Kontent qismiga oʻtish

Majzub Namangoniy

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Majzub Namangoniy (taxallusi; asl ismi Abdulaziz) [18-asr 2-yarmi, Qarshi — 1849 (1857), Namangan] — shoir. Oʻzbek tasavvuf adabiyotining yirik namoyandalaridan biri. Buxoro madrasalarida tahsil koʻrgan. Shu yerda Xalifa Husayn Yangiqoʻrgʻoniydan tasavvuf taʼlimini olgan.

Majzub Namangoniy tasavvufda zikri jaxriya (oshkora zikr) yoʻlining oʻziga xos uslubini tatbiq etgan. Uning qalamiga mansub "Devon"ga kirgan "Soqiynoma" (181 sahifa) sufiylarning suhbatlarida maxsus maqom bilan oʻqilgan. Bu esa, oʻz navbatida, zikr vazifasini ham oʻtagan. Unga ergashuvchilarni majzubiylar deb atashgan. 19-asrda Turkistonda majzubxonlik keng tarqalgan. Majzub Namangoniy asarlari oʻz davrida va keyinchalik ham koʻplab qoʻlyozma manbalardan oʻrin olgan, toʻplamlar holida bir necha bor nashr etilgan va keng tarqalgan.

Majzub Namangoniyning oʻzbek va fors tillarida alo-hida-alohida "Devon"i boʻlib, ularning asosiy qismini gʻazal, muhammas, qasida, soqiynoma tashkil etadi. Bundan tashqari, Majzub Namangoniyning fors tilida yaratilgan "Tazkirai Majzub Namangoniy" nomli asari ham bor. Bu tazkira tasavvuf shayxlari va sufiyona istilohlar mazmuniga bagʻishlangan. "Devoni Majzub", "Tazkirai hazrati Majzub Namangoniy" asarlari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi (inv. №1018; 2662, 2125,2567, 1481).

  • Tazkirai Qayyumiy, [1kitob], T., 1998; Ostonaqulov I., Fargʻonalik valiylar, T., 2001.

Otabek Joʻraboyev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil