Kontent qismiga oʻtish

Mahalliy sanoat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mahalliy sanoat - mahalliy xomashyo resurslaridan mahalliy ehtiyojlarni qondirishga moʻljallangan xalq isteʼmol mollari ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari majmui. Uning tarkibida qora metallurgiya, kimyo va neft kimyosi, mashinasozlik va metallga ishlov berish, yogʻochni qayta ishlash sanoati, mebel sanoati, qurilish materiallari, shisha va chinni-fayans, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati korxonalari, xalq hunarmandchiligining zardoʻzlik, tikuvchilik, toʻquvchilik, pichoqchilik, badiiy kashtachilik (soʻzana, gulkoʻrpa, choyshab, zardevol, palak, kirpech), doʻppidoʻzlik, oʻymakorlik, miskarlik, zargarlik, kandakorlik, rixtagarlik, kulollik, milliy cholgʻu asboblari yasash, kosibchilik va boshqa tarmoqlari kiradi. Odatda, turli kichik ishlab chiqarish korxonalarini, ayniqsa, kichik shaharlar va yirik qishloqlarda tashkil etish bilan Mahalliy sanoat sanoat markazlaridan uzoqda joylashgan hududlarda sanoat ishlab chiqarishni rivojlantiradi, xunarmandlar, ishsizlar, mahalliy aholini, pensionerlarni va boshqa mehnat qobiliyati cheklangan aholi toifalarini unumli mehnatga jalb etadi, mahsulot chiqarish uchun chetdan keltiriladigan xomashyo bilan birga mahalliy xomashyo resurslari, materiallar, sanoat va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi chiqindilarini ishlatadi.

Mahalliy sanoat xilma-xil isteʼmol tovarlari va sanoat maqsadlaridagi mahsulotlar ishlab chiqaradi. Oʻzbekistonda Mahalliy sanoat 20-asr boshlaridan hunarmandlar va kosiblar shirkatlari koʻrinishida shakllandi. 1934—1992-yillarda Respublika Mahalliy sanoat vazirligi (1994—1997-yillarda „Mahalliy sanoat“ davlat korporatsiyasi) ishladi. Shahar va shaharchalarda katta kichik xususiy hamda jamoa korxonalari, qoʻshma korxonalar, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyat koʻrsatadi. Mahalliy sanoat korxonalarida 280 dan koʻproq nomda madaniy, maishiy, xoʻjalik mollari ishlab chiqariladi.

Tarmoqdagi yirik korxonalar — Shahrixon, Kosonsoy va Urgut shoyi toʻqish, Bekoboddagi „Metallist“, Chustdagi milliy pichoqlar zavodlari, Toshkent, Andijon va Shahrisabz badiiy buyumlar fabrikalari, Buxoro „Zardoʻz“, Toshkent „Yodgorlik“, Rishton, Shahrisabz kulolchilik aksiyadorlik jamiyatlari, termos ishlab chiqaruvchi Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi va boshqa

Milliy kashtachilik buyumlari 8 ta ixtisoslashgan korxonalarda ishlab chiqariladi, ularning eng yiriklari — Toshkent, Andijon, Chuyet, Namangan va Qashqadaryo badiiy buyumlar fabrikalaridir. Milliy gazlama (Margʻilon, Oltiariqda qoʻlda toʻqilgan xonatlaslar, Kitobda beqasam) ishlab chiqariladi. Gilam toʻqish mahalliy hunarmandchilikning eng rivojlangan va keng yoyilgan tarmoqlaridan biridir. Qoʻlda toʻqilgan gilam va paloslarda mahalliy uslub va badiiy uslublar saqlanib kelmoqda. Chuyet badiiy buyumlar fabrikasi va Toshkent kasanachilik fabrikalari uyda ishlaydigan ishchilardan foydalanishga ixtisoslashgan. Tarmoqda nodir metallar, toshlar va sintetik materiallar (sunʼiy kristallar) asosida mahsulotlar ishlab chiqaradigan „Fonon“ ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent shahridagi bir necha zargarlik korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Tarmoq mahsulotlarining muayyan qismi eksport qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 15-avgustdagi „Mahalliy sanoatni boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisida“ farmoniga koʻra,Mahalliy sanoatni boshqarishni yanada takomillashtirish, xususiylashtirishni chuqurlashtirish, raqobatchilik muhitini vujudga keltirish va boshqa maqsadlarida Respublika viloyatlari va Toshkent shahrida „Mahalliy sanoat“ hududiy ishlab chiqarish savdo aksiyadorlik kompaniyalari tashkil etildi (yana q. Badiiy sanoat).

Nuriddin Musayev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil