Majoritar saylov tizimi
Majoritar saylov tizimi (fransuzcha majorite „koʻpchilik“ degan maʼnoni bildiradi) – vakillik organlariga saylovlarda ovoz berish natijasini aniqlash jarayonidir. Unda qonun bilan belgilangan koʻp ovozni olgan nomzod (yoki nomzodlar roʻyxati) muayyan okrug boʻyicha saylangan hisoblanadi. Hozirgi zamon konstitutsiyaviy huquqida nisbatan mutlaq va malakali koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimlari qoʻllanadi. Masalan, AQSh, Buyuk Britaniya, Hindiston, Meksika va boshqalarda. Mutlaq koʻpchilik ovoziga asoslangan m ajoritar tizimda berilgan va haqiqiy deb topilgan ovozlarning umumiy sonidan mutlaq (yoki oddiy) koʻp ovoz (yaʼni 50% +1 ta ovoz) olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Agar nomzodlardan birontasi ham yetarlicha ovoz olmasa, qayta ovoz berish oʻtkaziladi, bunda nomzodlar roʻyxatida nisbatan koʻp ovoz olgan 2 ta nomzod qoldiriladi. Baʼzan qayta ovoz berish urniga 2-tur ovoz berish oʻtkaziladi, buning natijalari boshqacha tizim boʻyicha aniqlanadi (masalan: Fransiyada Milliy Majlis – parlamentga saylovlarda mutlaq koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar tizim, 2-tur ovoz berishda esa nisbatan koʻpchilikning ovoziga asoslangan majoritar tizim qoʻllanadi). Nisbatan koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar tizim eng sodda tizim boʻlib, bunda nomzodlar orasidan oʻz raqiblarining har biriga nisbatan koʻp ovoz olgani saylangan hisoblanadi. Bu tizimda koʻpincha saylovchilarning qoʻllab quvvatlashiga ega boʻlmagan partiya parlamentda koʻp oʻringa ega boʻlishi mumkin. AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa bir qancha davlatlarda majoritar tizimning ana shunday shakli qoʻllanadi. Shuningdek, majoritar tizimning kamdan kam hollarda qoʻllanadigan yana bir turi malakali koʻpchilik ovoziga (umumiy ovozlarning 2/3, 3/4 maʼqullangan qismiga) asoslangan majoritar tizim ham mavjud (masalan: Chilida parlamentning quyi palatasi – Deputatlar palatasiga saylovlarda shunday tizim qoʻllanadi). Biroq, bunda faqat juda oz nomzodlar saylovchilarning 65% ovozini olishi mumkin boʻlganligi uchun, mandatlar, odatda, vakillikning proporsional tizimi boʻyicha taqsimlanadi. Har bir saylov okrugidan saylanadigan deputatlarning soniga qarab bir mandatli yoki koʻp mandatli majoritar saylov tizimlari boʻlishi mumkin. Bir mandatli majoritar tizimda bir okrugdan bir deputat saylanadi. Koʻp mandatli majoritar tizimda bir okrugdan bir necha deputat saylanadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Majoritar.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |