Kontent qismiga oʻtish

Madaniy landshaft

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Madaniy landshaft — muayyan maqsad bilan (biologik hosilni oshirish; rekreatsiya, aholi turar joylarini bunyod etish va hokazo) ilmiy asosda va insonlar manfaatini koʻzlab oqilona oʻzgartirilgan landshaftlar. Madaniy landshaftda unumdorlik, iqtisodiy samaradorlik eng yuqori, kishilar hayoti uchun zarur sharoit qulay, tabiiy muhit soglom va goʻzal boʻlishi kerak. Madaniy landshaftga choʻl oʻrtasida bunyod etilgan vohalar, zaytun, choy, banan, sitrus plantatsiyalari, qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari ekiladigan dalalar, oʻrmonlar oʻrnida barpo qilingan pichanzor, yaylov, bogʻ, koʻchatzor, oʻrmonzor park va boshqa misol boʻla oladi. Madaniy landshaftning oʻzgarishi, tabiatning rivojlanishi va unga inson tomonidan kiritiladigan oʻzgartirishlar oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar bilan tavsiflanadi. Har bir landshaft kabi Madaniy landshaft mahsuldorlik xususiyatiga ega. Mahsuldorlik esa Madaniy landshaftning tabiiy xususiyatlari va insonning oʻzgartiruvchi harakatiga bogʻliq. Madaniy landshaftda relyef morfostrukturasi belgilari, geologik tuzilishi, tabiiy iqlimning asosiy xususiyatlari saqlanadi va u zonallik hamda azonallikning taʼsirida boʻladi. Madaniy landshaftni ongli ravishda tuzish nafaqat landshaft komponentlari, balki uning morfologik tarkibiy qismlari (maskan, fatsiya) orasidagi bogʻliqlikni oʻrganishga asoslanadi. Madaniy landshaft birinchi navbatda nomaqbul tabiiy jarayonlarning oldini olish, inson hayoti uchun sogʻlom muhitni yaratish, hududni oqilona tashkil qilish (tabiiy landshaftning muhofaza qilinayotgan elementlari — qishloq xoʻjaligi yerlari, turar joy massivlari, sanoat korxonalari va hokazo orasidagi ilmiy jihatdan asoslangan nisbat)ni koʻzda tutadi. Landshaftshunoslikning muhim vazifasi uning turi, oʻzgarishi va mahsuldorligini oshirish yoʻllarini oʻrganishdan iboratdir. Bu yoʻnalishda landshaftshunoslik qishloq xoʻjaligi bilan birikadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil