoʻllanishi lozim. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻplab insonlar ushbu atamlarni notoʻgʻri qoʻllayapti va noʻtoʻgʻri tushunmoqda. Ushbu kamchiliklarni inobatga olgan holda ehtiyot va jazo choralari batafsil tushuntiriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining[1] 29-moddasiga[2] koʻra, maʼmuriy qamoqqa olish sodir etilgan qonunbuzarlikdan kelib chiqib uch sutkadan oʻn besh sutkagacha muddatga favqulodda holat tartibi sharoitida esa, jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun – oʻttiz sutkagacha muddatga qoʻllanadi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 241-moddasiga[3] binoan, diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzgan shaxsga oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi belgilanishi mumkin. Demak, bu jazo turi shaxs Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalariga zid harakat qilganda qoʻllanadi. Shu sababli ham bu jazo turi maʼmuriy qamoqqa olish deb ataladi. Biroq maʼmuriy qamoq eng koʻpi oʻttiz sutkadan oshmasligi lozim.
Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu jazo turi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi[4] 242-moddasiga[5] asoslanib qoʻllanadi. Bu jazo turini qoʻllashdan asosiy maqsad gumon qilinuvchi, ayblanuvchi,sudlanuvchini ushlab turish nazarda tutiladi yaʼni ularni sodir etgan jinoyati tufayli yashirinib olish ehtimolidan bartaraf etadi. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishda shaxs Jinoyat kodeksidagi belgilab qoʻyilgan jinoyatlarni sodir etganligi inobatga olinadi. Masalan, shaxs badanga ogʻir shikast yetkazganligi tufayli Jinoyat kodeksining 104-moddasiga[6] binoan javobgarlikka tortilishi lozim. Ayblanuvchi jinoyat sodir etib boʻlgach, yashirinib olishi mumkin. Jinoyat ishi hal qilinishini qiyinlashtirmaslik uchun ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinadi. Biroq mazkur jazo turi Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining moddalarini buzganligi uchun qoʻllanilmaydi. Chunki ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish jinoyat sodir bo'lganda, sudning hukmi chiqqunga qadar bo'lgan bosqichlarning bir qismi hisoblandi. Maʼmuriy qamoqqa olish esa faqat maʼmuriy huquqbuzarlik (masalan,jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, transport vositalarini mast holda boshqarish) sodir etilganda qoʻllanadi.
Ozodlikdan mahrum qilish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ozodlikdan mahrum qilish jazosi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi[7] 50-moddasida jazoni qay tariqa qoʻllanishi koʻrsatilgan. Ushbu jazo turiga quyidagicha taʼrif berilgan: Ozodlikdan mahrum qilish mahkumni jamiyatdan ajratib jazoni ijro etish koloniyasi yoki turmaga joylashtirishdan iboratdir. Jamiytadan ajragan holda jazoni ijro etishni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi[8] bilan tartibga solinadi. Demak, ushbu jazo turi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini buzgan shaxslarga nisbatan qoʻllanadi. Ozodlikdan mahrum qilish Oʻzbekiston Respublikasi hududida bir oydan yigirma yilgacha muddatga belgilanadi. Biroq odam o'ldirish (Jinoyat kodeksi 97-modda) va terrorizm (Jinoyat kodeksi 155-modda)[9] jinoyati uchun yigirma besh yilgacha belgilanishi mumkin. Ozodlikdan mahrum qilish Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining moddalarini buzganligi uchun qoʻllanilmaydi. Chunki bu jazo turi faqat Jinoyat kodeksining moddalariga asoslanib qoʻllanadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi“. lex.uz (1-aprel 1995-yil). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.
- ↑ „Ma’muriy qamoqqa olish“. lex.uz (12-yanvar 2021-yil). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.
- ↑ „Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish“. lex.uz (2019-yil 3-dekabr). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi“. lex.uz (1-aprel 1995-yil). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.
- ↑ „Qamoqqa olish“. lex.uz (29-mart 2017-yil). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.
- ↑ „Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish“. lex.uz (11-aprel 2023-yil). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.
- ↑ „O'zbeksiton Respublikasi Jinoyat kodeksi“. lex.uz (1-aprel 1995-yil). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.
- ↑ „Jinoyat-ijroiya kodeksi“. lex.uz (1-oktyabr 1997-yil). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.
- ↑ „Ozodlikdan mahrum qilish“. lex.uz (29-mart 2017-yil). Qaraldi: 2-iyun 2024-yil.