Kontent qismiga oʻtish

Maddohlik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Maddohlik (arab, madh —maqtov, taʼrif) — 1) musulmon xalqlarida tarqalgan anʼanaviy aytim yoʻllaridan. Mavzu jihatidan asosan Muhammad (sav), Hazrati Alining hayoti, koʻrgankechirganlari, yurish-turish va feʼlatvorlari haqida badiha tarzida yaratilgan diniy bayt, gʻazal, hikoyatlardan iborat boʻlgan. M. yoʻllarini 2— 3 kishidan iborat maddohlar guruhi bayram sayillar (Ramazon hayit va boshqa kunlari)da, bozor maydonlarida keng xalq ommasini jalb etib ijro etishgan. Aruz vaznlarida bitilgan sheʼrlarni, odatda, baland pardalarda, musiqa cholgʻu asboblari joʻrisiz, muayyan rivojlanish qoidalariga asoslangan nutqdosh (rechitativ) ohanglarda ravon va ifodali (qiroat bilan) oʻqish — M.ning asosiy musiqiy hislatlaridandir. M. yoʻllari butun Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan diniy aytim yoʻllardan boʻlib, uning, ayniqsa, Buxoro shahri va uning atrofi (mas, Gʻijduvon) ijrochilik maktablari mashhur boʻlgan (Buxoroda 20-asrning 1-choragida ham "Maddoh" mahallasi boʻlgan). M. yoʻllari Oʻzbekistonda 1950-yillargacha saqlanib qolgan; 2) biror shaxsni, gʻoya, mafkura, tartibotni oʻrinsiz tarzda oʻta maqtash.