Kontent qismiga oʻtish

Mamluk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mamluk (arab. egalik qilinadigan kishi) – qul, sinonimi abd, tugʻma quldan farqli ravishda faqat qoʻlga kiritilgan qul. Qur’onda bir marta abd mamluk (16:75/77) shaklida uchraydi. Mamluklar deb harbiy qoʻshinda xizmat qiluvchi qul-jangchilar atalgan. Ular koʻpincha yuqori harbiy lavozimlarni egallab, bu bilan hatto ozodlikka ham erishganlar. 9-asrdan gʻulom (oʻsmir, qul-jangchi) soʻzining sinonimi sifatida, lekin odatda oq tanli gʻulomlarga nisbatan qoʻllangan; 12-13-asrlarda Mamluk atamasi Suriya va Misrda gʻulom istilohini siqib chiqargan. Ayyubiylarda xizmat qilgan Mamluk amirlari 1250 yilda Misrda hokimiyatni qoʻlga oldilar va Misr mamluk sultonligiga asos soldilar. 1250-1382 yillarda hukmronlik qilgan sultonlar Mamluklarning Bahriy sulolasiga mansub; Burjiy Mamluklari (1382-1517) oʻzaro qon-qarindoshlik rishtalari bilan bogʻlanmaganlar, ular guruhbozlik asosida birlashganlar. Butun mana shu davr mobaynida qullardan chiqqan sultonlar oʻz qoʻshinlarini Mamluklar – turklar va kavkazliklardan toʻldirganlar. Usmoniylar tomonidan Misr bosib olingach (1517-yil), Mamluklar mamlakatning harbiy mulkdor yuqori tabaqasi sifatida saqlanib qolgan; Istanbuldan tayinlanadigan podsho mamlakatni mamluk amirlaridan tashkil topgan kengash yordamida boshqargan. 1805 va 1811-yillarda turk lashkarboshisi, asli albanlardan boʻlgan Muhammad Ali Qohirada mamluklarning barcha rahbarlarini qirib tashlagan[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 285.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.