Mahdumi Xorazm mahallasi
Mahdumi Xorazm | |
---|---|
Mahalla | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
{{{mintaqa_turi}}} | Samarqand |
Mahdumi Xorazm mahallasi – Samarqand shahri hududida joylashgan qadimiy mahalla.
Mahdumi Xorazm mahallasi XV-XVI asrlarda tashkil topgan. Uning nomi shu mintaqada yashagan tasavvuf tariqatining buyuk namoyandasi, Ahmad Yassaviy taʼlimotining davomchisi boʻlgan Mahdumi Xorazm nomi bilan bogʻliq. Mahdumi Xorazm islom olamida salmoqli oʻrin egallaydi. Uning qarashlariga oid talaygina diniy va tarixiy manbalar mavjud. Abu Tohirxoja Samarqandiyning „Samariya“ asarida bu ulugʻ zotning xizmatlari Samarqandda yassaviya va naqshbandiya tariqatlarini rivojlantirishdagi roli bilan izohlanadi. Ushbu asarda keltirilishicha „Gʻori oshiqon“dagi soʻfiylik hujralari, muqaddas joylar va chillaxonada oʻtirishni istagan dindorlarga yaratilgan qulayliklar haqida soʻz boradi. Shuningdek, ushbu hududda Mavlono Darvish mozori ham mavjud boʻlib, Mavlono Darvishning Mahdumi Xorazm bilan ruhiy yaqinligi, mashhur „Hidoya“ asarining muallifi Burhoniddin Margʻinoniyning izdoshi ekanligi toʻgʻrisida dalillar keltirilgan[1]. Xoja Ahror Valiy ham Mavlono Darvishning qabrini ziyorat qilishga ishtiyoqi baland boʻlgan. Mahdumi Xorazm mahallasi shimol tomondan Qozi Kalon, sharqiy tomondan Yahudiylar mahallasi bilan, janubdan Qozi Gʻafur va gʻarbdan Urmitan (shahar arigʻi oldida) mahallalari bilan chegaradosh[2]. Mahallada, asosan, mix ishlab chiqaruvchi hunarmandlar va temirchilar yashaganlar. Mahdumi Xorazm mahallasi hududida Qozi Gʻafur madrasasi, masjid, hovuz, hujralar, savdo doʻkonlari, tahoratxona hamda karvonsaroylar mavjud. Mahallada Ulugʻbek madrasasining taniqli mudarrisi Mirjaloliddin, shoirlar Sipandiy, N.Pisandiy, naqqoshlar A.Latipov va Abduzohid va boshqa xalq ustalari istiqomat qilganlar[3].