Kontent qismiga oʻtish

Mardikor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mardikor (forschada (مردکار) „mard“- „erkak“, „kor“-ish oʻzbek tilida „erkak ishchi“ degan maʼnoni beradi) – har qanday ishga oz pul evaziga yollanadigan kunlik ishchi. Bu atama tojik va oʻzbek tilida qoʻllanadi. O’zbekiston va Tojikistonda jismoniy mehnat bilan shugʻullanuvchi, kundalik ishlarga yollanadigan kishilarni „mardikor“ deb atashadi. Ular toʻplanadigan joylarni „mardikor bozor“ deb atashadi.

Qadimdan Farg’ona vodiysidagi vaqtinchalik ish bilan shugʻullanuvchilarni „mardikorlar“ deb atashgan. Oʻzbekiston tarixida mardikorlik haqida maʼlumotlar Rossiya imperiyasini Turkiston oʻlkasini mustamlaka qilgan davrlariga oid tarixiy sahifalarda qayd etilgan. Jumladan, Samarqand shahridagi davlat muzey-qoʻriqxonasi ilmiy arxivida 1916 yildagi mardikorlikka olishga qarshi gʻalayonlar guvohlari, Rossiyaning sovuq oʻlkalariga mardikorlikka olib ketilgan oʻzbekistonliklar haqida, bevosita ushbu voqealar ishtirokchilarining 1916-1917-yildagi Turkiston va Rossiya imperiyasidagi voqea va hodisalar, Peterburgdagi 1917-yilgi fevral inqilobi, oktyabr toʻntarishlari haqidagi xotiralari saqlanadi. Ushbu yodnomalar 1959-yilda Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya institutining katta ilmiy xodimi professor X.Tursunov tomonidan oʻsha vaqtda hayot boʻlgan qoʻzgʻolon qatnashchilarining xotiralariga tayanib yozib olingan.

"Sarmoya oʻsuligʻa qurilgʻan Rusiya hokimiyati mardikor, olishda ham „tenglik“ degan narsani bilgusi kelmadi. Mardikdr olish qonuni boʻyincha har bir oʻzigʻa qudratli kishi (boy, savdogarlar) boshqalarni yollashqa haqli edi. Ishning ogʻiri, „vatanga xizmatning“ zoʻri yana kambagʻallar ustiga tushdi. Boylar va boy bolalari „vatan xizmatidan“ ozod qilindilar.

Mamlakat kattalari oʻz maslahatlarida (bu Toshkent oʻlchovida. Boshqa joyda ham shu yoʻl bilan mardikor olingʻan edi) bir oilada uch erkak kishi boʻladirgʻan boʻlsa, shulardan biri birinchi navbatda borsin va bormaydirgʻon boʻlsa, oʻrnigʻa ikkinchi kishini yollab yuborsin, degan qarorgʻa keladilar, boylar va ularning dumlari, ulamolarning bu yoʻlda qilgʻan qarorlarts qogʻozdagina qoladi.

Odam yollab yuborilmaydirgʻon kambagʻal oilalar, boylargʻa yollanib ularning bolalari oʻrnigʻa mardikorchilikka borishgʻa majbur boʻladirlar. Mahallama-mahalla odam yollash, nega sen bormaysen-u, men boramen, degan janjallar, odam sotib olish bahosi koʻtarila boshlaydi. Hatto odam yollash ishida foyda qilgʻan, yaxshilab pul ishlab olgʻanlar ham boʻldi." ("Mardiokor)

Sovet davrida amalda „mardikor“ soʻzi keng qoʻllanilmagan boʻlsada, lekin Oʻzbekistonning poytaxti Toshkent shahrida, masalan, Chorsu bozori yonida „mardikor“ bozor norasmiy ravishda faoliyat koʻrsatib kelgan. Oʻzbekistonning boshqa hududlaridan Toshkent shahriga tahsil olish uchun kelgan ayrim talabalar ham qoʻshimcha daromad olish maqsadida mardikor bozoriga chiqishganligini xotiralaydilar.

Sovetlar paytida deyarli amalda uncha koʻp qoʻllanilmagan „mardikor“ atamasidan bugungi Tojikiston va Oʻzbekiston hududlarida keng foydalanilmoqda. Sovet Ittifoqi parchalanib ketgach, ilgari davlatga qarashli boʻlgan yirik korxona va tashkilotlar, kolxoz va sovxozlar tugatilib ketgach, juda ham ulkan ishsizlar armiyasi yuzaga keldi. Oqibatda aholi zich joylashgan hududlarda, koʻproq shahar va tuman markazlarida norasmiy „mardkiorlar bozori“ shakllanib qoldi.

Zamonaviy mardikorlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Keyinchalik, Oʻzbekistonda mardikorlar faoliyatini xuquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida, „Vaqtinchalik ish bilan taʼminlash markazi“ sifatida mardikorlar toʻplanadigan bozorlar negizida tashkil etila boshlandi. Bu markazlar faoliyatini tashkil etish mahalliy hokimiyat idorlari tomonidan amalga oshirilgan boʻlsada, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga nazorat qilib borildi. Markazning faoliyati naqadar samarali ekanligini keyinchalik mardikorlarning u yerga oʻz istak-hoxishlari bilan qanchalik koʻp murojaat qilganligi orqali baholash mumkin boʻldi. Masalan, Toshkent shahridagi bunday markazlar faoliyati mardkiorlarni vaqtinchalik roʻyxatga olish uchun foydasi boʻlgani uchun roʻyxatga olishda qoʻl keldi. Chunki, Toshkent shahrida „propiska“siz yurish maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqarishi va buning uchun ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan istalgan payti mardikorning pasporti tekshirilib, propiskasi boʻlmasa jarimaga tortilishi, hatto 15 sutkalik qamoqqa olish chorasi ham qoʻllanib kelinadi.

Mardikor ayollar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garchi „mardikor“ soʻzi erkak ishchilarga nisbatan qoʻllanadigan atama boʻlsada, ohirgi yillarda Oʻzbekiston va Tojikistonda ayollar orasida ham ishsizlik koʻrsatkichlarining ortib borishi natijasida „ayollar mardikor bozori“ shakllanib qoldi. Keyinchalik „mardikor ayol“ degan atama ham ommalashib ketdi.

Mardikor ayollar koʻpincha aholi tomonidan yoki xususiy korxonalar tomonidan, asosan bino va inshaotlarni tozalash, mahsulotlarni qadoqlash, saralash, qishloq xoʻjaligi ishlarida hosilni yigʻib-terib olish kabi jismoniy kuch talab etadigan ishlarga yollanib kelinadi. Ayollar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan tayyorlangan hisobotlarda mardikor ayollar orasida turli jismoniy zoʻravonlik va ruhiy bosimlarga, kamsitilishlarga duch kelganlar tez-tez uchrab turishi qayd etib kelinadi. Ayrimlari jinsiy eksplutatsiya va odam savdosi qurbonlariga aylanib qolish xolatlari ham kuzatilib turadi. Mardikor ayollar orasida yoshi jihatida keksa boʻlmagan, erkaklarda jinsiy mayillikni uygʻotadigan darajadagi xotin-qizlarni yollovchilar tomonidan fohishalik xizmatini koʻrsatish boʻyicha takliflar bildirgani haqida mardikor ayollar hikoyalari mavjud. Gohida fohishalikka rozi boʻlmagan, koʻrinishadan chiroyliroq boʻlgan xotin-qizlarga nisbatan nomusiga tegajonlik qilish va tajovuz qilish xolatlari ham qayd etib turiladi.

Mardikorlar migratsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Tojikistondagi erkak va ayol mardikorlar orasida mehnat migratsiyasi koʻp kuzatib kelinmoqda. Viza tartiblari oʻrnatilmagan, yashash sharoiti mardikorlar yashayotgan mamlakatga nisbatan yaxshiroq boʻlgan va mehnati uchun oladigan ish haqi nisbatan kattaroq boʻlgan chet mamlakatlarga mardkiorlar migratsiyasi rasmiy va norasmiy ravishda amalga oshirilishi koʻp kuzatilmoqda. Oʻzbekiston va Tojikiston mardikorlari migratsiyasi koʻproq viza tartib oʻrnatilmagan Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya kabi mamlakatlarga koʻpincha norasmiy yoʻllar orqali kuzatilsa, viza tartibi oʻrnatilgan Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga rasmiy yoʻllar bilan ishga yollanishi kuzatilmoqda. Erkak mardikor migrantlar turli koʻrinishdagi ogʻir qoʻl mehnati talab etadigan- qurilish, yuk tashish, qishloq xoʻjaligi kabi ishlarga yollanishsa, xorijda mardikor ayol migrantlar asosan enagalik, farroshlik kabi ishlarga yollanib kelishadi. Shuningdek, ayollar orasida fohishalikka yollangan xolatlar tez-tez uchrab turibdi. Gohida ular orasida odam savdosi qurbonlari borligi koʻp kuzatilgan.

Mardikorlar ekspluatatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mardikorlarni ishga yollash eng oddiy va sodda ogʻzaki kelishuv yoʻli bilan amalga oshiriladi. Mardikorlar bilan rasmiy mehnat shartnomalari tuzilmaganligi bois, koʻpincha yollangan taraf bilan ziddiyatlar yuzaga kelib turadi. Oqibatda mardikorlikka yollanganlarni xaq-huquqlarini himoya qilish uchun asoslar yetarli boʻlmagani uchun, huquq himoyachilari uchun ularni ishini olib borish murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Bu esa keyinchalik jamiyatda ularga nisbatan adolatsizlik qilinadi degan tushunchalar paydo boʻlishiga olib keladi. Oʻz navbatida, oʻrtada turib mardikorlarni ish beruvchilarga sotib yuborish xolatlari ham sodir etilganligi bois, natijada mardikorlar zamonaviy qul sifatida odam savdosi qurboniga aylanib qolishadi.

Xavfsiz migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashuvchi turli tashkilotlar bugungi kunda faoliyat olib borayotgan boʻlsada, mardikorlikka yollanayotganlar orasida oʻz xaq-huquqini bilmaydigan, past darajadagi bilimga ega, gohida savodsiz insonlar koʻpchilikni tashkil etadi. Mutasaddi tashkilotlar bugun manashu muammoni yechimi yuzasidan turli ijtimoiy ahamiyatdagi loyihalarni amalga oshirib kelishadi.